Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Noyabr, 2026   |   26 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:39
Quyosh
07:00
Peshin
12:12
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:31
Bismillah
06 Noyabr, 2026, 26 Jumadul avval, 1448

Ramazon hayiti yaqinlashmoqda!

31.05.2019   53676   5 min.
Ramazon hayiti yaqinlashmoqda!

Tanlovga!

Ramazon hayiti – iydul fitr deyiladi. U kun musulmonlar uchun xursandchilik, shodlik, kengchilik va bayram kunidir.  U kun o‘zgacha shukuh va fazilatga ega. Musulmonlarning ikki muborak bayramlaridan biridir.

Hayit namozi Molikiy va Shofe’iylarga ko‘ra, sunnati muakkada, Hanafiylarda vojib, Hanbaliylarda esa farzi kifoyadir.

Hayit kunida mustahab bo‘lgan amallar:

  1. Hayit kechalarini bedor o‘tkazish

Kim hayit kechalarini ixlos va savobidan umidvor holda zikr, tasbeh, Qur’on tilovati ila bedor o‘tkazsa, qalblar o‘ladigan kunda qalbi omonda bo‘ladi. Hayit kuniga yetkazgani uchun ko‘plab shukr va hamd aytish kerak.

  1. G‘usl qilish.
  2. Xushbo‘ylanish va ziynatlanish
  3. Soch oldirish
  4. Misvok qilish
  5. Kiyimning eng yaxshisini kiyish

Nabiy sallollohu alyhi vasallam ikki hayit uchun hamisha g‘usl qilar edilar. Chunki, bu ikki namozda ulkan jamoat to‘planadi, tiqilinch yuzaga keladi. Shu bois, yomon hidlardan saqlanish kerak. Tahoratning o‘zi bilan cheklansa ham joizdir.

Bundan tashqari, Nabiy sallollohu alayhi vasallam “Hibaro” degan choponlaridan birini alohida hayit uchun kiyar edilar.

Toza va orasta kiyinish, ziynatlanish, xushbo‘ylanishga imom ham e’tibor beradi. Ko‘pchilikning nigohi unda bo‘lgani uchun o‘ziga ahamiyat qaratadi.

Kiyimlarning eng yaxshisi bu oq kiyimdir.

Orastalanish, g‘usl qilish, xushbo‘ylanish xoh masjidga boruvchi uchun bo‘lsin, xoh uyda qoluvchi uchun bo‘lsin, bir xildir.

Ammo, ayollar bu borada erkaklardan farqlanadilar. Hayit kuni ko‘chaga chiqsalar odatiy va toza kiyimda, xushbo‘ylanmasdan, yasan-tusan qilmasdan, fitnaga sabab bo‘lmasdan chiqishlari lozim. Hayit kuni ko‘chalarda odam ko‘p bo‘lgani uchun erkaklarga aralashib yurmasliklari shart. O‘zlariga xos va yarashadigan joylarga borsalar mayli. Bugungi kunda nazar solsak, ayol-qizlarimiz hayit kunlari ziynatlarga, atir-upalarga, yaltir-yultir kiyimlarga burkanib, “kim o‘zar”ga kiyinib chiqadilar. Ko‘chaga chiqish qoidasi ayollar uchun hayit kuni o‘zgarib, istisno bo‘lib qolmaydi. Ularning ko‘ngilxushlik qilishlari, xursandchilik qilishlari shariatda man qilinmagan. Faqat shariat talabida bo‘lsa, buning zarari yo‘q.

Yosh bolalar xoh o‘g‘il, xoh qiz – ularga ziynatlanish, chiroyli kiyimlar kiyish, tillolar taqish mumkin. Hayit – ziynat kunidir. Bolajonlar shu ila hayitning qadri va shukuhini his qilishlari, yana kelishini intiq kutishlari mumkin. Hayitdan boshqa paytda tillo taqib va ziynatli kiyim kiyishlari tavsiya qilinmaydi.

  1. Hayit bilan tabriklash. Fuqaholar hayit bilan tabriklash joizligiga ittifoq qilganlar. Buni turli usullar bilan amalga oshirsa bo‘ladi.
  2. Ziyoratga borish.

Abu Bakr roziyallohu anhu Nabiy sallollohu alayhi vasallam namozdan qaytganlarida, u zotni alohida ziyorat qilish uchun hujralariga kelganlar.

Bundan tashqari, hayit kuni yoshi ulug‘lar, keksalar, bemorlar, muhtojlar, musofir va qarindoshlardan xabar olinadi, ularni ziyorat qilinadi, duo olinadi. Imkon bo‘lsa, moddiy ko‘mak beriladi.

  1. Qo‘shiq, o‘yin va ko‘ngilxushlik qilish

Bu haqida Oisha onamiz hayit kuni habashiylar o‘yinini tomosha qilganlari va hujralarida ikki joriya “Buos kuni” qo‘shig‘ini kuylayotganlari, Nabiy sallollohu alayhi vasallam bundan qaytarmaganlari rivoyat qilingan. Lekin rivoyatga e’tibor berilsa, o‘yin va kuy-qo‘shiq behayo va erkak-ayol aralash holda bo‘lmagan. Sodda ko‘rinishda aytilgan. Bu hadisdan dalillanib, shariat man qilgan holatlarga o‘tish mumkin emas.

10. Ayollarga alohida nasihat qilish

Nabiy sallollohu alayhi vasallam iyd namozidan so‘ng ayollarga alohida va’z-nasihat qilganlar. Bilol roziyallohu anhu kiyimlarini yoyib turganlar. Ular sadaqalarini o‘sha kiyimga tashlaganlar. Bundan bilinadiki, imom agar fitnadan omonda bo‘lish sharti ila ayollarga alohida fitr va qurbonlik hayiti, hukmlari va odoblarini bayon qilishi yoki oila boshliqlari namozdan qaytgach, o‘zlari eshitgan narsalarni o‘z ahllariga so‘zlab berishlari mumkin.

11. Ixtiyoriy sadaqalar qilish

Sadaqa alohida tilanchiga emas, biror muhtoj qo‘shni, qarindosh, ilm tolibiga qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lib, pul, buyum, taqinchoq, yegulik, kiyim-kechak hammasi sadaqa – yaxshilik turiga kiradi.  

Barchamizga yaqinlashib kelayotgan Iydul Fitr muborak bo‘lsin! Allohning ilohiy rahmatlari yurtimiz uzra bardavom bo‘lsin, amin!

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar bilim yurti

o‘qituvchisi Sayyidaziz qizi Nilufar

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Movarounnahrdan O‘mongacha: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosi bo‘yicha xalqaro muloqot ko‘lamini kengaytirmoqda

06.11.2026   13524   5 min.
Movarounnahrdan O‘mongacha: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosi bo‘yicha xalqaro muloqot ko‘lamini kengaytirmoqda

2026 yil 4 noyabr kuni O‘mon  Sultonligi poytaxti Masqat shahrida «O‘zbekiston — O‘mon: madaniy aloqalar. Movarounnahr — asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi» mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi bo‘lgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xorijiy taqdimotlari turkumini davom ettirdi. Ushbu uchrashuvlar davlatimiz rahbarining islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish tashabbusi doirasida o‘tkazilmoqda.

Simpozium ochilishidan avval faxriy mehmonlar Markaz tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar. Ekspozitsiyani birinchilardan bo‘lib simpoziumning faxriy mehmoni — O‘mon  Sultonligi Vaqflar va diniy ishlar vaziri doktor Muhammad bin Said bin Xalfon Maamariy tomosha qildi. U bilan birga Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiy, O‘mon  Sultonligi Davlat kengashi a’zosi doktor Muhammad Said Amur Hajriy, shuningdek, ilmiy va madaniy doiralar vakillari ham ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Ko‘rgazmada O‘zbekistonning tarixiy, ilmiy, ma’naviy va badiiy merosi bilan tanishtiruvchi 150 dan ortiq kitob nashrlari, shuningdek, miniatyuralar, haykaltaroshlik namunalari va boshqa eksponatlar namoyish etildi. Markazning noshirlik loyihalari hamda Movarounnahr merosini o‘rganish va ommalashtirish borasidagi faoliyati mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Simpozium O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining O‘mon  Sultonligidagi elchixonasi tomonidan Markaz Ilmiy kengashi a’zolari ishtirokida tashkil etildi. Forumda 250 nafarga yaqin ishtirokchi, jumladan, senatorlar, davlat muassasalari, ilmiy va madaniy tashkilotlar vakillari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar elchilari, ikki mamlakatning taniqli olimlari va madaniyat arboblari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasining O‘mon  Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov hamda Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiy qutlov so‘zlari bilan ishtirok etdilar. Dastur doirasida qatnashchilarga Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati va loyihalari haqida videotaqdimot namoyish qilindi.

Ilmiy sessiyada o‘monlik va o‘zbekistonlik olimlar ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. O‘mon  tomonidan ma’ruzachilar qatorida O‘mon  Sultonligi Davlat kengashi a’zosi doktor Muhammad Said Amur Hajriy hamda Sulton Qobus universiteti professori, media va intellektual dasturlar bo‘yicha maslahatchi va ekspert doktor Saif bin Solim bin Saif Hodiy ishtirok etdi. Doktor Hodiy o‘z ma’ruzasini O‘mon  jamiyatida tinch-totuv hamjihatlikda yashash masalasiga bag‘ishladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov O‘zbekiston va O‘mon  qo‘lyozma merosini saqlash, raqamlashtirish hamda ilmiy muomalaga kiritish istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov O‘zbekistonda islom ta’limi tarixi va uning zamonaviy tajribasini yoritib berdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Shorustam Shomansurov ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini taqdim etdi.

Simpoziumning muhim amaliy natijalaridan biri O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi hamda «Bayt az-Zubayr» muzeyi bilan hamkorlik memorandumlarining imzolanishi bo‘ldi. Ushbu kelishuvlar ikki mamlakat muassasalari o‘rtasida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish, ko‘rgazmalar tashkil etish hamda kasbiy tajriba almashish uchun asos yaratadi.

Simpozium doirasida kitoblar va esdalik nashrlari almashinuvi ham bo‘lib o‘tdi. O‘mon Sultonligi Vaqflar va diniy ishlar vaziri doktor Muhammad bin Said bin Xalfon Maamariyga Katta Langar Qur’oni nusxasining faksimile nashri topshirildi. Sulton Qobus nomidagi Oliy madaniyat va fan markazi bosh kotibi Habib bin Muhammad Riyomiyga «Uchinchi Renessans poydevori» kitobi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan nashr etilgan 120 ta kitob uchun sertifikat hamda Markazning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Markaz nashrlari, shuningdek, Sulton Qobus majmuasi kutubxonasi hamda O‘mon  Milliy hujjatlar va arxivlar markaziga topshirildi. Milliy hujjatlar va arxivlar markazi hamda «Bayt az-Zubayr» muzeyi vakillariga ham kitob nashrlari topshirilganini tasdiqlovchi sertifikatlar taqdim qilindi.

Maskat shahrida o‘tkazilgan simpozium O‘zbekiston va O‘mon  o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy muloqotning davomi bo‘ldi. Ko‘rgazma va ilmiy sessiya O‘mon  jamoatchiligini Movarounnahrning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan tanishtirgan bo‘lsa, imzolangan memorandumlar ushbu muloqotga amaliy mazmun bag‘ishladi.

 Shuningdek, tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi O‘mon Sultonligining qator yetakchi madaniy-ma’rifiy muassasalari, muzey va kutubxonalari, jumladan, O‘mon Sultonligi Milliy muzeyida bo‘lib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash, ilmiy tadqiqotlar va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, tajriba almashildi hamda qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.

O‘mon Sultonligi Vaqf vaziri hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati o‘rtasida alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari