Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.
Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.
Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?
Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.
Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.
Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Otalarni bekorga “davlatim” demaymiz. Ular bor ekan, hayotda o‘z o‘rnimizni topamiz. Otalar biz yaxshi o‘qishimiz uchun qo‘llaridan nima kelsa, qiladi. O‘z oyoq kiyimlari yirtilib qolsa yamab kiyar, lekin bizga yangisini olib beradi. Ishlari yurishmay sal pul topishlari kamayib qolsa, siqiladi, lekin buni bizga bildirmaydi.
Bolaligimizda-chi! Biz yosh bola bo‘lib, “uni olib bering, buni olib bering”, desak, ko‘nglimizga qarashadi. Tirnoqlarimiz, sochlarimizni olib qo‘yadilar.
Halqimizda “Ota rozi – Xudo rozi”, degan maqol bor. Hayot bo‘lgan otalarimizni qadrlaylik, o‘tib ketgan bo‘lsalar, Alloh rahmat qilsin. Bir gap – ular hatto o‘tgan bo‘lsalar ham bizning davlatlarimiz ekan.
Ey umrim javhari, davlatim otam,
Dillari quyoshdir, mehribon otam,
Sizga izdoshdirman to umrim qadar,
Boshimda doimiy soyabon otam.
Bu dunyo sinovli yolg‘onchi go‘yo,
O‘tgaydur umrlar misoli daryo,
Do‘st degan ulfatim bo‘lsa-da ammo,
Bo‘lolmas siz kabi qadrdon, otam.
Akbarshoh RASULOV