Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
فَمَن يُرِدِ اللّهُ أَن يَهْدِيَهُ يَشْرَحْ صَدْرَهُ لِلإِسْلاَمِ وَمَن يُرِدْ أَن يُضِلَّهُ يَجْعَلْ صَدْرَهُ ضَيِّقاً حَرَجاً كَأَنَّمَا يَصَّعَّدُ فِي السَّمَاء كَذَلِكَ يَجْعَلُ اللّهُ الرِّجْسَ عَلَى الَّذِينَ لاَ يُؤْمِنُونَ
“Kimni Alloh hidoyat qilmoqchi bo‘lsa, uning ko‘ksini Islomga ochib qo‘yadir. Kimni zalolatga ketkazishni iroda qilsa, uning ko‘ksini xuddi osmonga ko‘tarilayotgandek, tor va tang qilib qo‘yadir. Shunday qilib, Alloh iymon keltirmaydiganlarga azobni duchor qilur”. (Alloh taolo bandalaridan kimga hidoyatni ravo ko‘rsa, o‘sha bandaning ko‘ksini keng qilib qo‘yadi. U banda iymon va Islomni keng qalb ila qabul qiladi. Aksincha, Alloh taolo kimga zalolat va kufrni ravo ko‘rsa, uning qalbini tor va tang qilib qo‘yadi. Iymon va Islom haqida biror gap eshitsa, siqilaveradi. Ilm rivojlanib, odamlar fazoga uchadigan bo‘lganlarida, inson qanchalik balandga ko‘tarilsa, yuragi–ko‘ksi shunchalik siqilishi kashf etildi. Agar Qur’on haqiqiy ilohiy kitob bo‘lmaganda, bundan o‘n to‘rt asr avval bu ilmiy haqiqatni qanday qilib kashf etar edi?) (An’om surasi, 125-oyat).
Bu oyatlar bundan o‘n to‘rt asr oldin nozil bo‘lgan. Kosmik kema, skafandr, rasadxona kabi narsalar kashf etilmagan, Arabiston yarim orolida astronomiya ilmi rivojlanishi u yoqda tursin, u yerda birov bu ilm bilan shug‘ullanmagan bir paytda bu kabi gapni Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayerdan bilib aytdilar ekan?! Albatta, bu haqiqatni u kishiga osmonlarni va Yerni yaratgan Zot bildirgandir!
Nozimjon Iminjonov
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.