Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

05.06.2019 y. Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin

02.06.2019   4879   9 min.
05.06.2019 y. Ramazon hayitingiz muborak bo‘lsin

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَكْمَلَ لَنَا الدِّينَ وَأَتَمَّ عَلَيْنَا النِّعْمَةَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

Muhtaram jamoat! Tinch va osuda yuritimizda muborak Ramazon oyini mo‘min-musulmonlarning ko‘tarinki ruhda, kechalarini qoim, kunduzlarini ro‘zador holda o‘tkazishga muvaffaq aylagan Rabbimiz Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsin!

Barchalarimiz Ramazon oyi ro‘zasini baqadri imkon tutib, Alloh va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qiladigan Fitr Hayiti kunida turibmiz. Ushbu muborak Ramazon oyi davomida barcha musulmonlar Alloh taoloning madadi bilan o‘zlariga farz etilgan ro‘zalarini tutib, kechalarni toat va ibodatda o‘tkazib, masjidlarda taroveh namozlarida qorilarimiz tomonidan o‘qilgan hatmi Qur’onlarda ishtirok etib, imon va ixloslarini yanada ziyoda qildilar.

Yildan-yilga yurtimizda muborak Ramazon Hayitini xalqimiz tomonidan kutib olinishi yanada fayzli va barakotli tarzda bo‘lmoqda, desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero Ramazoni sharif kechalarida masjidlarimizning namozxonlar bilan to‘lib toshgani – buning yaqqol dalilidir. Dunyodagi barcha musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham bu ulug‘ ayyomlarni katta shodiyona va xursandchilik bilan o‘tkazdilar.

Ramazon oyi – xayru saxovat oyidir! Islom dinimiz nazdida “xayru saxovat” deganda, albatta, birinchi galda “muhtojlarga yordam berish” tushuniladi. Bu borada Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ

وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

 (سورة البقرة/261)

ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir(Baqara surasi, 261-oyat).

Alloh taolo O‘z fazli bilan boy qilgan bandalari bo‘ynida nisobga yetgan mollaridan muhtoj va kambag‘allarga zakot, xayr ehson qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda bir qadar tenglik paydo qilish, boy va faqir o‘rtasida iliq munosabatlarni vujudga keltirish, Islom dinining naqadar insonparvar, mehr-muruvvatga targ‘ib qiluvchi din ekanini namoyish qilish, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrash va yana ham ko‘payishiga zamin tayyorlashdir. Zero Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:

"مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"

(رواه الإمام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi ayblarini yashiradi.  Qaysi bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh taolo ham uning yordamida bo‘ladi”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Shu bois bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savob va fazilatlaridan umidvor bo‘lgan holda oilamiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlarimiz hollaridan xabar olishimiz darkor bo‘ladi. Zero yaxshilikning ajri – faqat yaxshilikdir! Bunday ezgu ishlarimiz uchun xonadonimiz va yurtimizga fayzu futuh va barakotlar yog‘ilajak.

Yana shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Alloh taoloning marhamati bilan o‘tgan hayit bilan bugungi hayitimiz o‘rtasida yurtimizda barchamizni xursand qiladigan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, rivojlanish islohotlari kunma-kun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Shahar-qishloqlarimiz yanada chiroy ochib, obod bo‘lmoqda. Davlatimiz tomonidan diniy qadriyatlarimizga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muborak  Ramazon oyi kunlarida azim Toshkentning markazida “Suzuk ota” va “Shayh Muhammad Sodiq” nomidagi masjid-majmualarining ochilishi yurtdoshlarimizning yanada quvonchiga quvonch bag‘ishladi. Buning uchun Yaratganga yanada ko‘proq hamdu sano aytishimiz lozim bo‘ladi. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda:

وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ

  (سورة ابراهيم/7)

ya’ni: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir, – deb marhamat qiladi (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Bizga berilayotgan yaxshiliklarga imkonimiz boricha yaxshilik, solih amallar bilan javob qaytarmog‘imiz lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bu ma’noni ta’kidlab, aytadilar:

"مَنْ لمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ"

(رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضْيَ الله عَنْهُ)

ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlardan minnatdor bo‘lmaydigan kishi, Allohga ham shukr qilmaydi” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Qadrli yurtdoshlar! Biz Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak, Ramazon Hayitini ham ko‘tarinki ruhda, undanda fayzliroq o‘tkazmog‘imiz kerak bo‘ladi. Hayit bu – hursandchilik, yaxshi kayfiyat va ezgu ishlar! Ramazon oyi ro‘zasini eson-omon tutib olganimiz uchun Yaratganga shukronalar aytmoqligimiz lozim. Shuningdek ushbu bayram kunlarida hamma bir-birini Hayit bilan samimiy muborakbod etadilar. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan mehribon ota-onalarimizni, qarindosh-urug‘larimizni hamda yoru-birodarlarimizni borib ziyorat qilamiz. Ularni ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini kechirib, o‘zaro uzrlar aytib bir-birlariga quchoq ochadilar.

Bugun – barchaga quvonch ulashiladigan kun! Yana shuni yodda tutmog‘ligimiz lozim bo‘ladiki, Ramazon Hayiti bo‘lganligi uchun bu ulug‘ kunlarni azaga, hafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib, duoyi hayrlar qilishimiz – yaxshi amal, lekin bular Hayit bayramiga ta’sir qilmasligi zarur.

Muhtaram azizlar! Yana bir-bor diyorimizda yashovchi barcha mo‘min- musulmonlarni Ramazon Hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz o‘zaro tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo‘lishini so‘rab duoi hayrlar qilamiz!  Muhtaram Yurtboshimizning el-yurt manfaati, yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarida Yaratgan yoru-madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz! Omin!

 

ILOVA: Ramazon hayitini o‘qish tartibi

Birinchi niyat qilib namozga kirishiladi. Ya’ni “Ramazon hayiti namozini  Qiblaga yuzlangan holda, imomga iqtido qilib, o‘qishni niyat qildim” deb, “Allohu akbar”ni aytib quloq qoqiladi.

Keyin qo‘lni qovushtirib, har kim ichida sano duosini o‘qiydi. So‘ngra imom qo‘llarini quloqlariga ko‘tarib, uch marta takbir aytadi. Jamoat ham uch marta takbir aytadilar. Takbirlar orasida qo‘llar bog‘lanmaydi, yonga tashlanadi. To‘rtinchi takbir aytilgach, qo‘llar bog‘lanadi, qiyom holida turiladi.

Keyin imom ichida “A’uzu”ni va “Bismillah”ni aytib, ovoz chiqarib “Fotiha” surasini va zam surani o‘qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so‘ng takbir aytib, ruku va sajdalar qilinib, ikkinchi rakatga turiladi.

Ikkinchi rakatda imom “Fotiha” surasi bilan zam sura o‘qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so‘ng rukuga bormay turib, xuddi birinchi rakatdagi kabi, imom va jamoat birgalikda uch marta takbir aytadilar. Va to‘rtinchi takbir aytilib, rukuga boriladi va sajda qilinadi. Sajdadan so‘ng o‘tirib tashahhud, salovat va duo o‘qib, salom berib namoz tugatiladi.

 

Eslatma: Hurmatli imom-domla! Ramazon hayitini ado qilishda ham imomga ergashganlar safni to‘g‘ri olishi va safda turishda imomdan oldinga o‘tib ketmasligi, shuningdek namozdagi barcha amallarda (masalan, ruku va sajdalarda) imomga ergashib, ularni albatta imomdan keyin bajarish vojibligini jamoatga tushuntirib qo‘yishingiz maqsadga muvofiqdir.

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OTA-ONA ROZILIGINI TOPISH – FARZANDNING BURCHI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

11.07.2025   3017   3 min.
O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi: Buyuk Britaniyada ilk bor O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi. Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular o‘z diyori – O‘zbekistonga qaytmoqda.

 

Dunyoning mashhur Sotheby’s va Christie’s auksion uylari mezbonligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmalar 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. So‘nggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yo‘qolgan madaniy merosni izlash va aniqlash bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

 

Londondagi ikki ko‘rgazmada ilk bor xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan eksponatlar orasida dunyoning yetakchi olimlari, ekspertlari, mas’ul mutaxassislar, mashhur muzey va kutubxonalar vakillari  va kolleksionerlari ishtirok etdi.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-ma’rifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda. Tarixiy va ma’naviy durdonalarni  Vatanga qaytarish bo‘yicha davlatimiz  rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘i asosida  ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning  qaytishi emas – bu xotiraning, milliy o‘zlikning va O‘zbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir, – deya ta’kidladi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ko‘rgazma ochilish marosimida.

 

Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid  Qur’on qo‘lyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va san’at asarlari bor. Ular O‘zbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida ko‘rsatadi.

 

– Ushbu ko‘rgazmalar – O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh  avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Buyuk Britaniyadagi "Al-Furqon" fondi direktori Sali Shahsivari.

Ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning ko‘pchiligi 2025 yilda Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.

 

Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili  Benedikt Karter shunday dedi:

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdirMarkaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.

 

Toshkentning markazida 10 gektardan ortiq hududda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik madaniyat va ma’rifat institutlaridan biriga aylanmoqda. Uning ekspozitsiya maydoni 8000 kvadrat metrdan oshadi. Markaz tarkibiga quyidagi besh mavzuli galereya kiradi:

"Qur’on zali"

"Islomgacha bo‘lgan meros"

"Renessansning birinchi va ikkinchi davrlari"

“Yangi O‘zbekiston”.

 

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov quyidagilarni ta’kidladi:

– Bugun O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida ulkan sa’y-harakatlar qilmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi tashabbuslar bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lib, tez orada u bilim va dinlararo muloqot mayog‘i sifatida o‘z eshiklarini ochadi. Bu bizning tarixiy o‘zligimizni anglash va uni ochiq tarannum etishga intilishimizning ifodasidir.

 

Londondagi ushbu ko‘rgazmalar nafaqat muhim madaniy voqea, balki tarixiy adolatning tiklanishi ifodasi bo‘ldi. Namoyish etilgan eksponatlar O‘zbekistonning islom olami intellektual markazi sifatidagi o‘rni va bugungi Yangi O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lidagi navbatdagi yutuqlarini amalda isbot etdi.

Sisc.uz

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi
O'zbekiston yangiliklari