Tanlovga!
Muborak Ramazon oyining ro‘zasini tutayotgan inson savobli amallarni ko‘paytirishni va ko‘proq yaxshiliklar qilib qolishni istaydi. Ayniqsa, oxirgi o‘n kunlik – do‘zaxdan ozod bo‘lish dahasida bu istak yanada kattalashadi. Xo‘sh, biz uchun eng savobli amallar qaysi? Bu savol ko‘pchiligimizni o‘ylantirishi tabiiy. Aslida, bu savolga javob topish uchun ko‘p o‘ylanishimiz shart emas, chunki, Alloh taolo biz musulmonlarga yuksak namuna bo‘lgan Zot – Payg‘ambar alayhissalomni ne’mat qilib bergan. U zot bizga ta’lim bergan amallar o‘zimiz o‘ylab qilgan amaldan juda katta farq qiladi va savobi ham biz tasavvur qila olmaydigan darajada ko‘p bo‘ladi. Sababi, Alloh taolo bizga o‘zimiz amal qilishimizni emas, U zotga ergashishni buyurgan. Ushbu maqolada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda va uning oxirgi o‘n kunligida qilishni buyurgan yoki o‘zlari bajargan o‘n sunnat amal haqida so‘z yuritamiz.
1. Qur’on tilovat qilish. Ramazon – Qur’on nozil qilingan oydir. Shuning uchun ham u Qur’on tilovati uchun eng haqli vaqt sanaladi. Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan paytlari Ramazonda Jibriyl (a.s) bilan uchrashganda bo‘lar edi. U zot Jibriyl bilan Ramazonning har kechasida uchrashar va Qur’ondan dars qilar edilar». Demak, ushbu oyda Qur’on tilovat qilish sunnat amal ekan. Ushbu sunnatga ergashish uchun esa har kuni imkon qadar tilovat bilan mashg‘ul bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
2. Tasbeh va zikrlarni ko‘paytirish. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tasbehlar aytish xususida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Imkon qadar yo‘lda, uyda, ishda va boshqa paytlarda tasbehlarni ko‘proq aytish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, Imom Zuhriy aytadilar: «Ramazondagi bir tasbeh undan boshqasidagi ming tasbehdan afzaldir». Demak, zikr va tasbehlarni ko‘paytirish ham sunnatga ergashish, ham ushbu muborak oyda ko‘plab ajrlarga ega bo‘lishga sabab bo‘lar ekan.
3. Duoni ko‘paytirish. Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Yo Rasululloh, qaysi kecha laylatul qadr ekanini bilsam unda nima deyman?», deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Allohumma innaka a’vuffun, tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy» (Ma’nosi: Allohim, seni marhamatli Zotsan, afv etishni suyasan, meni kechirgin!) degin», dedilar. Boshqa hadislarda esa ro‘zadorning duosi qaytarilmasligi ham zikr qilingan. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamo‘rgatganlaridek ko‘proq duo qilish ham sunnat amal ekan.
4. Kechalari qoyim bo‘lib taroveh namozlarida hozir bo‘lish. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kim Ramazonni iymon va (riyo qilmasdan) savob umidida (ibodat bilan) qoyim qilsa o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Buxoriy rivoyati). Kechani ibodat bilan o‘tkazish uchun imkon qadar taroveh namozlariga qatanishish, yana imkon bo‘lsa saharlikdan avval ikki rakat bo‘lsada namoz o‘qib duo qilish va sunnatga ergashish ma’nosida saharlik qilish mumkin. Oxirgi o‘n kunlikda qadr kechasini topish mumkinligini ham unutmaslik lozim.
5. Jamoat namozlariga qatnashish. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Jamoat namozi yolg‘izning namozidan yigirma yetti daraja afzaldir». Agar ushbu sunnatga Ramazon oyida ko‘proq amal qilsak yanada ko‘proq ajrga ega bo‘lamiz.
6. Tungi ibodatga ahli oilasini uyg‘otish. Oisha onamiz (r.a)dan rivoyat qilingan hadisda U zot aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam (Ramazonning) oxirgi o‘n kun kirganda yenglarini shimarardilar (ibodatga mahkam bo‘lardilar), (ibodat bilan) tunlarini bedor qilar va (namoz uchun) ahllarini uyg‘otardilar» (Imom Buxoriy rivoyati). Hadisi sharifdan oxirgi o‘n kunlikda ko‘proq ibodat qilish va ahlini namoz uchun uyg‘otish ham sunnat amal ekanini ko‘rish mumkin.
7. Misvok ishlatish. Misvok ishlatish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy bajaradigan sunnatlari edi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamaytadilar: «Agar ummatimni mashaqqatga solmaganimda ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo‘lardim». Ulamolarimiz bu va boshqa hadislardan xulosa qilib tahorat paytida misvok qilish sunnat ekanligini aytishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zador hollarida ham misvok qilganlari ma’lum va mashhurdir.
8. Ro‘zadorga iftorlik qilib berish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ro‘zadorga iftor qilib bersa unga u (ro‘zador)ning mislicha ajr bo‘ladi, lekin u (ajr) ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymaydi» (Imom Termiziy rivoyati). Hadisi sharifdan ro‘zadorga iftorlik qilib berish juda katta ajrga sabab bo‘lishi ma’lum bo‘lmoqda. Ammo bundan isrofgarchilik qilib yoziladigan hashamatli dasturxonlarni tushunmaslik kerak. Iftor qilib berish boshqa hadislarda kelgani kabi bir dona xurmo bilan bo‘lishi ham mumkin. Inson o‘z ahli oilasidagi ro‘zadorlarga iftorlik qilib berishi ham hadisi sharifda zikr qilingan ajrga ega bo‘lishga sabab bo‘ladi.
9. Bemorlarni ziyorat qilish. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Qaysi bir musulmon (bemor) musulmonni erta tongda ziyorat qilsa kech tushguncha yetmish ming farishta unga salovat (mag‘firat so‘rab duo qilish) aytadi. Agar kechki payt ziyorat qilsa unga yetmish ming farishta tong otguncha salovat aytadi va unga jannatda bir bog‘ beriladi» (Imom Termiziy rivoyati). Oddiy paytlarda bemorni ziyorat qilish shu darajada katta savob ekan ajrlar ko‘paytirib beriladigan ushbu muborak oyda ularning adadi behisob bo‘lishi tabiiydir.
10. Ramazonda umra qilish. Ummu Ma’qal roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Ramazonda umra (qilish savobi) hajga tengdir». Bugungi kunda Yurtimizda umra ziyoratiga borish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Imkoni bor inson Ramazon oyida ziyoratga borishga harakat qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yuqorida biz keltirib o‘tgan sunnat amallar ko‘plab sunnatlarning bir qismi, xolos. Bu haqida yana o‘zbek tilida nashr etilayotgan kitoblar, maqola va gazetalardan ham ma’lumotlar olish mumkin. Alloh taolo barchamizni ushbu muborak kunlarda savobli amallarni ko‘paytirib olishga muvaffaq aylasin!
Iysoxon Yahyo tayyorladi
“Xalq so‘zi” gazetasi
2026 yil 7 iyul, № 137 (9308)
Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7-11 iyul kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda anjumanning maqsad va vazifalari, tadbirlar dasturi hamda xalqaro ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining amaliy davomi hisoblanadi.
Forumning bosh maqsadi islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan anjumanda 50 dan ortiq davlatlardan deyarli 300 nafarga yaqin xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Brifingda qayd etilganidek, forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi.
Forum o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda qator sohaviy sho‘ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Anjuman doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Imom al-Buxoriy — Ummat kitobi”ning “Al-Jome’ as-Sahih” asari mavzusidagi xalqaro konferensiya tezislar to‘plami, IRCICA bilan sheriklikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan birgalikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar namoyishi forumning eng esda qolarli voqealaridan biri bo‘ladi.
Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
Tadbir davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “Yo‘l xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Tadbirning muhim qismi Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalardir. Ular buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, hadislarni saralash uslublari, “Al-Jome’ as-Sahih”ning yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, To‘rkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.
Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil etiladi.
Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Brifingda ta’kidlanganidek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ma’rifiy anjuman sifatida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi boy merosini asrab-avaylash va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi. Shu ma’noda, forum nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma bo‘lishi kutilmoqda.