Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Jannat to‘lovi

30.05.2019   43835   2 min.
Jannat to‘lovi

Tanlovga!

Barchamiz nimadir xarid qilish uchun bozorga borganmiz. Narsalarning bahosi ularning sifatiga qarab belgilanishi barchamizga ma’lum. Masalan, siz uy sotib olmoqchisiz. Uyning qay darajada shinamligi va boshqa shart-sharoitiga qarab uning narxi belgilanadi. Uning shinamliklari ortgani sari bahosi ham oshib boraveradi. Barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan uylarning bahosi o‘z-o‘zidan boshqalaridan keskin farq qiladi. Endi siz sotib olmoqchi bo‘lgan uy jannatda bo‘lsachi? Tabiiyki, uning bahosi ham siz to‘lashingiz mumkin bo‘lgan eng oliy “pul birligi” bilan belgilanadi.

Aslida, bu dunyo biz uchun jannat tomon yurib o‘tish yo‘li qilingan. Alloh taolo biz uchun belgilab qo‘ygan majburiyatlar biroz harakat va ozroq mashaqqatni talab qiladi. Namoz o‘qish, haj qilish va zakotni ado etish kabi barcha amallarda mashaqqat bo‘lmaganida jannat ham bo‘lmagan bo‘lardi. Ushbu mashaqqat bizning asl nafsimizga zid bo‘lgan amalni bajarishdan yuzaga keladi. Masalan, insonning nafsida mol-dunyoni yaxshi ko‘rish bor. Nafsimiz mol-dunyoni qo‘limizda tutib turishni, uni hech kimga bermaslikni talab qilsa shariat bizdan uning zakotini berishni talab etadi. Shunday qilib, biz nafsimizga zid bo‘lgan amalni bajarish bilan savobni qo‘lga kiritamiz va jannatning to‘lovini to‘laymiz. Xuddi shuningdek, ro‘za ham Alloh taolo bizga belgilagan farz amallar orasida eng mashaqqatlirog‘i sanaladi. Chunki, unda nafsimizga zid bo‘lgan bir emas, bir nechta – o‘zimiz xohlagancha taomlanishdan saqlanish, jinsiy ehtiyojdan tiyilish kabi amallarni bajarishimizga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham Alloh taolo barcha ibodatlar bandaning o‘zi uchun ekanligi, faqatgina ro‘za U zot uchun bo‘lishi va ro‘zaning mukofotinini O‘zi berishini va’da qilgan.

Yuqorida uy sotib olish misolini besabab keltirib o‘tmadik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mashhur hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar: “Albatta, jannatda Rayyon deb nomlanadigan eshik bor. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kiradi, ulardan boshqalar undan kirmaydi…” (Buxoriy rivoyati).  Demak, kim jannatga Rayyon eshigidan kirishni, u yerdan o‘zi uchun qasrlar bunyod etishni istasa tabiatiga qanchalar zid bo‘lmasin ro‘za tutishi, u yerdagi xovlisi qanchalar go‘zal bo‘lishini istasa ushbu muborak oyda yaxshi amallarni ko‘paytirishi, bir so‘z bilan aytganda, fursat borida sarmoyasini yig‘ib jannat to‘lovini to‘lab qo‘yishi lozim bo‘ladi.

Iysoxon Yahyo tayyorladi

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

10.08.2026   40250   1 min.
YUZDAN ZIYOD OILAGA KO‘MAK BЕRILDI

Sayyor yig‘ilish

Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.

Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari