بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَكْمَلَ لَنَا الدِّينَ وَأَتَمَّ عَلَيْنَا النِّعْمَةَ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!
Muhtaram jamoat! Tinch va osuda yuritimizda muborak Ramazon oyini mo‘min-musulmonlarning ko‘tarinki ruhda, kechalarini qoim, kunduzlarini ro‘zador holda o‘tkazishga muvaffaq aylagan Rabbimiz Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsin!
Barchalarimiz Ramazon oyi ro‘zasini baqadri imkon tutib, Alloh va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qiladigan Fitr Hayiti kunida turibmiz. Ushbu muborak Ramazon oyi davomida barcha musulmonlar Alloh taoloning madadi bilan o‘zlariga farz etilgan ro‘zalarini tutib, kechalarni toat va ibodatda o‘tkazib, masjidlarda taroveh namozlarida qorilarimiz tomonidan o‘qilgan hatmi Qur’onlarda ishtirok etib, imon va ixloslarini yanada ziyoda qildilar.
Yildan-yilga yurtimizda muborak Ramazon Hayitini xalqimiz tomonidan kutib olinishi yanada fayzli va barakotli tarzda bo‘lmoqda, desak hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero Ramazoni sharif kechalarida masjidlarimizning namozxonlar bilan to‘lib toshgani – buning yaqqol dalilidir. Dunyodagi barcha musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham bu ulug‘ ayyomlarni katta shodiyona va xursandchilik bilan o‘tkazdilar.
Ramazon oyi – xayru saxovat oyidir! Islom dinimiz nazdida “xayru saxovat” deganda, albatta, birinchi galda “muhtojlarga yordam berish” tushuniladi. Bu borada Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ
وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة البقرة/261)
ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).
Alloh taolo O‘z fazli bilan boy qilgan bandalari bo‘ynida nisobga yetgan mollaridan muhtoj va kambag‘allarga zakot, xayr ehson qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda bir qadar tenglik paydo qilish, boy va faqir o‘rtasida iliq munosabatlarni vujudga keltirish, Islom dinining naqadar insonparvar, mehr-muruvvatga targ‘ib qiluvchi din ekanini namoyish qilish, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrash va yana ham ko‘payishiga zamin tayyorlashdir. Zero Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
"مَنْ نَفَّسَ عَنْ مُؤْمِنٍ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ الدُّنْيَا نَفَّسَ اللَّهُ عَنْهُ كُرْبَةً مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ، وَمَنْ يَسَّرَ عَلَى مُعْسِرٍ يَسَّرَ اللَّهُ عَلَيْهِ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَمَنْ سَتَرَ مُسْلِمًا سَتَرَهُ اللَّهُ فِي الدُّنْيَا وَالْآخِرَةِ، وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"
(رواه الإمام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi ayblarini yashiradi. Qaysi bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh taolo ham uning yordamida bo‘ladi”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Shu bois bu ulug‘ kunlarni g‘animat bilib, savob va fazilatlaridan umidvor bo‘lgan holda oilamiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shni va yaqinlarimiz hollaridan xabar olishimiz darkor bo‘ladi. Zero yaxshilikning ajri – faqat yaxshilikdir! Bunday ezgu ishlarimiz uchun xonadonimiz va yurtimizga fayzu futuh va barakotlar yog‘ilajak.
Yana shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Alloh taoloning marhamati bilan o‘tgan hayit bilan bugungi hayitimiz o‘rtasida yurtimizda barchamizni xursand qiladigan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi, rivojlanish islohotlari kunma-kun ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lmoqda. Shahar-qishloqlarimiz yanada chiroy ochib, obod bo‘lmoqda. Davlatimiz tomonidan diniy qadriyatlarimizga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muborak Ramazon oyi kunlarida azim Toshkentning markazida “Suzuk ota” va “Shayh Muhammad Sodiq” nomidagi masjid-majmualarining ochilishi yurtdoshlarimizning yanada quvonchiga quvonch bag‘ishladi. Buning uchun Yaratganga yanada ko‘proq hamdu sano aytishimiz lozim bo‘ladi. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِنْ كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ
(سورة ابراهيم/7)
ya’ni: “Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”, – deb marhamat qiladi (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Bizga berilayotgan yaxshiliklarga imkonimiz boricha yaxshilik, solih amallar bilan javob qaytarmog‘imiz lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bu ma’noni ta’kidlab, aytadilar:
"مَنْ لمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ"
(رَوَاهُ الإمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضْيَ الله عَنْهُ)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlardan minnatdor bo‘lmaydigan kishi, Allohga ham shukr qilmaydi” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Qadrli yurtdoshlar! Biz Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak, Ramazon Hayitini ham ko‘tarinki ruhda, undanda fayzliroq o‘tkazmog‘imiz kerak bo‘ladi. Hayit bu – hursandchilik, yaxshi kayfiyat va ezgu ishlar! Ramazon oyi ro‘zasini eson-omon tutib olganimiz uchun Yaratganga shukronalar aytmoqligimiz lozim. Shuningdek ushbu bayram kunlarida hamma bir-birini Hayit bilan samimiy muborakbod etadilar. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan mehribon ota-onalarimizni, qarindosh-urug‘larimizni hamda yoru-birodarlarimizni borib ziyorat qilamiz. Ularni ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini kechirib, o‘zaro uzrlar aytib bir-birlariga quchoq ochadilar.
Bugun – barchaga quvonch ulashiladigan kun! Yana shuni yodda tutmog‘ligimiz lozim bo‘ladiki, Ramazon Hayiti bo‘lganligi uchun bu ulug‘ kunlarni azaga, hafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib, duoyi hayrlar qilishimiz – yaxshi amal, lekin bular Hayit bayramiga ta’sir qilmasligi zarur.
Muhtaram azizlar! Yana bir-bor diyorimizda yashovchi barcha mo‘min- musulmonlarni Ramazon Hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz! Alloh taolodan yurtimiz hamisha obod, halqimiz o‘zaro tinch va ittifoqlikda yashashini, farovon bo‘lishini so‘rab duoi hayrlar qilamiz! Muhtaram Yurtboshimizning el-yurt manfaati, yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarida Yaratgan yoru-madadkor bo‘lishini so‘rab qolamiz! Omin!
ILOVA: Ramazon hayitini o‘qish tartibi
Birinchi niyat qilib namozga kirishiladi. Ya’ni “Ramazon hayiti namozini Qiblaga yuzlangan holda, imomga iqtido qilib, o‘qishni niyat qildim” deb, “Allohu akbar”ni aytib quloq qoqiladi.
Keyin qo‘lni qovushtirib, har kim ichida sano duosini o‘qiydi. So‘ngra imom qo‘llarini quloqlariga ko‘tarib, uch marta takbir aytadi. Jamoat ham uch marta takbir aytadilar. Takbirlar orasida qo‘llar bog‘lanmaydi, yonga tashlanadi. To‘rtinchi takbir aytilgach, qo‘llar bog‘lanadi, qiyom holida turiladi.
Keyin imom ichida “A’uzu”ni va “Bismillah”ni aytib, ovoz chiqarib “Fotiha” surasini va zam surani o‘qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so‘ng takbir aytib, ruku va sajdalar qilinib, ikkinchi rakatga turiladi.
Ikkinchi rakatda imom “Fotiha” surasi bilan zam sura o‘qiydi. Qavm jim eshitadi. Qiroatdan so‘ng rukuga bormay turib, xuddi birinchi rakatdagi kabi, imom va jamoat birgalikda uch marta takbir aytadilar. Va to‘rtinchi takbir aytilib, rukuga boriladi va sajda qilinadi. Sajdadan so‘ng o‘tirib tashahhud, salovat va duo o‘qib, salom berib namoz tugatiladi.
Eslatma: Hurmatli imom-domla! Ramazon hayitini ado qilishda ham imomga ergashganlar safni to‘g‘ri olishi va safda turishda imomdan oldinga o‘tib ketmasligi, shuningdek namozdagi barcha amallarda (masalan, ruku va sajdalarda) imomga ergashib, ularni albatta imomdan keyin bajarish vojibligini jamoatga tushuntirib qo‘yishingiz maqsadga muvofiqdir.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OTA-ONA ROZILIGINI TOPISH – FARZANDNING BURCHI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi