Xatib Bag‘dodiy aytadi: «Men Abdulloh ibn Muhammad Taymiy ibn Abbosdan ko‘ra qiroati go‘zal kishini ko‘rmadim. U Bag‘doddaligida Ramazon kirib qoldi. Shunda u odamlarga taroveh namozini o‘qib berdi. So‘ng kechaning qolgan qismini namoz bilan bedor o‘tkazdi. Keyin uning «Bu oyda men na kechasi, na kunduzi uyquga yotmadim», deyayotganini eshitdim».
Ha, bu oyni qadrini bilgan ulug‘lar undan ana shunday darajada foydalanib qolishga intilishgan.
Qur’oni karimga bo‘lgan ulug‘ e’timod sabab ramazon kechalarida masjidlar ana shunday muxlis jamoat bilan to‘la. Ularni bu manzillarga qalblaridagi iymonlari, Qur’onga bo‘lgan muhabbatlari boshlab kelmoqda. Qanchalar baxtli kishilar bular. Poytaxtimiz masjidlarida birin-ketin xatmi Qur’onlar yakunlanib, uning nihoyasi chinakam iymon, ma’rifat ziyofatiga aylanmoqda. Aziz ulamolarning mav’izalari, go‘zal tasbehlar, xatmi Qur’on duolari ixlos egalari qalblarini nurlarga to‘ldirmoqda. Kuni kecha Chilonzor tumanida joylashgan “Do‘mbirobod” jome masjidida ham Qur’oni karim xatmining yakuni bo‘ldi.
Aytish lozimki, imom-xatib Muhammadnazar domla Qayumov boshchiligida masjid jamoasi Ramazonga, taroveh namozlariga katta tayyorgarlik ko‘rishgan. Masjid binosi ta’mirlanib, zamonaviy uslubdagi naqshinkor ayvon qurib bitkazildi. Hovli sahnidagi mahobatli ustunlar Madinai munavvaradagi Rasululloh solallohu alayhi vasallamning masjidalarini eslatib yuboradi.
Xatmi Qur’onni go‘zal savt egasi Alisher qori Nurmuhammedov bir o‘zi tartil bilan 25 kun mobaynida o‘tkazib berdi.
Masjid jamoatini xatmona kechasi bilan muborakbod etish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy hazratlari, ulamolar ustoz imom-xatiblar tashrif buyurdilar. Muftiy hazratlari jamoatni ulug‘ natija muborak Kalomi majidni o‘qib, eshitib, xatm qilganliklari bilan muborakbod etdilar. Yaqindagina olis safardan qaytganliklari, masjidlarimizdagi jamoat fayzu futuhini sog‘inganliklarini aytib dildan suhbat, va’zu irshod qildilar. Qori o‘qigan Qur’oni karim oyatlarini tafsir qildilar. Payg‘ambarlar tarixidan go‘zal qissalarni so‘zlab berdilar.
Xatmi Qur’ondan so‘ng qilingan duolar ijobat. Shu bois duolar, munojotlar uzoq davom etdi. Qorining lafzidan go‘zal duolar terilib kelar, ko‘zlarda shashqator yoshlar istig‘fordan to‘kilar edi…. Duolarda barcha-barcha eslandi. Yurtimizdan din yo‘lida xizmat qilib o‘tgan mo‘tabar zotlar, duo qo‘l ochgan jamoatdan o‘tgan marhumlar haqlariga savoblar baxshida qilindi. Shuningdek, masjidni avvalda bunyod etishda hissalari qo‘shilgan, hozirda xizmatda bo‘lib turgan va barcha duo talab kishilar eslandi. Alloh taolo ana shunday obod yurtda barchani qayta-qayta Ramazonga, xatmi Qur’onlarga yetkazishini so‘rab iltijolar qilindi.
Xatmonalar masjidlarimizda davom etadi. Duolar qabul bo‘lguvchi oltin lahzalarga shoshiling!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.