بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ غَافِرِ الذَّنْبِ وَقَابِلِ التَّوْبِ شَدِيدِ الْعِقَابِ ، وصَلَّى اللهُ عَلَى مُحَمَّدٍ قُدْوَةِ الْمُسْتَغْفِرِينَ ، وَسَلَّمَ وَعَلَى آلِهِ وَالْأَصْحَابِ وَالتَّابِعِينَ ، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ
TAVBA ESHIKLARI DOIMO OCHIQ
Hurmatli jamoat! Inson – o‘ziga xos yaratilishga ega bo‘lgan borliqdir. Alloh taolo unga ham aql, ham nafs istaklarini bergan. Nafsi aqlidan ustun kelganda inson bilib-bilmay xatolarga yo‘l qo‘yadi, gunoh ishlarga qo‘l uradi. Islom dinida shu holatga qanday qaraladi, u qanday muolaja qilinadi? Gunohkor bandaga rahmat eshiklari butunlay yopiladimi yoki unda yana Alloh taoloning marhamatiga erishish imkoniyati bormi?!
Islom dining asosiy qoidalaridan biri – modomiki banda tirik ekan, unga tavba eshiklari yopilmasligidir. Alloh taolo tavba qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘rishini bayon qilib, shunday deydi:
إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ
(سُورَةُ البَقَرَة / 222)
ya’ni: “...Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Sarvari Olam, barcha payg‘ambarlarning afzali bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam o‘tgan va kelajak gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramasdan, har kuni tavba qilar edilar.
يَا أَيُّهَا النَّاسُ ، تُوبُوا إِلى اللهِ واسْتَغْفِرُوهُ ، فإنِّي أتُوبُ في اليَومِ مئةَ مَرَّةٍ
(رَوَاهُ الْاِمَامِ الْبُخَارِيُّ عَنْ الأَغَرِّ بنِ يَسَارٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar! Unga istig‘for aytinglar! Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramasdan, Allohga tavba qilishlari – biz kabi gunohkor ummatlar uchun katta bir ko‘rsatmadir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan yana quyidagi hadis rivoyat qilingan:
" كُلُّ بَنِي آدَمَ خَطَّاءٌ وَخَيْرُ الْخَطَّائِينَ اَلتَّوَابُونَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Odam bolalarining hammasi – xatokor. Xato qiluvchilarning yaxshisi – tavba qiluvchilardir” (Imom Termiziy rivoyati).
“Tavba” arabcha so‘z bo‘lib, lug‘atda “qaytish” ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa tavba – “gunohidan pushaymon bo‘lish va uni (badani yoki moliga zarar bo‘lganidan emas, balki) gunoh bo‘lgani uchun tark qilish, kelajakda o‘sha gunohni qilmaslikka azmu-qaror qilish, solih amallarga kirishish, agar gunoh bandaning haqqiga bog‘liq bo‘lsa, haq egasini rozi qilish”dir.
Kichik gunohlar turli savobli ishlar bilan yuvilib ketadi. Lekin katta gunohlarga, albatta, tavba qilish shart bo‘ladi.
Dinimiz – haqiqiy ma’noda insonparvar va rahm-shafqat dinidir. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo‘lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Gunoh ishlardan keyin tavba qilish va solih amallar qilish bandani jannatga kiritadi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
فَخَلَفَ مِنْ بَعْدِهِمْ خَلْفٌ أَضَاعُوا الصَّلَاةَ وَاتَّبَعُوا الشَّهَوَاتِ فَسَوْفَ يَلْقَوْنَ غَيًّا إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ صَالِحًا فَأُولَئِكَ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ وَلَا يُظْلَمُونَ شَيْئًا
(سُورَةُ مَرْيَمَ / 59-60)
ya’ni: “So‘ngra ularning ortidan namozni zoye qilgan va shahvatlarga ergashgan kimsalar o‘rin oldilar. Endi ular, albatta, yomonlikka (yomon jazoga) yo‘liqurlar. Illo, imon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas” (Maryam surasi, 59-60-oyatlar).
Furqon surasida Alloh taolo tavba qilib, solih amal qilganlarning yomonliklari yaxshiliklarga aylantirishini xabar beradi:
إِلَّا مَنْ تَابَ وَآَمَنَ وَعَمِلَ عَمَلًا صَالِحًا فَأُولَئِكَ يُبَدِّلُ اللَّهُ سَيِّئَاتِهِمْ حَسَنَاتٍ وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَحِيمًا
(سُورَةُ الفُرْقَانِ/ 59-60)
ya’ni: “Illo, kimki (shu dunyoda) tavba qilsa va imon keltirib, yaxshi amal qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik (gunoh)larini yaxshilik (savob)larga aylantirib qo‘yar. Alloh mag‘firatli va rahmli zotdir” (Furqon surasi, 70-oyat).
Gunohning savobga aylanib qolishi qanday ma’no kasb etishi xususida turlicha tafsirlar bor. Masalan, sobiq gunohlari tavba bilan o‘chib, o‘rniga savobli ishlarni qilish bilan; gunoh qilish qobiliyati savobli ish qilish qobiliyatiga aylanishi bilan; Allohning tavfiqi sababli toat-ibodat va xayrli ish qilishga o‘tish bilan va hokazo. Hadisi shariflarda ba’zi mo‘minlarning kabira gunohlari kechirilib, sag‘ira gunohlari hasanotga aylantirilishi haqida bashorat qilingan.
Mo‘min-musulmon kishi barcha gunohlardan tavba qilishi vojib bo‘ladi. Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni chin tavba qilishga targ‘ib qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
(سُورَة التَّحْرِيمِ /8)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa! ...” (Tahrim surasi, 8-oyat).
Qur’oni karim oyatlarining 87 ta o‘rnida tavbaga targ‘ib etilgan. Agar astoydil tavba qilinsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor. Qur’oni karimda gunohlaridan tavba qilmagan kishilarni “zolimlar” deb atalgan:
وَمَنْ لَمْ يَتُبْ فَأُولَئِكَ هُمُ الظَّالِمُونَ
(سُورَة الحُجُرَاتِ / 11)
ya’ni: “Kimki tavba qilmasa, bas, aynan o‘shalar (gunoh ishlar bilan o‘zlariga nisbatan) zulm qiluvchilardir” (Hujurot surasi, 11-oyat).
Alloh taolo o‘zining fazlu karami bilan jaholat tufayli gunoh qilib, keyin tezda unga afsus-nadomat chekkan kishilarning gunohlarini kechirishini va’da qilgan:
إِنَّمَا التَّوْبَةُ عَلَى اللَّهِ لِلَّذِينَ يَعْمَلُونَ السُّوءَ بِجَهَالَةٍ ثُمَّ يَتُوبُونَ مِنْ قَرِيبٍ فَأُولَئِكَ يَتُوبُ اللَّهُ عَلَيْهِمْ وَكَانَ اللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا
(سُورَة النِّسَاءِ / 17)
ya’ni: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Hazrati Umar raziyallohu anhu: “Ko‘p tavba qiluvchilar bilan hamsuhbat bo‘linglar. Chunki ular qalbi pok, halim kishilar bo‘ladi”, – deganlar.
Ali ibn Tolib raziyallohu anhu tavba qiluvchilarni maqtab: “Najot topib ketgan kishining ahvolini qarang!”, – degandilar. “Najot nima”, – deb so‘rashdi. U zot: “Tavba va istig‘for”, – dedilar.
Abu Bakr Vositiy rahmatullohi alayhi: “Hamma narsada xotirjamlik yaxshi, lekin uch narsada yaxshi emas: namoz vaqti kelganda, mayyitni dafn qilishda va gunohdan tavba qilishda”, – dedilar.
Xulosa o‘rnida shuni aytamizki, ulamolarimiz gunohlarni uch turga bo‘lib, shunday deydilar:
“Gunohlar uch turli bo‘ladi: Alloh kechirmaydigan gunoh, Alloh kechiradigan gunoh, Alloh taolo hech narsani qo‘ymay, hisobini ham so‘raydigan gunoh.
Alloh taolo barchamizni hol-hayotda bilib-bilmay qilgan gunohlarimizga tez tavba qilishimizni nasib aylasin! omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OTA-ONA ROZILIGINI TOPISH – FARZANDNING BURCHI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Tavba eshiklari doimo ochiq” mavzusidagi juma tezisiga ilova
Rahmat oyiga munosib muruvvat
«Bir g‘arib ko‘nglini qila olsang shod,
Yaxshidir yer yuzin qilgandan obod».
Ma’lumki, adolat o‘rnatish, xalqqa rahm-shafqat ko‘rsatish dinimizning asosiy g‘oyalaridan hisoblanadi. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur” (Nahl surasi, 90-oyat).
Shariatimizda bag‘rikenglik va afv etishga ko‘p da’vat qilingan. Chunki, afv qilish Alloh taoloning ulug‘ sifatlaridan biridir. Parvardigorimiz oyati karimada: “...Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir”, degan (Tag‘obun surasi, 14-oyat).
Adolat o‘rnatish, avf qilish dinimizning asosiy g‘oyalaridandir. Ayniqsa, bu ish davlat rahbari tomonidan amalga oshirilsa, unga nisbatan Alloh taoloning ham, xalqning ham muhabbati ziyoda bo‘ladi. Qolaversa, adolatparvarlik va kechirimlilik jamiyatning farovonligi, yurt obodligi uchun muhim omil hisoblanadi.
Muhtaram yurtboshimizning topshirig‘iga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarildi. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi. Muborak Ramazon oyida amalga oshirilgan ushbu ezgu va oqilona tadbir Qur’oni karim va hadisi shariflardagi ilohiy ko‘rsatmalarga hamohang va tahsinga sazovordir.
Aldov oqibatida o‘zga yurtlarga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu vatandoshlarimizga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.
Ushbu xalqparvar va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan Yurtboshimizning qarori kelajakda o‘z samarasini ko‘rsatadi. Xalqimizning o‘zaro ahlligi va birdamligi uchun ulkan namuna bo‘la oladi. Buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy o‘zlarining “Hayratul abror” asarlarida shunday hikoyani keltiradilar: “Saxiy bir podshohning xizmatkori bor edi. Kunlarning birida ziyofat vaqtida falokat bosib, oyog‘i chalishib, podshohning ustiga issiq taomni to‘kib yuboribdi. A’yonlar: “Podshoh endi uni o‘ldiradi, gunohiga loyiq jazo shu!” deyishibdi. Shoh esa xizmatkorning ahvolini ko‘rib, uni kechirib, marhamat ko‘rsatibdi. Bunga hayron bo‘lgan vaziri: “Ey saxiylikda beg‘araz podshohim, unga tig‘dan boshqa narsa loyiq emas edi-ku?” debdi. Shoh kulimsirab: “Xijolatning o‘zi uni o‘ldirib bo‘ldi. Hech kim o‘lgan kishini qaytadan o‘ldirmagan, boshiga jazo tig‘ini tortmagan...”.
Xulosa qilib aytganda, bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek: “Har bir millatning taraqqiy etishi, yuksalishi, davlat va hukumatlarning bardavom bo‘lishi adolatga bog‘liqdir”. Ushbu fikrning isboti ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘lib turibdi – mamlakatimiz kundan-kun chiroy ochib, yurtdoshlarimizning ijtimoiy ahvoli yaxshilanib, eng muhimi, xalqda davlatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi mustahkamlanib bormoqda.
Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!
Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!
Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!
Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!
Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!
Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!
Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].
Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].
Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun rozi bo‘lur...»[4].
Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.
Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: “Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].
Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 152-oyat.
[2] Niso surasi, 147-oyat.
[3] Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4] Zumar surasi, 7-oyat.
[5] Ibn Hibbon rivoyati.
[6] Imom Buxoriy rivoyati.
[7] Imom Tabaroniy rivoyati.