Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Ramazon oyidan boshqa kunlarda ro‘za tutish va ularning hukmlari

08.06.2019   28255   12 min.
Ramazon oyidan boshqa kunlarda ro‘za tutish va ularning hukmlari

Mana muborak ramazon oyi ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Bir oy davomida mehmon kabi tashrif buyurgan bu ulug‘ oy barcha uchun sakinat, mag‘firat, rahmat, qurbat, shifo bo‘lishi bilan bir qatorda ta’lim-tarbiya oyi ham bo‘ldi, inshaalloh!

Agar e’tibor qilsak, yilning hech qaysi oyida bunchalik ko‘p va uzun ro‘za tuta olmaymiz. Ramazon bizni sabr va ixlos bilan ro‘za tutishga o‘rgatadi. Bir oy davomida tutilgan ro‘zaning shirasi ketmay turib boshqa farz bo‘lmagan ro‘zalarni tutish ham hadisi shariflarda tavsiya etiladi. Quyida Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam biz ummatlarga tavsiya qilgan hamda o‘zlari tutib yurgan ro‘zalar, ularning hukmlari va darajalarini Imom Termiziyning rivoyatlari asosida  bayon qilib o‘tamiz.

  1. Muharram oyida ro‘za tutish

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ramazon oyidan keyingi afzal ro‘za Allohning muharram oyidagi ro‘zadir”. (Hasan hadis)

Sharh: Muharram oyidagi ro‘za Ashuro kuni va undan boshqa kunlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu yerdagi fazilat juz’iy bo‘lib, uning fazilati Arafa kuni ro‘zasi fazilatiga zid kelmaydi.

  1. Juma kunida ro‘za tutish

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam har oyning boshida (eng yaxshi kunida) uch kun ro‘za tutar edilar. Juma kuni kamdan-kam og‘izlari ochiq bo‘lar edi”. (Hasan hadis)

Abu Iyso aytadi: “Ahli ilmlar juma kuni ro‘zasini mustahab sanadilar. Uning makruhligi oldidan yo ortidan qo‘shib ro‘za tutmaslikdadir”.

Sharh: Payg‘ambarimiz alayhis salom har oyning avvalida, afzal kunida, oy ko‘ringanida ro‘za tutganlar. U har oyning “oq kunlari” - 13-14-15 kunlar deya ehtimol qilinadi.

Juma kuni ro‘za tutganlari esa oldidan yoki ortidan ro‘za bo‘lganlar deya ta’vil qilinadi. Juma kunining o‘zida ro‘zadan qaytariq ommaga qaratilgan bo‘lib, ushbu kunni hurmat qilishlari, ulug‘lashlari uchundir. Yana ibodat kunining o‘zida ro‘za tutuvchi yahudiylarga o‘xshab qolmaslikka targ‘ib bor. Boshqa hadisda yolg‘iz shu kunning o‘zida ro‘za tutishdan qaytarganlar. Shunday bo‘lsada, juma kuni o‘zida ro‘za tutib, oldidan va ortidan ro‘za tutmaslikning hech qisi yo‘q. Abu Hanifa rohimahulloh mutlaq juma kuni ro‘za tutish mubohdir, deganlar. Imom Shofe’iy makruh sanaganlar.

  1. Shanba kuni ro‘za tutish

Abdulloh ibn Busr, u opasidan rivoyat qiladi: “Rosululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Shanba kuni ro‘za tutmang, illo sizlarga farz bo‘lgan ro‘za bo‘lsa mayli. Sizlardan birortangiz narsa topa olmasa uzumning po‘sti yoki daraxtning shoxini bo‘lsa ham chaynab yuborsin”. (Hasan hadis)

Sharh: farz bo‘lgan ro‘zadan murod ramazonning qazosi, kaffarot, nazr kabi ro‘zalar shu kunga to‘g‘ri kelsa, hech narsa bo‘lmaydi. Shanba kuni ro‘za tutish huddi jumaga o‘xshab yolg‘iz ro‘za tutishdan qaytariq singaridir. Oddiy narsani chaynab bo‘lsa ham og‘iz ochish ta’kidalanishining sababi – yahudiylar shanba kuninigina ulug‘laydilar.

  1. Dushanba va payshanba ro‘zasi

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam dushanba va payshanba ro‘zalarini tutib yurar edilar”. (Hasan-g‘arib hadis)

Sharh: dushanba va payshanba kunlari amallar tepaga ko‘tariladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam bu ikki kun ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘rganlar. Oisha onamizdan keltirilgan boshqa hadisda Payg‘abarimiz har oydan olti kun; yakshanba, dushanba; boshqa oyda esa seshanba, chorshanba va payshanba ro‘za tutganlari aytilgan.

  1. Ubaydulloh ibn Muslim Quroshiy otasidan, u kishi Payg‘ambarimiz alayhis salomdan yil bo‘yi ro‘za tutishni so‘radi. Shunda U zot: “Albatta, senda ahlingning ham haqqi bor. So‘ngra dedilar: “Ramazon ro‘zasini tut, keyin uning ortidan keladigani, har chorshanba va payshanba ro‘zasini. Shunda sen yil bo‘yi ro‘za tutgan bo‘lsan, og‘zing ochiq ham bo‘ladi”. (G‘arib hadis)

Sharh: Ramazondan keyingi ro‘za Shavvoldan olti kun, boshqa qovlga ko‘ra Sha’bon ro‘zasi iroda qilingan deyiladi. Shavvoldan olti kun, Chorshanba va payshanba ro‘zalarini ham tutib yursa, xuddi bir yil ro‘za tutgandek bo‘ladi.

Ibn Nujaym Misriy aytadi: “Mandub ro‘za har oydan uch kun, oq kunlarda ro‘za tutishdir”.

Hadisning ko‘rsatmasiga ko‘ra hisoblab chiqamiz:

Ramazon 30 kun + shavvoldan 6 kun + 11 oydan uch kun jami 33 kun, uni har bir amalga 10 savob qoidasiga ko‘ra 10 ga ko‘paytiramiz =  330 + 30 + 6 = 366. Demak, shu tarzda ro‘za tutib yurgan odam yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi, og‘zi ham ochiq yuradi.

  1. Abu Qatoda rivoyat qiladi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kunining ro‘zasi, uni Alloh o‘sha yildan avvalgi va keyingi yildagi gunohlarga kafforot qiladi, deb o‘ylayman”. (Hasan hadis)

Abu Iyso aytadi: “Ahli ilmlar arafa kuni ro‘zasini mustahab sanaganlar. Illo Arafa kuni Arafotda turganda ro‘za tutish bundan mustasno”.

Sharh: Navaviy “Sahihul Muslim”ning sharhida aytadilar: “Gunohlardan murod kichik gunohlardir. Agar kichik gunohlar bo‘lmasa, kabira gunohlar yengillatilishi umid qilinadi. Agar ular ham bo‘lmasa, darajasi ko‘tariladi”. Qozi Iyoz aytadi: Gunohi kabiralar tavba yoki Alloh rahmati bilan kechiriladi. Keyingi yildagi gunohdan murod o‘sha yili gunoh qilishdan saqlab qo‘yadi. Yoki o‘tgan va keyingi yildagi gunohlar evaziga savob va rahmat ato etadi, deb tushuniladi.

  1. Arofatda Arafa kuni ro‘za tutish

Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam Arofatda og‘izlari ochiq edi, Ummu fazl sut jo‘natgan edi, uni ichdilar”. (Hasan-sahih hadis )

Ibn Umardan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam bilan haj qildim, Arafa kuni ro‘za tutmadilar. Abu Bakr bilan ham haj qildim, u ham ro‘za tutmadi. Umar bilan haj qildim, u ham ro‘zani tutmadi”.

Ibn Umar men uni tutmayman ham, unga buyurmayman ham, undan qaytarmayman ham, deganlar.

Aksar ahli ilm Arafa kuni (haj paytida) ro‘za tutmay, kishi duo va ibodatga quvvatli bo‘lishi uchun og‘iz ochiq bo‘lganini mustahab sanaydilar. Ba’zi ahli ilmlar Arafotda arafa kuni ro‘za tutganlar.

Sharh: bu borada jumhurning mazhabi bu kunda og‘iz ochiq bo‘lgani mustahab amaldir. Ato aytadi: “Kim bu kuni zikr qilishga quvvatli bo‘lish uchun og‘zi ochiq bo‘lsa, ro‘zadorning savobini oladi”.

Ibn Umarning gaplaridan kelib chiqadiki, Arafotda og‘iz ochiq bo‘lishi mustahab, vojib emas. Kim xohlasa tutmasin, bu afzal. Kim xohlasa tutsin, joizdir.

  1. Ashuro kuni ro‘za tutish

Abu Qatoda rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Ashuro kunining ro‘zasi, un Alloh taolo kelasi yilga kaffarot qilib yuboradi, deb hisoblayman”.

Sharh: Ashuro kuni Muharram oyining 10 kuni. Ashuro kun ro‘za tutish kelasi yilgi gunohlarga kafforot bo‘lsa, Arafa kunidagi ro‘za oldingi va keyingi yildagi gunohlarga kafforot bo‘ladi. Buning qanday farqi bor? Ashuro Muso alayhis salom shariati ro‘zas, Arafa Nabiy alayhis salom shariatiga xos ro‘zadir. Bundan ma’lum bo‘ladiki, Arafa kuni ro‘zasi afzaldir.

Ashuro kuni ramazon farz bo‘lmasidan avval tutilgan ro‘za bo‘lgan. Ramazon farz bo‘lgach, u tark qilingan va uning mustahabligi saqlanib qolingan.

Boshqa rivoyatlarda Payg‘ambarimiz 10 kuni ro‘za tutganlari, kelasi yili Muharramga yetsalar, 9 kunni ham qo‘shib tutishni niyat qilganlari, ammo keyingi yilga yetmay vafot etganlari, yoki 10 kunni o‘zini tutmay, 9 kunni ham qo‘shib tutib, yahudiylarga xilof qilishga buyurganlar.

Xo‘sh, Ashuro qaysi kun? Qaysi kunlari ro‘za tutiladi? Bunga juda ko‘p fikrlar bildirilgan bo‘lib, shularning xulosasiga ko‘ra, Ashuro Muharramning 10 kuni, lug‘at jihatdan ham to‘g‘ri keladi. Arabcha عاشر- “a’shir” 10 ni ifodalaydi. Endi bu kunda ro‘za tutishga kelsak, Abdulhaq Dihlaviy “Al-Luma’at”da aytadilar: “Muharramda ro‘za tutishning uch darajasi bor: 1.O‘ninchi kun, undan oldin va keyingi kun ro‘za tutish – afzali shu. 2. To‘qqizinchi va o‘ninchi kuni ro‘za tutish. 3. O‘ninchining o‘zida ro‘za tutish”.

  1. Zulhijjaning 10 kunligida ro‘za tutish

Oisha roziyallohu anhondan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallamni o‘n kunlikda hecham ro‘za tutganlarini ko‘rmaganman”.

Sharh: 10 kunlikdan murod Zulhijja oyining avvalgi 9 kunligi. Unda ro‘za tutish makurh emas, balki kuchli mustahabdir, ayniqsa 9-kun. U Arafa kunidir.

Nabiy sallollohu alayhi vasallamning zulhijjaning 10 kunligida, ya’ni 9 kun ro‘za tutmaganlari, safar, kasallik yoxud boshqa oriziy sabablar bilan bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Oisha onamizning  U zotni ro‘zador holda ko‘rmaganlari, Payg‘ambarimizning ro‘za tutmaganlarini belgilamaydi. Boshqa rivoyatlarda Abu Dovud boshqa onalarimizdan keltirishicha, Payg‘ambarimiz alayhis salom Zulhijjaning to‘qqizinchisi va Ashuroda ro‘za tutganlari aytilgan. “Ro‘za tutmaganlar” degan rivoyat ummatlariga farz bo‘lib qolishidan qo‘rqqanlar, deb ta’vil qilinadi.

Zulhijjaning 10 kunligida qilinadigan amallarning savobi yuqori. Hatto, Alloh yo‘lida jihod qilgandan ham ko‘ra Allohga sevimliroqdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda uning bir kunidagi ro‘za bir yilgi ro‘zaga, bir kechasidagi bedorlik qadr kechasidagi bedorlikka tenglashtirilgan.

10. Shavvoldan olti kun ro‘za tutish

Abu Ayyubdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutsa va Shavvoldan 6 kunni unga ergashtirsa, bu bir yillik ro‘za bo‘ladi”, dedilar. 

Abu Iyso aytadi: shavvolda ham ro‘za tutish mustahabdir. Ibn Muborak 6 kunni oyning avvalgi kunlari deb bilganlar. Yana u kishidan rivoyat qilinishicha, 6 kunni alohida-alohida tutish joiz.

Sharh: Abu Hanifa nazdilarida bu kunlar ham mustahabdir. Asl aytilgan savobni olish uchun uni bo‘lib tutsa ham bo‘ladimi yoki ulash shartmi? deya ixtilof qilganlar. “Roddul muxtorda” Ibn Obidiyn keltirishlaricha, Abu Yusuf bo‘lib-bo‘lib tutishni ixtiyor qilganlar.

Savol: ramazon oyida qazosi bor odam avval qazoni tutadimi yoki shavvol ro‘zasini? Hadisda “Shavvoldan olti kun” deyilgan, avvalgi “olti kun” deyilmagan. Shunga ko‘ra, shavvolning istalgan 6 kuni ro‘za tutsa joiz. Qazo farz, shavvol ro‘zasi mustahabligini inobatga olsak, avval qazoni tutib, keyin istalgan olti kunda shavvol ro‘zasini tutsa bo‘ladi, vallohu a’lam!

 

Habibur Rohman Xoyrobodiyning

“Miskush shaziy sharh Jome’i Termiziy”

kitobidan Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim

 yurti o‘qituvchisi Nilufar Saidaziz qizi tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

05.05.2025   3542   7 min.
O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.

Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.

Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.

Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:

Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.

Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:

O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.

Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.

Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:

Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.

Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.

Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

MAQOLA