Ramazon jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U kunlarini yig‘ishtirishni boshladi. Allohim! Bu oyning muattar hididan nafas oldirganing uchun O‘zingga beadad hamd bo‘lsin! Allohim! Ushbu oyga yetkazganingdek, undagi ibodatlarni ham qabul et. Qabulidan mahrum etma! (Doktor Ahmad Iso Ma’saraviy).
Allohim! Bizga bergan va berayotgan barcha: oshkoru maxfiy, zohiru botin, umumiyu xos ne’matlaring uchun O‘zingga hamd, shukru sanolarimiz bo‘lsin!
Allohim! Yana uzoq yillar qalbimiz xotirjam bo‘lgan holda muborak Ramazon oyiga, uning fazilatlariga yetkaz!
"Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman"(Ibrohim surasi, 7-oyat) deb marhamat qilgan Alloh taolo beadad hamdu sanolar bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #haj2026
Joriy yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari mamlakatimiz bo‘ylab qizg‘in davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Sirdaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan Haj mavsumi uchun biriktirilgan guruh rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish markazi direktori Maqsud Karimov hamda soha mutaxassislari qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarlariga Haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatib o‘tildi. Ellikboshilarga ziyoratchilarga Islomning beshinchi rukni bo‘lgan Haj ibodati mazmun-mohiyati haqida tushuntirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, muborak safar davomida ziyoratchilar bilan doimo xushmuomalada bo‘lish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, behuda ishlardan tiyilish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati