“India Narrative” axborot-tahliliy portalida hindistonlik taniqli xalqaro sharhlovchi Aditi Bhadurining O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Bektosh Berdiyev bilan suhbati e'lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda O'zbekistonda diniy erkinlik uchun yaratilgan sharoitlar, o'zbekistonliklar hayotida dinning tutgan o'rni, konfessiyalararo totuvlik, jamiyatning radikallashuviga qarshi olib borilayotgan izchil chora-tadbirlar haqida so'z yuritilgan.
O'zbekiston boy ma'naviy-ma'rifiy merosga ega. Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlar azaldan yirik ta'lim markazlari sifatida mashhur bo'lgan, deyiladi interv'yuda.
Suhbatda mazkur yo'nalishda ilmiy izlanishlar olib borayotgan, mamlakatimizda islom dini va merosi haqidagi bilimlarni tarqatayotgan islom oliy ta'lim muassasalari, jumladan, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati haqida ma'lumotlar taqdim etilgan.
O'zbek olimining “Biz jamiyatda bag'rikenglikni rivojlantiruvchi va targ'ib qiluvchi mutaxassislarni tayyorlaymiz, chunki O'zbekistonda islom azaldan shunday mazmun kasb etgan. Biz asrlar davomida turli madaniyatlar va g'oyalar ta'sirida bo'lgan Ipak yo'li chorrahasida joylashganmiz. Akademiyamizning asosiy maqsadlaridan biri ham jamiyatda bag'rikenglikni, turli din vakillari tinch-totuv yashashini mustahkamlashga hissa qo'shishdan iboratdir”, degan so'zlari keltirilgan.
Materialda O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida mamlakat dunyoviy davlat deb e'lon qilingani ta'kidlangan.
«Mamlakatimizda 130 millat va 16 turdagi diniy konfessiya vakillari bir oila bo'lib istiqomat qiladi. Ularning huquqlarini birdek himoya qilishimiz kerak. Biz demokratiya sharoitida yashashni xohlaymiz”, deydi Bektosh Berdiyev.
Interv'yu O'zbekiston xalqi Asosiy qonunga taklif etilgan ushbu tuzatishlarni referendumda qo'llab-quvvatlagani haqidagi so'zlar bilan yakunlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasi orqali xalqimizga ma’rifat ulashilmoqda. Ushbu nashrlarga eng ko‘p obuna tashkil qilgan xodimlar esa har yili taqdirlanadilar.
Bugun 12 may kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir "Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga faol obuna tashkil etgan imom-xatiblar taqdirlandilar va ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi", deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, yaqinlarga, do‘stlarga yaxshilik ulashish, ma’rifat tarqatishga dalolat qilish tahsinga sazovor ishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati