Siz shikoyat qilayotgan moddiy hayotingiz kim uchundir katta orzulardan biridir.
Qo‘lingizda oz bo‘lsa ham molu davlat bo‘la turib, noshukrlik qilmang! “Yo‘q, yo‘q” deb shikoyat qilmang! Farishtalar “omin” deyishsa, rostdan ham yo‘q bo‘lib qoladi. “Menda 100 ming so‘m bo‘lsa ham bor, 50 ming so‘mi borlar qancha. O‘shalar jim yuribdi-ku, dod-voy qilmayapti-ku” deng.
Inson boriga shukr qilsa, o‘sha boriga yana qo‘shilib, ziyoda bo‘ladi. Agar noshukrlik qilsa, boridan ham ayriladi.
Unutmang! Faqirlar faqat Ramazonda emas, keyin ham topiladi. Sadaqa qilingani uchun savob Ramazondan keyin ham beriladi. Dinimizdagi infoq, ehson, sadaqaga bo‘lgan targ‘ib Ramazon oyidan keyin ham amaldadir.
Faqirga yordam qo‘lini cho‘zsak, faqirning ham, bizning ham Robbimiz bo‘lgan Razzoq bizga yordamini ato etadi, gunohlarimizni mag‘firat qiladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِن تُبْدُواْ الصَّدَقَاتِ فَنِعِمَّا هِيَ وَإِن تُخْفُوهَا وَتُؤْتُوهَا الْفُقَرَاء فَهُوَ خَيْرٌ لُّكُمْ وَيُكَفِّرُ عَنكُم مِّن سَيِّئَاتِكُمْ وَاللّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
“Sadaqani oshkora qilsangiz qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadi. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).
“Sadaqa” so‘zi “tasdiqlovchi” deganidir. Nimani tasdiqlaydi? Sizning oxiratga bo‘lgan iymoningizni tasdiqlaydi. Sizning “Men bu faqirga 10 ming so‘m beryapman. Alloh nasib etsa, buning savobini 10 barobardan 700 barobargacha ko‘paytirilgan holda oxiratda olaman” degan ishonchingiz, iymoningizni tasdiqlaydi!
Azizlar, atrofimizga bir nazar solaylik! Yon qo‘shnimiz iftorlik va saharlikda nima yeyapti? Biz kabi taom yeyaptimi yoki bir burda non, go‘shtsiz sho‘rva bilan og‘zini berkityaptimi? Uning ham iftorlik dasturxoni biznikiga o‘xshab to‘lib turibdimi yoki faqirona dasturxon atrofida o‘tiribdimi?
Qarindoshlarimiz orasida qiynalganlar yo‘qmikin? Bundan xabarimiz bormi yoki ishimizdan ortmay, kimning qanday sharoitda yashayotganidan bexabarmizmi?
Savoblar ko‘paytirib beriladigan oydamiz. Keling, ozgina himmat qilaylik! Ishoning, hamyoningizdan ketgan pul sizning boyligingizni hech qachon ozaytirmaydi. Aslida boyligingizga boylik qo‘shilishiga sabab bo‘ladigani aynan o‘sha puldir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Sadaqa berish tufayli bandaning moli aslo kamayib qolmaydi!” deganlar. Bu gapni havoi nafsidan so‘zlamaydigan, har bir gapi Allohning vahiysi, ko‘rsatmasi bilan bo‘ladigan zot aytganlar.
Alloh gunohlarimizni kechirsin! Ro‘zalarimizni qabul aylasin! Himmatimizga himmat qo‘shsin! Qo‘shnilarimiz va qarindoshlarimiz, umuman, barcha dindoshlarimiz bizning muruvvatimizdan, saxovatimizdan xursand bo‘lishsin! O‘zimiz esa oxiratda ulkan savoblardan shod bo‘laylik!
Maqolani Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.