Ramazon oyining fazilatlari bisyor. Shulardan uchtasini keltirsak:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, bu jum’a keyingi jum’agacha, bu Ramazon keyingi Ramazongacha – agar katta gunohlardan chetda bo‘lingan bo‘lsa – o‘rtalaridagi narsa (xato)larga kafforot bo‘ladilar” dedilar”. Imom Muslim rivoyati.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon oyining ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi” dedilar”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyi kirganda, undan gunohlari kechirilmasdan chiqqan kishining burni yerga ishqalsin” dedilar”. Imom Ahmad, Termiziy, Buxoriy, Ibn Hibbon rivoyat qilishgan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Rasululloh, agar farz namozlarni o‘qisam, Ramazon (ro‘zasini) tutsam, halolni halol, haromni harom desam va bularga hech narsani ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?” deb so‘radi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ha” dedilar. Imom Muslim rivoyati.
Alloh taolo gunohlarimizni kechirsin va jannatiga mehmon qilsin, omin!
Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhining birodari vafot etganida bir qancha kishi ta’ziya bildirish uchun keldi.
Imom A’zam rahmatullohi alayhi ham ta’ziya bildirgani keldi. Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhi turib, uni o‘z o‘rniga o‘tqizadi va o‘zi uning oldiga o‘tiradi.
Insonlar ketganidan keyin talabalari Sufyoni Savriy rahmatullohi alayhidan: "G‘alati ish qilganingizni ko‘rdik", deyishdi.
U esa: "Bu kishi ahli ilmdir. Ilmi uchun turmasam ham yoshi uchun turaman. Yoshi uchun turmasam ham fiqhi uchun turaman. Fiqhi uchun turmasam ham taqvosi uchun turaman", deb javob berdi.
Manba: Haraviy. "Mirqotul mafotih sharhu Mishkotul masobih". J. 1. - B. 30.