بسم الله الرحمن الرحيم
Oila, nikoh va taloqqa oid shar’iy hukmlar
Alloh taolo borliqdagi barcha mavjudotni juft-juft qilib yaratgani kabi, inson naslini ham o‘z jufti bilan yaratgan. Bundan ko‘zlangan murod – har ikki jinsning birgalikda turmush qurishi, zurriyot qoldirishi, birgalikda hayot kechirishini ta’minlashdir.
Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biridir. Chunki aynan nikoh bitimi tufayli boshqa-boshqa xonadonda, butunlay boshqa sharoitda katta bo‘lib, voyaga yetgan ikki yosh bir oila bo‘lib yashay boshlaydi.
Payg‘ambar alayhissalom ko‘plab hadisi shariflarida nikohlanishga targ‘ib qilib, shunday deganlar:
" يَا مَعْشَرَ الشَّبَابِ مَنْ اسْتَطَاعَ منكُم الْبَاءَةَ فَلْيَتَزَوَّجْ ، فَإِنَّهُ أَغَضُّ لِلْبَصَرِ ، وَأَحْصَنُ لِلْفَرْجِ ، وَمَنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَعَلَيْهِ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَهُ وِجَاءٌ "
(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ey, yoshlar jamoasi sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani tutsin, bu uning uchun (haromdan) saqlanishidir" (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Nikohdan oldin sovchilik qilish ham – sunnatdir. Sovchilikdan maqsad – qizning xohishini, shuningdek, ota-onasining fikrini, nikohga roziligini yo noroziligini bilishdir. Nikohdan oldin qiz va oila a’zolarining roziligi lozim. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarning o‘zlari ijozat bermaganida ularni nikohlashdan qaytarib, shunday marhamat qilganlar:
"لا تُنْكَحُ الأيِّمُ حَتَّى تُسْتأمَرَ، وَلاَ تُنْكَحُ الْبِكْرُ حَتَّى تُسْتَأْذَنَ، قالوا يَا رَسُولَ اللهِ وَكَيْفَ إذْنُهَا؟ قال: "أَنْ تَسْكُتَ"
(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ وَالإمَامُ مُسْلِمٌ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Bevani u bilan maslahatlashmasdan nikoh qilinmaydi. Qizning roziligi olinmasdan nikoh qilinmaydi”. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, qizning roziligi qanday bo‘ladi?” – deb so‘rashdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sukut saqlashi”, – deb javob qildilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, ota-onalarning yosh kelin-kuyovlarga oilaviy turmush haqida pand-nasihat qilishlari, o‘z hayotiy tajribalarini so‘zlashlari odat tusiga kirgan. Bu ham aslida avvalgi ulug‘larimizning go‘zal odatlaridan hisoblanadi. Buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sahobalari yangi kelinlarga erining hurmatini va xizmatini qilishga buyurishar edi”, – deganlar.
Muhtaram jamoat! Nikoh va oilaga aloqador bo‘lgan yana bir muhim shar’iy masala – taloq masalasi ham borki, bugungi kunda yoshlarimiz ushbu nozik masalaga yengil qaramoqdalar. Bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga nisbatan “taloq” lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. “Taloq” so‘zi aytilganda shar’iy nikoh fosid bo‘lib, er-xotin bir-biriga harom bo‘lib qoladi. Taloq – oxirgi chora sifatida joriy qilingan bo‘lib, Alloh taologa xush kelmasligi hadislarda vorid bo‘lgan. Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:
"أَبْغَضُ الْحَلاَلِ إِلَى اللهِ الطَّلاَقُ"
(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإمَامُ ابْنُ مَاجَه عَنْ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Halol narsalar ichida Alloh uchun eng noxush narsa – taloqdir” (Imom Abu Dovud va Imom Moja rivoyati).
Ba’zi erlar o‘zlari va oilalariga baxtsizlik va kulfatdan boshqa narsa keltirmaydigan qiyinchilik va mushkulot yo‘lini tutib, shariat hukmlariga xilof tarzda “taloq” so‘zini ko‘p va bo‘rttirib qo‘llash holatlari avj olmoqda. Aslida bu – ulkan ma’siyat va haddan oshishdir. Mahmud ibn Labid raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:
" أُخْبِرَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ اِمْرَأَتَهُ ثَلَاثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا، فَقَامَ غَضْبَانَ ثُمَّ قَالَ: "أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اَللَّهِ تَعَالَى، وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ"
حَتَّى قَامَ رَجُلٌ ، فَقَالَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ أَلَا أَقْتُلُهُ"
(رَوَاهُ الإمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ مَحْمُودِ بْنِ لَبِيدٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga xotinini uchta taloqni jamlab taloq qilgan kishi haqida xabar berildi. U Zot g‘azabnok holda o‘rnilaridan turib: “Men oldilaringizda bo‘lsam-u, Alloh taoloning Kitobi bilan o‘ynashiladimi?!”, – dedilar. (U Zotning qattiq g‘azablanganlaridan) hatto bir kishi o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh, uni o‘ldiraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).
Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan ayolni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur. Ko‘pgina yoshlar “Nega xotingizni taloq qildingiz?” degan savolga “Bilmay yoki hazillashib shunday qilib qo‘yibman” degan javobni berishadi. Vaholanki, shariatni bilmaslik hech kimni mas’uliyatdan xalos qilmaydi. Zero, ilm olish – barcha musulmonlarga farzdir. Xuddi shu kabi bilmasdan yohud hazil tariqasida aytsa ham, taloq tushadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu borada shunday deganlar:
"ثَلَاثٌ جِدُّهُنَّ جِدٌّ، وَهَزْلُهُنَّ جِدٌّ: النِّكَاحُ، وَالطَّلَاقُ، وَالرَّجْعَةُ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُد وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَه وَالإِمَامُ الْحَاكِم عَنْ أبي هُرَيْرَة رضي الله عنه)
ya’ni: “Uch narsaning jiddiysi ham – jiddiy, hazili ham – jiddiy: taloq, nikoh va raj’at (ya’ni raj’iy taloqda ayolga qaytish)”, – deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).
Tilga erk berib, noo‘rin taloq so‘zini aytgan yoxud unda haddidan oshib, bir lafzda “uch taloq”, “ming taloq” yohud “qum taloq” kabi iboralar ila xotiniga taloq qilgan kishi ulkan gunohni amalga oshirgan, Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lib, shaytonni xursand qilgan bo‘ladi.
Rivoyatlarda kelishicha, sahoba Ubboda ibn Somit raziyallohu anhuning otasi ayolini “ming taloq” qiladi. Ubboda shoshib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, U Zotdan buning hukmini so‘raydi. Shunda Sarvari koinot shunday javob berganlar:
" بَانَتْ بِثَلَاثٍ فِي مَعْصِيَةِ اللَّهِ تَعَالَى ، وَبَقِيَ تِسْعُمِائَةٍ وَسَبْعٌ وَتِسْعُونَ عُدْوَانًا وَظُلْمًا،
إنْ شَاءَ عَذَّبَهُ اللَّهُ وَإِنْ شَاءَ غَفَرَ لَهُ "
(رَوَاهُ الإمَامُ عَبْدُ الرَّزَّاقِ فِي مُصَنَّفِهِ)
ya’ni: “Allohga osiylik bilan (xotiniga) “uch taloq” tushibdi. (Ming taloqdan) to‘qqiz yuz to‘qson yettitasi haddan oshish va zulm bo‘libdi. Alloh xohlasa – azoblaydi, xohlasa – uni kechiradi” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf”da rivoyat qilgan).
Ayrimlar esa xotinini taloq qilishi bilan uni ota uyiga jo‘natib yuboradi. Shariatga ko‘ra, taloq qilingan ayol erning uyidan chiqib ketib, boshqa uyda yashashi mumkin emas. Har qanday iddadagi xotin iddasini erining uyida o‘tkazishi – vojibdir.
Muhtaram jamoat! Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda taloq va ajrimlarning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo‘lib qolmoqdalar. Ba’zi holatlarda ota-onalar yoshlarning hayotiga aralashib, o‘zlari bilib yoki bilmagan holda ularning oilaviy hayotlarini buzishgacha borishmoqda. Bunday noo‘rin aralashuv ayniqsa to‘ydan oldin yuzaga chiqishi ham ko‘p kuzatiladi. Sovchilik va unashtiruv paytidagi bid’at va xurofotdan iborat bo‘lgan “oldi-berdi”lardan janjal chiqadi. Qiz tarafga shariatga tamoman xilof ravishda turli shartlar qo‘yiladi va “soliq”lar solinadi. Kelin tarafga esa mazkur bo‘sh xonalarni mebel va jihozlar bilan to‘ldirib berish majburiyati yuklanadi.
Shariatimizga ko‘ra, har qanday oilaviy kelishmovchilik va mojarolarni tinch yo‘l bilan, oqilona hal etishga harakat qilinadi. Bunda oilada ayniqsa erdan bosiqlik va hikmat bilan ish ko‘rish talab etiladi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning “Niso” surasida aynan erlarga xitob qilib:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
(سُورَةُ النِّسَاءِ/ الأيةُ 19)
ya’ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”, – degan (19-oyat).
Shu sabab er xotinini arzimas sababli urishi u yoqda tursin, ranjitishi ham Qur’oni karimning mazkur ta’limotiga ziddir! Besh qo‘l ham barobar emas. Hayotda ba’zi ayollar haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Bunday paytda er oilada o‘z mavqeini saqlashi, xotinini taloq bilan qo‘rqitishga urinmasligi, balki tartibga chaqirishida Islom dini ko‘rsatmasiga muvofiq yo‘l tutishi kerak. Alloh taolo Niso surasinig 34-oyatida shunday degan:
وَاللَّاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا
(سورة النساء/ الأية 34)
ya’ni: "... Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir" (Niso surasi, 34-oyat).
Ushbu oyati karimada ayollarni itoatsizlik holatida tarbiyalash yo‘li ta’lim berilmoqda. Bunda er uch bosqichda ayoliga tarbiya berishi kerak. Birini amalga oshirmay, navbatdagisini bajarishi mumkin emas. Bunda er sabr-matonat bilan, avvalo o‘zi hayotiy namuna bo‘lib, uzoq muddat nasihat qilishda bardavom bo‘ladi.
Er va xotin orasini isloh qilish uchun ikki tarafdan aqlli, tajribali, turmushning past-balandidan xabardor, Allohdan qo‘rqadigan, adolatli hukm chiqarishga harakat qiladigan kishilar bo‘lishlari kerak. Shuningdek, isloh qilguvchi shaxslar er xotinsiz, xotin ersiz yashashi oson emasligini avvalo o‘zlari anglab yetishlari va mana shu narsani “ajrashaman” deb turgan er-xotinga tushuntira olishlari lozimdir.
Alloh taolo barchalarimizni hayotning barcha jabhalari qatori nikoh va taloq masalasida ham Qur’oni karim va sunnati nabaviya talablari asosida hayot kechirishimizni nasib aylasin! Farzandlarimizning baxt-saodati yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, ularga hayotiy tajribalarimizni erinmay o‘rgatadigan ota-onalardan bo‘lishga muvaffaq qilsin! Omin! Yo Robbal olamin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT – DINIMIZ SHIORI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati