Tanlovga!
Bandalariga ro‘za tutishni farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar, Ro‘za amallarini go‘zal tarzda ado qilishda yo‘lboshchi bo‘lgan Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovot va salomlar bo‘lsin.
Albatta, Ramazon islomiy oylar ichida fazilatlarga boy va barakali oylardan hisoblanadi. Bu oyda hidoyat qo‘llanmasi bo‘lgan Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi ham, bu oyning eng afzal oy ekaniga dalolat qiladi. Shuningdek, bu oyning fazilati va barkasi borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan juda ko‘plab hadisi-shariflar rivoyat qilingan.
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِذَا دَخَلَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ الجَنَّةِ ، وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ ، وَسُلْسِلَتِ الشَّيَاطِينُ رواه البخاري (3277) ، ومسلم (1079).
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazon oyi kelishi bilan jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi» - dedilar. Muttafaqun a’layh.
Haqiqatda, Ramazon oyining fazilatlari va barakotlari juda ham ko‘p. Bu borada juda ko‘p mavi’zalarda eshitib, ko‘plab maqolalar orqali xabardor bo‘lganmiz. Lekin, bugun e’tiborimizni boshqa tomonga qaratamiz. Ya’ni, bu oyning fazilatlari ko‘p bo‘lish bilan birga, tarixda bu ulug‘ kunda juda ko‘plab muhim tarixiy voqealar bo‘lib o‘tgan. Quyida ularni birma- bir sanab o‘tamiz.
Ramazonning birinchi kuni:
1) 2-hijriy yil Dushanba. Musulmonlar birinchi marta ramazon ro‘zasini tutdilar.
2) Ibrohim alayhissalomga ilohiy sahifalar tusha boshlagan.
3) Hijriy 73-yil. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu vafot etdilar.
4) Hijriy 91- yil. Andalusni fath qilish boshlangan.
5) Hijriy 472- yil. Abu Ali ibn Sino vafot etdi.
Ramazonning ikkinchi kuni:
1) Hijriy 65-yil. Abdumalik ibn Marvon Umaviy xalifa etib tayinlandi.
Ramazonning uchinchi kuni:
1) Hijriy 11- yil. Fotimai Zahro roziyallohu anho vafot etdilar.
2) Hijriy 37- yil. Tahkim voqeasi bo‘lib o‘tdi.
Ramazonning to‘rtinchi kuni:
1) Hijriy 1- yil. Hamza roziyallohu anhu birinchi sariyaga chiqdilar.
2) Hijriy 666 - yil. Antokiya Slavyanlardan qaytarib olindi.
Ramazonning oltinchi kuni:
1) Muso alayhissalomga Tavrot sahifalari tusha boshladi.
2) Hijriy 63- yil. Musulmonlar Sind shahrini fath qildilar.
Ramazonning yettinchi kuni:
1) Hijriy 361- yil. Al-Azhar universiteti ochildi.
Ramazonning sakkizinchi kuni:
1) Hijriy 273- yil. Ibn Moja rohimahulloh vafot etdilar.
2) Hijriy 455- yil. Alp Arslon Saljuqiylar voliysi etib tayinlandi.
Ramazonning o‘ninchi kuni:
1) Payg‘ambarlikning 10-yili, hijratdan 3 yil avval. Xadiyja roziyallohu anhu vafot etdilar.
2) Hijriy 485-yil. Nizomul mulk Abul Hasan Aliy ibn Ishoq o‘ldirildi.
Ramazonning o‘n birinchi kuni:
1) Hijriy 3-yil. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anhoga uylandilar.
2) Hijriy 9-yil. Saqif qabilasi elchilari Rosululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida bo‘ldi.
3) Hijriy 95- yil. Sai’d ibn Jubayr vafot etdilar.
4) Hijriy 624- yil. Chingizxon vafot etgan.
5) Hijriy 922- yil. Sulton Salim Damashqni fath qildi.
Ramazonning o‘n ikkinchi kuni:
1) Hijriy 597- yil. Ibn Javziy rohimahulloh vafot etdilar.
Ramazonning o‘n uchinchi kuni:
1) Hijriy 15-yil. Umar roziyallohu anhu Shomni egalladilar
2) Hijriy 40- yil. Abu Luboba roziyallohu anhu vafot etdilar.
Ramazonning o‘n to‘rtinchi kuni:
1) Hijriy 132-yil. Abbosiylar Umaviylar poytaxti Damashqqa hujum qilishdi.
2) Hijriy 612- yil. Ibn Atoulloh Sakandariy tavallud topdilar.
Ramazonning o‘n beshinchi kuni:
1) Hijriy 3-yil. Hasan ibn Aliy roziyallohu anhu dunyoga keldilar.
2) Hijriy 37-yil. Muhammad ibn Abu Bakr roziyallohu anhu Misrga voliy etib tayinlandilar.
3) Hijriy 383- yil. Abu Bakr Xorazmiy vafot etdilar.
4) Hijriy 543- yil. Fahriddin ar-Roziy dunyoga keldilar.
Ramazonning o‘n yettinchi kuni:
1) Hijriy 2-yil. Katta Badr g‘azoti bo‘lib o‘tdi.
2) Hijriy 2-yil. Ruqayya (roziyallohu anho) binti Rosululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar.
3) Hijriy 85-yil. Mo‘minlar onasi Oyisha roziyallohu anho vafot etdilar.
4) Hijriy 124- yil. Muhammad ibn Muslim az-Zuhriy vafot etdilar.
Ramazonning o‘n sakkizinchi kuni:
1) Hijriy 21- yil. Xolid ibn Valid vafot etdilar.
2) Hijriy 560- yil. Muhyiddin ibn Arabiy dunyoga keldi.
Ramazonning yigirmanchi kuni:
1) Hijriy 8-yil Makka fath qilindi.
2) Hijriy 652- yil. Sayfuddin Qutuz dunyoga keldilar.
Ramazonning yigirma birinchi kuni:
1) Hijriy 40- yil. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu vafot etdilar.
2) Hijriy 95- yil. Hajjoj ibn Yusuf as-Saqofiy dunyoga keldi.
3) Hijriy 1353- yil. Fors yurti Eron davlati deb o‘zgartirildi.
Ramazonning yigirma uchinchi kuni:
1) Hijriy 9-yil Musulmonlar «Lot» nomli butni buzib tashlashdi.
2) Hijriy 26- yil. Yazid ibn Muoviya tug‘ildi.
Ramazonning yigirma to‘rtinchi kuni:
1) Hijriy 20- yil. Amr ibn Os masjidini qurish boshlandi.
Ramazonning yigirma beshinchi kuni:
1) Hijriy 8-yil. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu «Uzzo» nomli ibodatxonani buzib tashladilar.
2) Hijriy 129-yil. Abu Muslim Xurosoniy Umaviylarga qarshi qo‘zg‘olon boshladi.
3) Hijriy 544- yil. Faxruddin ar-Roziy tavallud topdilar.
4) Hijriy 658- yil. «Ayni jolut» jangi bo‘lib o‘tdi.
Ramazonning yigirma oltinchi kuni:
1) Hijriy 762- yil. Badruddin Ayniy rohimahulloh dunyoga keldilar.
Ramazonning yigirma yettinchi kuni:
1) Hijriy 927- yil. Belgrad fath etildi.
Ramazonning yigirma sakkizinchi kuni:
1) Hijriy 2-yil. Zakot farz bo‘ldi.
Ramazonning yigirma to‘qqizinchi kuni:
1) Hijriy 1425- yil. Yosir Arafot vafot etdi.
Ramazonning o‘ttizinchi kuni:
1) Hijriy 256- yil. Imom Buxoriy vafot etdilar.
2) Hijriy 384- yil. Imom ibn Hazm dunyoga keldilar.
Toshkent Islom instituti talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin.
E’tiqod inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, barcha insonlar e’tiqodlariga ko‘ra maqsad qo‘yadilar va o‘shanga ko‘ra hayot kechirishga intiladilar. To‘g‘ri e’tiqod bilan qilingan amal durust va qiymatli bo‘ladi. Bu haqiqatni So‘fi Olloyor bobomiz quyidagicha bayon qilgan:
Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldir.
Ya’ni e’tiqod xato bo‘lar ekan u bilan har qancha amal qilinmasin foydasini bermaydi. Qur’oni karimda quyidagi oyat shunga dalolat qiladi:
“Robblariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo‘ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydir. Ular o‘z kasblaridan biror narsaga ega bo‘lmaslar. Ana o‘sha uzoq adashuvning o‘zidir”[1]. (Ibrohim surasi, 18-oyat)
To‘g‘ri e’tiqodga tegishli barcha ma’lumotlarni topishga faqatgina aqlning o‘zi kifoya qilmaydi. Shuning uchun ham har bir zamonda insonlarni ogohlantiruvchi, ularga ta’lim beruvchi payg‘ambarlar yuborilgan.
To‘g‘ri e’tiqodni noto‘g‘risidan ajratuvchi va ularning tafsilotlarini bayon qiluvchi ilm aqida yoki kalom ilmi deyiladi. Bu ilmda Yaratuvchining borligi, sifatlari, ismlari, nubuvvat, borliq va sam’iyot (g‘aybiyot) mavzulari haqida bahs yuritiladi. Bu ilm oqil insonlarni mazkur narsalar to‘g‘risida ikkilanish yoki taqlid qilishdan qat’iy ravishda aniq ishonchli bo‘lishlariga xizmat qiladi. Ahli sunna olimlari boshqa firqalardan farqli o‘laroq aqidaviy hukmlarda aql va naql o‘rtasidagi muvozanatni saqlaganlar. Boshqalar esa yo aqliy dalilni hujjat qilishda yoki naqliy dalilni hujjat qilishda g‘uluvga ketganlar va natijada xatoga yo‘l qo‘yganlar. Chunki ularning bahslari sof ilmiy manhaj ustiga qurilmagan.
Imom Abu Mansur Moturidiy ilmni quyidagicha ta’riflagan:
العلم صفة يتجلى بها المذكور لمن قامت هي به
«Ilm bir sifat bo‘lib, bu sifat kimda bo‘lsa, e’tibor qilish mumkin bo‘lgan narsalar unga aniq-ravshan bo‘ladi»[2].
Demak, ilm bo‘lishi uchun e’tibor qaratish, zikr qilish mumkin bo‘lgan narsalarning aniq ravshan bo‘lishiga sabab bo‘ladigan sifat bo‘lishi lozim ekan. Agar bunday darajada bo‘lmasa u ilm emas, balki taxmin yoki katta ehtimol darjasidagi tushuncha hisoblanar ekan.
«Hujjat» so‘zi dalil, isbot ma’nolarini anglatadi. «Hujjat qilish» iborasi arab tilida الاحتجاج deyilib «nimanidir dalil qilib olish» ma’nosida qo‘llanadi[3]. Shu ma’noda hujjat so‘zi har qanday turdagi dalil qilib keltirishga nisbatan umumiy ma’noda ishlatiladi.
Islom shariatida dalillar «qat’iy» (shak-shubhasiz aniq) va «zonniy» (katta ehtimol bilan aniq) darajalariga bo‘linadi. Qat’iy va zonniy dalillarni ulamolar quyidagi turlarga ajratganlar:
Mazkur taqsimotdan kelib chiqib shuni tushunish mumkinki, dalillarning ichida dalolati va subuti qat’iy bo‘lganlari ham, dalolati va subuti zonniy bo‘lganlari ham bor. Yana dalolati va subutida qat’iylikni ifodalashda kamchilik bilan qabul qilinadigan dalil turi ham mavjud. Talab qilingan narsani sobit qilishda mustaqil qabul qilinmaydigan lekin, undan ikkilamchi dalil sifatida, quvvatlash uchun qabul qilinadigan dalil turi ham bor. «Hujjat qilish» iborasi yuqoridagi barcha darajalarga birdek qo‘llaniladi.
Shunga ko‘ra ba’zi dalillar tafsir va siyrat kabi ilmlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lsa ham, ammo shar’iy hukmlarni sobit qilishda qo‘llanishi mumkin bo‘lmaydi. Yana shunday o‘rinlar bo‘ladiki unda talab qilingan narsani isbot qilishda dalil mustaqil hujjat bo‘la oladi. Boshqa bir o‘rinda esa, quvvatlovchi bo‘lib keltirilgan dalilga ham “hujjat qilish” iborasi qo‘llanadi.
Biz mutavotir va ohod lafzlarini u bilan qaydlayotgan «xabar» so‘zi lug‘atda “so‘zlash yoki yozish tariqasida aytib beriladigan narsa”ga ishlatiladi[7]. Istilohda «xabar» so‘zi ilmning turiga qarab qo‘llaniladi. Mantiq va grammatika ilmida «xabar» deb rost va yolg‘on ehtimolini ko‘taradigan gapga aytiladi. Hadis ilmida hadisning sinonimi sifatida Nabiy (a.s.) ning so‘zi, sahobalarning gaplari va tobeinlarning fatvolariga nisbatan «xabar» so‘zi qo‘llaniladi. Aqoid ilmida esa, «rost xabar» deb qaydlanib, ilmni hosil qiluvchi sabablardan biriga aytiladi.
Aqoid ilmida qat’iylikka dalolat qilgani uchun asosan mutavotir xabarlar hujjat qilinadi va u ilmni ifodalaydi. Najmiddin Umar Nasafiy mutavotir xabar zaruriy ilmni hosil qiladi[8], degan. Ya’ni bunday xabar bilan hosil bo‘lgan ilm ishonmaslikning imkoni yo‘q darajadagi aniq ma’lumot bo‘ladi. Shunga ko‘ra, bunday xabar kelganda boshqa biror dalilga ehtiyoj qolmaydi.
Qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan hukmlar qat’iy tasdiqlanishi lozim. Aqidada zonniy dalillar bilan sobit bo‘lgan zonniy hukmlar ham mavjud bo‘lib, uni inkor qilgan kishi kufr va bid’atda ayblanmaydi. Dinga tegishli ekani inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ma’lum narsalarni inkor qilgan kishi kufrda ayblaniladi[9], chunki ular mutavotir yo‘l bilan bilingan bo‘ladi.
Mutaaxir ulamolardan Kamol ibn Humom kalom ilmini ta’rifida aqida ilmidagi dalillar qat’iy va zonniy bo‘lishini ochiq bayon qilgan:
الكلام معرفة النفس ما عليها من العقائد المنسوبة إلى دين الإسلام عن الألة، علما، وظنا في البعض منها
“Kalom ilmi kishini o‘zining zimmasiga lozim bo‘lgan Islom diniga mansub bo‘lgan aqidalarni dalillardan aniq bilishi va ba’zilarini zonniy[10] bilishidir”[11].
Ohod xabarlar zonniy dalillar turiga kiradi. Ushbu xabar qat’iy ya’ni kuchli ishonchga ega bo‘lgan yo‘l bilan yetib kelmagan. Ohod xabarning darajasi mutavotirnikidan past ekanining sababi ohod xabarda kelgan lafz va ma’no Rasul alayhissalom aytgan gaplari ekanligida oz bo‘lsa-da shubha bor. Shuning uchun bunday dalillar hujjat bo‘lgan hukmlarni zonniy darajasida tasdiqlash vojib bo‘ladi.
Aqidadagi ilohiyot bobining ism va sifatlar mavzusida, nubuvvat bobining mo‘jiza va uning turlari bahsida hamda sam’iyyot boblarida ohod xabarlar hujjat qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek ba’zi masalalarda tafsilotlarni bayon qiluvchi dalil boshqalarida esa, ikkilamchi dalil bo‘lib kelgan.
Rosulullohning ko‘plab mo‘jizalari ohod yo‘l bilan rivoyat qilingan. Bu rivoyatlarning dalolati qat’iy, biroq subuti zonniy bo‘lgan. Mo‘jizaga zamondosh bo‘lib yashagan kishilarga nisbatan mo‘jizaning dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Sababi ular o‘zlari mo‘jizaga guvoh bo‘lishgan. Zero biror bir xabar Rosululloh bilan zamondosh bo‘lib yashagan kishiga mutavotir yo‘l bilan yetib borgan bo‘lsa dalolati ham, subuti ham qat’iy bo‘ladi. Lekin sahobalardan keyingilarning davriga kelib dalilning sobit bo‘lishida kamchilik paydo bo‘lgani uchun[12] ularning subuti qat’iy bo‘lmay qolgan. Ammo turli rivoyat yo‘llari bilan rivoyat qilingan ohod xabarlar yig‘indisi mutavotir bo‘ladi. Buni Rosulullohning bir qancha mo‘jizalarida ko‘rish mumkin. Toshlarning Payg‘ambar (a.s.)ga salom bergani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ning barmoqlari orasidan suv chiqqani haqidagi xabar, Nabiy (a.s.)ga qo‘llaridagi mayda toshlarning tasbeh aytganligi haqidagi xabar, tuyaning Rosululloh (a.s.)ga gapirganligi haqidagi xabar, Yahudiylar tarafidan zaharlanganligi haqida xabar bergan qo‘y go‘shtining xabari bularning barchasi ohod xabarlardir. Ushbu ohod xabarlarning jamlanmasi Nabiy (a.s.)da umumiy «hissiy mo‘jizalar» bo‘lgani haqidagi ma’noni mutavotir darajada sobit qiladi. Bu tarzda ohod xabarlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan ma’naviy mutavotir xabar ustiga Muhammad alayhissalomda nubuvvat mavjud ekanligini bino qilsa bo‘ladi. Ya’ni nubuvvat mo‘jiza bilan quvvatlangan ekan bu turdagi mo‘jizani ko‘rsatgan kishida nubuvvatni sobit qilish mumkin hisoblanadi.
Lekin ohodlar jamlanmasi bilan sobit bo‘lgan xabarlarni chuqur o‘rganish, fikr yuritish lozim. Rivoyat yo‘llari, rivoyat turlari, sharhlarda kelgan rivoyat yo‘llari izlanilishi kerak. Muhammad alayhissalomning payg‘ambar ekanliklarini Qur’ondagi dalillardan tushunmayotgan kishiga ohod hadislar yig‘indisi bilan ma’naviy mutavotirlikka yetgan mo‘jizalarni bayon qilib berish bilan nubuvvatlarini isbot qilish mumkin bo‘ladi. Islomning hujjati laqabi bilan tanilgan Abu Homid G‘azzoliy "الإقتصاد في الإعتقاد" kitobini g‘ayb masalalari-sam’iyot bobini bayon qilish bilan boshlagan. Asarda imom shunday degan:
ثم كلما ورد السمع به ينظر، فإن كان العقل مجوزا له وجب التصديق به قطعا إن كانت الأدلة السمعية قاطعة في متنها ومستندها لا يتطرق إليها احتمال، وجب التصديق بها ظنا إن كانت ظنية
"Eshitish yo‘liga ko‘ra vorid bo‘lgan (ya’ni aql bilan topib bo‘lmaydigan) har bir xabar haqida tafakkur qilib ko‘riladi[13]. Agar aql u (xabar)ni joiz deb bilsa va sam’iy dalillarning matni va sanadi shubhaga o‘rin qoldirmaydigan darajada qat’iy[14] bo‘lsa, uni qat’iy tasdiqlash vojib bo‘ladi. Agar (sam’iy dalillar)zonniy[15] yo‘l bilan vorid bo‘lgan bo‘lsa, uni zonniy tasdiqlash vojib bo‘ladi”[16].
Imomning ushbu gapi yuqoridagi Kamol ibni Humomning aqidaga bergan ta’rifini quvvatlaydi.
Aqoidda jazm va qat’iylik talab qilinadigan o‘rinlarda ohod xabarlar olinmaydi. Chunki, bu xabarning darajasi jazm va qat’iyatga salohiyatli emas. Bunday o‘rinlarda ohod xabarning dalil bo‘lolmasligi u xabarni Rosulullohga mansub emasligini keltirib chiqarmaydi balki, uning Rosulullohga nisbat berilishi qat’iy yo‘l bilan sobit bo‘lmaganini bildiradi xolos. Shunga ko‘ra agar ohod xabar o‘rganilib Rosulullohga nisbati haqiqiy ekaniga ishonch hosil qilinsa, u hujjatlikka yaraydi. Olimlar «ohod xabar hujjat bo‘lishga yaramaydi» deyishgan bo‘lsa, qat’iy va zonniyning martabalariga rioya qilgan holda shunday deyishgan bo‘ladi. Masala qat’iy bo‘lib, dalilning darajasi undan pastroq ya’ni, zonniy bo‘lsa, qat’iyni zonniy bilan sobit qilib bo‘lmaydi. Bu ilm falsafasiga to‘g‘ri kelmaydi. Aqidaviy hukmlardan kelib chiqqan zonniy masalalarda ohod xabarlardan hujjat sifatida foydalanilgan. Sirot, mezon, jannat va do‘zaxning vasflari, jannatdagi daraxtning vasflari shular jumlasiga kiradi.
Ohod xabar inkor qilinmaydi ham, yolg‘onga ham chiqarilmaydi. Muhaddislar ohod hadisni sahih deb topishgan. Imom Buxoriy, Imom Muslim «Sahih»larida ohod xabarlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. Hadisni rivoyat qiluvchining soni oz bo‘lsa ham, roviysi ishonchli bo‘lsa xabar yolg‘onga chiqarilmaydi.
«Ohod hadis sahih bo‘lishining ma’nosi nima?» deyilsa, xabarni ishonchli roviylar rivoyat qilishgan bo‘lishi uni sahih ekanligini bildiradi. Endi buni inkor qilish yoki, yolg‘onga chiqarish o‘sha ishonchli roviyni inkor qilish yoki yolg‘onga chiqarish bo‘ladi va buning uchun ham dalil talab qilinadi.
Hadislar Islom dinining asosiy masdarlaridan biri va u ilohiy kitob Qur’onni bayon qiluvchidir. Sahobalar Rosul (a.s.)dan eshitgan, ko‘rgan, bilgan har bir narsalariga omonat sifatida qarab keyingilarga yetkazishga qattiq intilishgan. Hadislarning sharhida zohiran bir-biriga zid kelib qolganlarini muvofiqlashitirish asnosida sahobiyning Nabiy alayhissalomning qaysidir gaplarini uzoqda turganligi yoki kech kelganligi va boshqa sabablarga ko‘ra to‘liq holda xabardor bo‘lmay qogan bo‘lish ehtimolini bayon qilishadi. Yoki mavjud holatga birgina sahobiy guvoh bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu kabi qat’iyatga nuqson yetqizadigan omillar bo‘lishiga qaramay o‘zlaridan keyingilarga yetkazishga haris bo‘lishgan. Tobeinlar va ularga ergashganlar ham shunday bo‘lganlar. Ya’ni ohod hadis hadis o‘laroq Rosul alayhis solatu vassalamga nisbat beriladi va nisbati o‘laroq unga amal qilinadi. Shar’iy hukmlar borasida ohod hadisga amal qilishda kengchilik bor. Aqidaviy hukmlarda hujjat qilinishida ixtiloflar ko‘plab uchagan. Biroq bu fikrlar yaxshilab o‘rganilishga muhtojdir. Ohod xabarning hujjat bo‘lishini butunlay inkor qilishganmi yoki asliy hukmlarda hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi yoki qat’iy va zonniy masalalarning darajasi o‘laroq ohod xabarning hujjat bo‘lishini inkor qilishganmi?
«Ohod xabar ilmni ifodalaydi» deganlar zonniyning yuqori darajasini nazarda tutishgan. Ehtimol ular bu gaplari bilan mutlaq ohod xabarni qasd qilishmagan balki, boshqa ishora va dalilar bilan quvvatlangan ohod xabarni nazarda tutgan bo‘lishlari ham mumkin. Zero, agar ohod xabar “qarinalar” (boshqa ishora va dalilar) bilan quvvatlansa, qat’iy ishonch darajasiga ko‘tariladi va ilmni ifodalaydi. Yuqoridagi gapni aytganlar katta ehtimol bilan shu ma’noni nazarda tutgan bo‘lishlari mumkin. Olimlarning bu boradagi ixtiloflari sabablarini o‘rganmay turib yuzaki baho berishga aslo shoshilmaslik kerak. Aqidada ohod xabarlar bilan hujjatlangan zonniy masalalarni inkor qilgan kishini kufrda ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu borada aqidadagi qat’iy masalalar va zonniy masalalar o‘rtasidagi farqlarni ajrata bilish albatta, zarurdir. Bularni farqlash juda ko‘plab tushunmovchiliklarga barham beradi.
Muxlisa NARZULLAYEVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim mutaxassisi
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolar tarjimasi. –T.: Sharq, 2011.- B. 257.
[2] Abdulqodir Abdur Rahim. E’tiqod durdonalari. –T.: Hilol nashr, 2014. - B. 10.
[3] Ibn Manzur. Lison ul arab. – Qohira: Dar al ma’arif, 2016. - B. 779.
[4] Zafar Ahmad al Usmoniy al Tahonaviy. Qova’id fi ulumil hadis./ Muhaqqiq: Abdulfattoh Abu G‘udda. – Qohira: Dar al salom, 1972. - B. 31.
[5] Doktor Kiloniy Muhammad Xalifa. Manhaj al hanafiyya fi naqdil hadis. – Qohira: Dar al salom, 2010. – B. 96.
[6] Doktor Saloh Abul Hoj. Tahzibu masaril vusul ila ilmil usul. – Ummon: Markaz anvar al ulama lil dirosat, 2020. - B. 66.
[7] Mo‘jam al vasit. Mo‘jam al lug‘otul arabiyya. -Maktabat al shuruq al davliyya, 2008. - B. 215.
[8] Muhammad Yosir ibn Azizurrohman al-Hanafiy. Tahzibul arvoh an-nafsiyya fi taysiri sharhul aqoidin Nasafiyya. –Britaniya: (nashriyot ko‘rsatilmagan), 2010. - B. 31.
[9] Izoh: bu yerda Islomning ruknlari va shiorlari ko‘zda tutilgan.
[10] Katta ehtimol bilan bilishi
[11] Kamoliddin Muhammad Abu Sharif Maqdisiy. Al musamarotu bi sharh al musayaro. - Damashq: Dar al Bayrutiy, 2024. - B.54.
[12] Roviydagi shubha, ta’na-kamchilik va xotiraning yomonligi va rivoyat qiluvchisining kamligi sabab xabarda paydo bo‘lgan kamchilik
[14] Kuchli ishonchga ega
[15] Kuchli ehtimolga ega
[16] Muhammad Abu Homid al G‘azzoliy. Kitab al iqtisod fil e’tiqod. – Bayrut: Dar al kutub al ilmiyya, 2021. - B. 115.