Mana muborak ramazon oyi ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Bir oy davomida mehmon kabi tashrif buyurgan bu ulug‘ oy barcha uchun sakinat, mag‘firat, rahmat, qurbat, shifo bo‘lishi bilan bir qatorda ta’lim-tarbiya oyi ham bo‘ldi, inshaalloh!
Agar e’tibor qilsak, yilning hech qaysi oyida bunchalik ko‘p va uzun ro‘za tuta olmaymiz. Ramazon bizni sabr va ixlos bilan ro‘za tutishga o‘rgatadi. Bir oy davomida tutilgan ro‘zaning shirasi ketmay turib boshqa farz bo‘lmagan ro‘zalarni tutish ham hadisi shariflarda tavsiya etiladi. Quyida Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam biz ummatlarga tavsiya qilgan hamda o‘zlari tutib yurgan ro‘zalar, ularning hukmlari va darajalarini Imom Termiziyning rivoyatlari asosida bayon qilib o‘tamiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazon oyidan keyingi afzal ro‘za Allohning muharram oyidagi ro‘zadir”. (Hasan hadis)
Sharh: Muharram oyidagi ro‘za Ashuro kuni va undan boshqa kunlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu yerdagi fazilat juz’iy bo‘lib, uning fazilati Arafa kuni ro‘zasi fazilatiga zid kelmaydi.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam har oyning boshida (eng yaxshi kunida) uch kun ro‘za tutar edilar. Juma kuni kamdan-kam og‘izlari ochiq bo‘lar edi”. (Hasan hadis)
Abu Iyso aytadi: “Ahli ilmlar juma kuni ro‘zasini mustahab sanadilar. Uning makruhligi oldidan yo ortidan qo‘shib ro‘za tutmaslikdadir”.
Sharh: Payg‘ambarimiz alayhis salom har oyning avvalida, afzal kunida, oy ko‘ringanida ro‘za tutganlar. U har oyning “oq kunlari” - 13-14-15 kunlar deya ehtimol qilinadi.
Juma kuni ro‘za tutganlari esa oldidan yoki ortidan ro‘za bo‘lganlar deya ta’vil qilinadi. Juma kunining o‘zida ro‘zadan qaytariq ommaga qaratilgan bo‘lib, ushbu kunni hurmat qilishlari, ulug‘lashlari uchundir. Yana ibodat kunining o‘zida ro‘za tutuvchi yahudiylarga o‘xshab qolmaslikka targ‘ib bor. Boshqa hadisda yolg‘iz shu kunning o‘zida ro‘za tutishdan qaytarganlar. Shunday bo‘lsada, juma kuni o‘zida ro‘za tutib, oldidan va ortidan ro‘za tutmaslikning hech qisi yo‘q. Abu Hanifa rohimahulloh mutlaq juma kuni ro‘za tutish mubohdir, deganlar. Imom Shofe’iy makruh sanaganlar.
Abdulloh ibn Busr, u opasidan rivoyat qiladi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Shanba kuni ro‘za tutmang, illo sizlarga farz bo‘lgan ro‘za bo‘lsa mayli. Sizlardan birortangiz narsa topa olmasa uzumning po‘sti yoki daraxtning shoxini bo‘lsa ham chaynab yuborsin”. (Hasan hadis)
Sharh: farz bo‘lgan ro‘zadan murod ramazonning qazosi, kaffarot, nazr kabi ro‘zalar shu kunga to‘g‘ri kelsa, hech narsa bo‘lmaydi. Shanba kuni ro‘za tutish huddi jumaga o‘xshab yolg‘iz ro‘za tutishdan qaytariq singaridir. Oddiy narsani chaynab bo‘lsa ham og‘iz ochish ta’kidalanishining sababi – yahudiylar shanba kuninigina ulug‘laydilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam dushanba va payshanba ro‘zalarini tutib yurar edilar”. (Hasan-g‘arib hadis)
Sharh: dushanba va payshanba kunlari amallar tepaga ko‘tariladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bu ikki kun ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘rganlar. Oisha onamizdan keltirilgan boshqa hadisda Payg‘abarimiz har oydan olti kun; yakshanba, dushanba; boshqa oyda esa seshanba, chorshanba va payshanba ro‘za tutganlari aytilgan.
Sharh: Ramazondan keyingi ro‘za Shavvoldan olti kun, boshqa qovlga ko‘ra Sha’bon ro‘zasi iroda qilingan deyiladi. Shavvoldan olti kun, Chorshanba va payshanba ro‘zalarini ham tutib yursa, xuddi bir yil ro‘za tutgandek bo‘ladi.
Ibn Nujaym Misriy aytadi: “Mandub ro‘za har oydan uch kun, oq kunlarda ro‘za tutishdir”.
Hadisning ko‘rsatmasiga ko‘ra hisoblab chiqamiz:
Ramazon 30 kun + shavvoldan 6 kun + 11 oydan uch kun jami 33 kun, uni har bir amalga 10 savob qoidasiga ko‘ra 10 ga ko‘paytiramiz = 330 + 30 + 6 = 366. Demak, shu tarzda ro‘za tutib yurgan odam yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi, og‘zi ham ochiq yuradi.
Abu Iyso aytadi: “Ahli ilmlar arafa kuni ro‘zasini mustahab sanaganlar. Illo Arafa kuni Arafotda turganda ro‘za tutish bundan mustasno”.
Sharh: Navaviy “Sahihul Muslim”ning sharhida aytadilar: “Gunohlardan murod kichik gunohlardir. Agar kichik gunohlar bo‘lmasa, kabira gunohlar yengillatilishi umid qilinadi. Agar ular ham bo‘lmasa, darajasi ko‘tariladi”. Qozi Iyoz aytadi: Gunohi kabiralar tavba yoki Alloh rahmati bilan kechiriladi. Keyingi yildagi gunohdan murod o‘sha yili gunoh qilishdan saqlab qo‘yadi. Yoki o‘tgan va keyingi yildagi gunohlar evaziga savob va rahmat ato etadi, deb tushuniladi.
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam Arofatda og‘izlari ochiq edi, Ummu fazl sut jo‘natgan edi, uni ichdilar”. (Hasan-sahih hadis )
Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam bilan haj qildim, Arafa kuni ro‘za tutmadilar. Abu Bakr bilan ham haj qildim, u ham ro‘za tutmadi. Umar bilan haj qildim, u ham ro‘zani tutmadi”.
Ibn Umar men uni tutmayman ham, unga buyurmayman ham, undan qaytarmayman ham, deganlar.
Aksar ahli ilm Arafa kuni (haj paytida) ro‘za tutmay, kishi duo va ibodatga quvvatli bo‘lishi uchun og‘iz ochiq bo‘lganini mustahab sanaydilar. Ba’zi ahli ilmlar Arafotda arafa kuni ro‘za tutganlar.
Sharh: bu borada jumhurning mazhabi bu kunda og‘iz ochiq bo‘lgani mustahab amaldir. Ato aytadi: “Kim bu kuni zikr qilishga quvvatli bo‘lish uchun og‘zi ochiq bo‘lsa, ro‘zadorning savobini oladi”.
Ibn Umarning gaplaridan kelib chiqadiki, Arafotda og‘iz ochiq bo‘lishi mustahab, vojib emas. Kim xohlasa tutmasin, bu afzal. Kim xohlasa tutsin, joizdir.
Abu Qatoda rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kunining ro‘zasi, un Alloh taolo kelasi yilga kaffarot qilib yuboradi, deb hisoblayman”.
Sharh: Ashuro kuni Muharram oyining 10 kuni. Ashuro kun ro‘za tutish kelasi yilgi gunohlarga kafforot bo‘lsa, Arafa kunidagi ro‘za oldingi va keyingi yildagi gunohlarga kafforot bo‘ladi. Buning qanday farqi bor? Ashuro Muso alayhis salom shariati ro‘zas, Arafa Nabiy alayhis salom shariatiga xos ro‘zadir. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Arafa kuni ro‘zasi afzaldir.
Ashuro kuni ramazon farz bo‘lmasidan avval tutilgan ro‘za bo‘lgan. Ramazon farz bo‘lgach, u tark qilingan va uning mustahabligi saqlanib qolingan.
Boshqa rivoyatlarda Payg‘ambarimiz 10 kuni ro‘za tutganlari, kelasi yili Muharramga yetsalar, 9 kunni ham qo‘shib tutishni niyat qilganlari, ammo keyingi yilga yetmay vafot etganlari, yoki 10 kunni o‘zini tutmay, 9 kunni ham qo‘shib tutib, yahudiylarga xilof qilishga buyurganlar.
Xo‘sh, Ashuro qaysi kun? Qaysi kunlari ro‘za tutiladi? Bunga juda ko‘p fikrlar bildirilgan bo‘lib, shularning xulosasiga ko‘ra, Ashuro Muharramning 10 kuni, lug‘at jihatdan ham to‘g‘ri keladi. Arabcha عاشر- “a’shir” 10 ni ifodalaydi. Endi bu kunda ro‘za tutishga kelsak, Abdulhaq Dihlaviy “Al-Luma’at”da aytadilar: “Muharramda ro‘za tutishning uch darajasi bor: 1.O‘ninchi kun, undan oldin va keyingi kun ro‘za tutish – afzali shu. 2. To‘qqizinchi va o‘ninchi kuni ro‘za tutish. 3. O‘ninchining o‘zida ro‘za tutish”.
Oisha roziyallohu anhondan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamni o‘n kunlikda hecham ro‘za tutganlarini ko‘rmaganman”.
Sharh: 10 kunlikdan murod Zulhijja oyining avvalgi 9 kunligi. Unda ro‘za tutish makurh emas, balki kuchli mustahabdir, ayniqsa 9-kun. U Arafa kunidir.
Nabiy sallollohu alayhi vasallamning zulhijjaning 10 kunligida, ya’ni 9 kun ro‘za tutmaganlari, safar, kasallik yoxud boshqa oriziy sabablar bilan bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Oisha onamizning U zotni ro‘zador holda ko‘rmaganlari, Payg‘ambarimizning ro‘za tutmaganlarini belgilamaydi. Boshqa rivoyatlarda Abu Dovud boshqa onalarimizdan keltirishicha, Payg‘ambarimiz alayhis salom Zulhijjaning to‘qqizinchisi va Ashuroda ro‘za tutganlari aytilgan. “Ro‘za tutmaganlar” degan rivoyat ummatlariga farz bo‘lib qolishidan qo‘rqqanlar, deb ta’vil qilinadi.
Zulhijjaning 10 kunligida qilinadigan amallarning savobi yuqori. Hatto, Alloh yo‘lida jihod qilgandan ham ko‘ra Allohga sevimliroqdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda uning bir kunidagi ro‘za bir yilgi ro‘zaga, bir kechasidagi bedorlik qadr kechasidagi bedorlikka tenglashtirilgan.
10. Shavvoldan olti kun ro‘za tutish
Abu Ayyubdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutsa va Shavvoldan 6 kunni unga ergashtirsa, bu bir yillik ro‘za bo‘ladi”, dedilar.
Abu Iyso aytadi: shavvolda ham ro‘za tutish mustahabdir. Ibn Muborak 6 kunni oyning avvalgi kunlari deb bilganlar. Yana u kishidan rivoyat qilinishicha, 6 kunni alohida-alohida tutish joiz.
Sharh: Abu Hanifa nazdilarida bu kunlar ham mustahabdir. Asl aytilgan savobni olish uchun uni bo‘lib tutsa ham bo‘ladimi yoki ulash shartmi? deya ixtilof qilganlar. “Roddul muxtorda” Ibn Obidiyn keltirishlaricha, Abu Yusuf bo‘lib-bo‘lib tutishni ixtiyor qilganlar.
Savol: ramazon oyida qazosi bor odam avval qazoni tutadimi yoki shavvol ro‘zasini? Hadisda “Shavvoldan olti kun” deyilgan, avvalgi “olti kun” deyilmagan. Shunga ko‘ra, shavvolning istalgan 6 kuni ro‘za tutsa joiz. Qazo farz, shavvol ro‘zasi mustahabligini inobatga olsak, avval qazoni tutib, keyin istalgan olti kunda shavvol ro‘zasini tutsa bo‘ladi, vallohu a’lam!
Habibur Rohman Xoyrobodiyning
“Miskush shaziy sharh Jome’i Termiziy”
kitobidan Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim
yurti o‘qituvchisi Nilufar Saidaziz qizi tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.