Ramazon oyining fazilatlari bisyor. Shulardan uchtasini keltirsak:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, bu jum’a keyingi jum’agacha, bu Ramazon keyingi Ramazongacha – agar katta gunohlardan chetda bo‘lingan bo‘lsa – o‘rtalaridagi narsa (xato)larga kafforot bo‘ladilar” dedilar”. Imom Muslim rivoyati.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon oyining ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi” dedilar”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyi kirganda, undan gunohlari kechirilmasdan chiqqan kishining burni yerga ishqalsin” dedilar”. Imom Ahmad, Termiziy, Buxoriy, Ibn Hibbon rivoyat qilishgan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Rasululloh, agar farz namozlarni o‘qisam, Ramazon (ro‘zasini) tutsam, halolni halol, haromni harom desam va bularga hech narsani ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?” deb so‘radi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ha” dedilar. Imom Muslim rivoyati.
Alloh taolo gunohlarimizni kechirsin va jannatiga mehmon qilsin, omin!
Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Allohga hamdlar bo‘lsin, yurtdoshlarimizning bu yilgi haj ibodatlari ham yuqori saviyada, tartibli va muvaffaqiyatli o‘tdi. Shu munosabat bilan mavsum davomida kechani kecha, kunduzni kunduz demay sidqidildan xizmat qilgan ishchi guruhi, malakali shifokorlar hamda mohir oshpazlarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Bir piyola choy ustida tashkil etilgan yig‘in an’anaga muvofiq Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Yig‘ilganlarga mavsumning eng hayajonli va fidokorona lahzalari muhrlangan maxsus videorolik namoyish etildi.
Tadbirda dastlab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev so‘zga chiqib, mavsum davomida ko‘rsatilgan fidokorlik uchun ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi.
Haj mavsumi davomida yurtimiz hojilari, ayniqsa, bu yil ilk bor “Prezident hojisi” sifatida borgan joriy etilgan 100 nafar fidoiy yurtdoshlarimiz Davlatimizning bevosita ko‘magi va g‘amxo‘rligini his qilib turganlari, ular uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilganini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z nutqida bu yilgi haj safari Muhtaram Yurtboshimizning bevosita ko‘rsatmalari, mutasaddi tashkilotlarning hamkorlikdagi xizmati evaziga yangi bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etdilar. Bu narsa, ayniqsa, Mino, Arafot, Muzdalifa va Jamarot maydonlarida ziyoratchilarning xavfsiz va tartibli harakatlanishi, ibodatlarini xotirjam ado etishlarida kuzatilganini ta’kidladilar. Shuningdek, hamyurtlarimizning haj ibodati ko‘tarinki ruhda o‘tgani Saudiya Arabistoni mutasaddilari tomonidan ham yuqori baholangani qayd etildi.
Shundan so‘ng «Haj-2026» mavsumida jonbozlik ko‘rsatgan Ishchi guruhi a’zolari, shifokorlar jamoasi hamda mohir oshpazlarga tashkilotchilarning tashakkurnomalari, esdalik hadyalari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati