Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.
Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.
Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?
Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.
Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.
Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عيسى العسقلاني أنا يزيد أنا حميد عن أنس عن عبادة بن الصامت قال: خرج علينا رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وهو يريد أن يخبرنا ليلة القدر فتلاحى رجلان.فقال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: خرجت وأنا أريد أن أخبركم بليلة القدر وكان بين فلان وفلان لحاء فرفعت وعسى أن يكون خيرا فالتمسوا في العشر الأواخر في الوتر منها في خامسة وسابعة وتاسعة.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam Qadr kechasi haqida aytib berishga chiqqan edilar. Ikki kishi talashib qoldi. Shunda u zot alayhissalom: “Qadr kechasini aytgani chiqqan edim. Mana bular talashib qolishdi va esimdan chiqib ketdi. Oxirgi o‘n kunida toq kunlari, yigirma besh, yigirma yetti va yigirma to‘qqizidan izlanglar”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi