Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2026   |   21 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:16
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
04 Avgust, 2026, 21 Safar, 1448

Ramazon oyi sababidan...

31.05.2019   44419   1 min.
Ramazon oyi sababidan...

Ramazon oyining fazilatlari bisyor. Shulardan uchtasini keltirsak: 

  1. Ramazon oyi xatolarga kafforot bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, bu jum’a keyingi jum’agacha, bu Ramazon keyingi Ramazongacha – agar katta gunohlardan chetda bo‘lingan bo‘lsa – o‘rtalaridagi narsa (xato)larga kafforot bo‘ladilar” dedilar”. Imom Muslim rivoyati. 

  1. Ramazon oyi gunohlarning kechirilishiga sababdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon oyining ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi” dedilar”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyi kirganda, undan gunohlari kechirilmasdan chiqqan kishining burni yerga ishqalsin” dedilar”. Imom Ahmad, Termiziy, Buxoriy, Ibn Hibbon rivoyat qilishgan. 

  1. Ramazon oyi bandaning Jannatga kirishiga sababdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Albatta, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Rasululloh, agar farz namozlarni o‘qisam, Ramazon (ro‘zasini) tutsam, halolni halol, haromni harom desam va bularga hech narsani ziyoda qilmasam, jannatga kiramanmi?” deb so‘radi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Ha” dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Alloh taolo gunohlarimizni kechirsin va jannatiga mehmon qilsin, omin!

 

Internet ma’lumotlaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Yangi O‘zbekiston tajribasi – arab dunyosi e’tiborida

24.07.2026   27215   1 min.
Yangi O‘zbekiston tajribasi – arab dunyosi e’tiborida

Misrning nufuzli “Al-Siyosiy” elektron nashrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Alouddin Ne’matovning “O‘zbekistonning jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish borasidagi yangi strategiyasi” nomli tahliliy maqolasi chop etildi, xabar bermoqda O‘zA.

Maqolada XXI asrning birinchi choragida dunyoda jadal texnologik va ilmiy taraqqiyot bilan birga, mafkuraviy tahdidlar, ma’naviy inqirozlar va mutaassiblik kayfiyatining avj olishi ham kuzatilayotgani ta’kidlanadi. Muallif jamiyatda yuzaga kelayotgan bunday murakkab sharoitda Yangi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyilining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini batafsil yoritib bergan.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda radikalizm va ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurashishda faqat ma’muriy choralar yoki kuch ishlatish usullari bilan cheklanib bo‘lmaydi. Bu borada eng samarali va barqaror yechim aholi, ayniqsa, yoshlarning ma’rifatini oshirish, odamlar qalbiga islom dinining asl insonparvarlik va bag‘rikenglik mohiyatini singdirishdir.

Maqolada O‘zbekistonda buyuk ajdodlarimiz, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va boshqa mutafakkir allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, muallif yurtimizda tashkil etilgan, ilmiy-tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan jaholatga qarshi ilm-fan va ma’rifatni asosiy qurol sifatida qo‘llash modeli xalqaro hamjamiyat, xususan, musulmon dunyosi uchun ibratli tajriba bo‘la olishini asoslab bergan.

Aytish mumkinki, “Al-Siyosiy” nashrida e’lon qilingan ushbu maqola O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan tinchliksevarlik va ma’rifiy islom tamoyillari to‘g‘ri hamda o‘z vaqtida qo‘llanayotgan chora ekani xalqaro maydonda keng e’tirof etilayotganini yana bir bor namoyish qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati