Ramazon – taroveh oyi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oyda tunlari ibodatga qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Olimlar Ramazon kechalari qoim bo‘lishdan murod taroveh namozini ado etishdir, deganlar. Tarovehni masjidda jamoat bo‘lib o‘qish Saodat asridan boshlangan amal. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taroveh namozi bandaning gunohlari mag‘firat bo‘lishiga sabab ekanini ta’kidlamoqdalar. Olimlar bu yerda gunohlar deyilganda kichik kichik gunohlar nazarda tutilganini ta’kidlashgan.
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar yaqinligidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon kechalarida qoim bo‘lish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnat qilgan ulug‘ ibodat. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tunda masjidda namoz o‘qidilar. U zotning bir qancha sahobalari u zotga ergashib uch kecha namoz o‘qishdi. To‘rtinchi kecha masjidga odam sig‘may ketdi. O‘sha kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga chiqmadilar. Tong otganda u zot: “Sizlarning yig‘ilganlaringizni ko‘rdim. Sizlarning oldingizga chiqishdan meni to‘sgan narsa shuki, bu namoz sizlarga farz bo‘lib qolishidan qo‘rqqanim”, dedilar. Bu Ramazonda bo‘lgan edi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga shafqatlari va sahobalarning sunnatga, Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazishga qanchalik e’tiborli bo‘lganlarini ko‘rish mumkin.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim imom ketgunicha u bilan birga namoz o‘qisa, unga kechani ibodat bilan o‘tkazganlik savobi yoziladi” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Ya’ni kim xufton, taroveh va vitr namozlarini imom bilan birga o‘qisa, o‘sha kechani ibodatda o‘tkazganlik savobiga ega bo‘lar ekan. Shunday ekan, bu ibodatga e’tiborli bo‘lish, unda davomli bo‘lish ko‘p ajru savob keltiradi.
Ramazonning har oni muborak, sharaflidir. Shunday ekan, musulmon kishi bu oyni g‘animat bilib ro‘za, tilovat, taroveh, duolar bilan o‘tkazishi matlubdir.
Jamshid SHODIYEV tayyorladi.
Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.
Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.
Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati