Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

“Do‘mbirobod” jome masjidida xatmona (Fotomaqola)

30.05.2019   3969   4 min.
“Do‘mbirobod” jome masjidida xatmona (Fotomaqola)

 

 

Xatib Bag‘dodiy aytadi: «Men  Abdulloh ibn Muhammad Taymiy ibn Abbosdan ko‘ra qiroati go‘zal kishini ko‘rmadim. U  Bag‘doddaligida Ramazon kirib qoldi. Shunda u odamlarga taroveh namozini o‘qib berdi. So‘ng kechaning qolgan qismini namoz bilan bedor o‘tkazdi. Keyin uning «Bu oyda men na kechasi, na kunduzi uyquga yotmadim», deyayotganini eshitdim».

Ha, bu oyni qadrini bilgan ulug‘lar undan ana shunday darajada foydalanib qolishga intilishgan.

 

 

Qur’oni karimga bo‘lgan ulug‘ e’timod sabab ramazon kechalarida masjidlar ana shunday muxlis jamoat bilan to‘la. Ularni bu manzillarga qalblaridagi iymonlari, Qur’onga bo‘lgan muhabbatlari boshlab kelmoqda. Qanchalar baxtli kishilar bular. Poytaxtimiz masjidlarida birin-ketin xatmi Qur’onlar yakunlanib, uning nihoyasi chinakam iymon, ma’rifat ziyofatiga aylanmoqda. Aziz ulamolarning mav’izalari, go‘zal tasbehlar, xatmi Qur’on duolari ixlos egalari qalblarini nurlarga to‘ldirmoqda. Kuni kecha Chilonzor tumanida joylashgan “Do‘mbirobod” jome masjidida ham Qur’oni karim xatmining yakuni bo‘ldi.

Aytish lozimki, imom-xatib Muhammadnazar domla Qayumov boshchiligida masjid jamoasi Ramazonga, taroveh namozlariga katta tayyorgarlik ko‘rishgan. Masjid binosi ta’mirlanib, zamonaviy uslubdagi naqshinkor ayvon qurib bitkazildi. Hovli sahnidagi mahobatli ustunlar Madinai munavvaradagi Rasululloh solallohu alayhi vasallamning masjidalarini eslatib yuboradi.

 

 

Xatmi Qur’onni go‘zal savt egasi Alisher qori Nurmuhammedov bir o‘zi tartil bilan 25 kun mobaynida o‘tkazib berdi.

 

 

Masjid jamoatini xatmona kechasi bilan muborakbod etish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy hazratlari, ulamolar ustoz imom-xatiblar tashrif buyurdilar. Muftiy hazratlari jamoatni ulug‘ natija muborak Kalomi majidni o‘qib, eshitib, xatm qilganliklari bilan muborakbod etdilar. Yaqindagina olis safardan qaytganliklari, masjidlarimizdagi jamoat fayzu futuhini sog‘inganliklarini aytib dildan suhbat, va’zu irshod qildilar. Qori o‘qigan Qur’oni karim oyatlarini tafsir qildilar. Payg‘ambarlar tarixidan go‘zal qissalarni so‘zlab berdilar.

 

 

Xatmi Qur’ondan so‘ng qilingan duolar ijobat. Shu bois duolar, munojotlar uzoq davom etdi. Qorining lafzidan go‘zal duolar terilib kelar, ko‘zlarda shashqator yoshlar istig‘fordan to‘kilar edi…. Duolarda barcha-barcha eslandi. Yurtimizdan din yo‘lida xizmat qilib o‘tgan mo‘tabar zotlar, duo qo‘l ochgan jamoatdan o‘tgan marhumlar haqlariga savoblar baxshida qilindi. Shuningdek, masjidni avvalda bunyod etishda hissalari qo‘shilgan, hozirda xizmatda bo‘lib turgan va barcha duo talab kishilar eslandi. Alloh taolo ana shunday obod yurtda barchani qayta-qayta Ramazonga, xatmi Qur’onlarga yetkazishini so‘rab iltijolar qilindi.

 

 

Xatmonalar masjidlarimizda davom etadi. Duolar qabul bo‘lguvchi oltin lahzalarga shoshiling!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

 

 

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

21.07.2025   2725   1 min.
Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

Parij shahrida YUNЕSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 47 sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya yig‘ilishida Shahrisabz shahrining Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi.


Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash)  bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.


Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.


Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.


Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNЕSKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. 


Behruz XUDOYBЕRDIYEV,

O‘zA

O'zbekiston yangiliklari