Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘suvchidir, sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir. Alloh taolo: “Ro‘za men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman. Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qildi”, deb marhamat qilgan. Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Sharh: “Ro‘za to‘suvchidir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu o‘rinda “الصيام جنة” “as siyomu junnatun” deyilgan. Bu yerda arab tilidagi “junnatun” so‘zi to‘suvchi degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z har qanday to‘sadigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Ro‘za ham to‘suvchidir, u insonni yomon ishlardan va turli gunohlardan saqlab do‘zaxdan to‘sadi. Chunki ro‘za shahvatlardan tiyilishdir, do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan.
Ibn Asir roziyallohu anhu: “junnatun” so‘zining ma’nosi – ro‘za ro‘zadorni shahvat va shunga o‘xshash aziyat beradigan narsalardan himoya qilib turadi degan ma’noni bildiradi”, deydi.
Imom Iyoz roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘za insonni gunohdan, do‘zaxdan saqlaydi”. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat insonga yoqmaydigan amallar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan” dedilar (Imom Dorimiy, Imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni, jannatga kirish oson emas, yoqmaydigan narsalardan murod bu –musibat va ibodatlardagi qiyinchiliklarga sabru bardoshli bo‘lish va gunohlardan tiyilishdir.
Usmon ibn Abul Os aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizning jangdagi qalqoningiz kabi, ro‘za sizning qalqoningizdir” deganlarini eshitdim (Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy rivoyati).
“Sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoqi urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin”. Bu jumlalarda g‘oyat yuksak odob-axloq haqida so‘z bormoqda. Ro‘zador odam turli xildagi behuda, fahsh, uyatsiz va nomaqbul so‘zlardan o‘zini tiyishi lozim. G‘azablanmasligi, shovqin-suron qilmasligi, halim, shirin so‘zli bo‘lishi kerak. Agar u bilan boshqalar janjallashmoqchi yoki so‘kishmoqchi bo‘lsa, u vazminlik ila ro‘zadorligini ma’lum qiladi. Janjaltalab kishiga ro‘zaning hurmatidan beodoblikni tark qilishini eslatsin va o‘zi ham bunday ishlardan tiyilsin.
“Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu yoqimsiz hidni “خلوف”, “xaluf” deb atalgan. Ma’lumki, ro‘zador insonning og‘zida ko‘p vaqt taom yemaganidan noxush hid paydo bo‘ladi. Ro‘za tufayli paydo bo‘lgan o‘sha yoqimsiz hid Alloh taolo nazdida mushku anbarning hididan-da, yoqimli ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidladilar.
“Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan”.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinliq qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
“Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi” boshqa rivoyatda bunday deyilgan: “...Bir yaxshilikka uning o‘n barobaridan to yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib berilur”. Oxiratda barcha ibodatlar va yaxshiliklarga beriladigan ajru mukofotlar va savoblar miqdorining qancha berilishi aytilgan. Ammo faqat ro‘zaning oxiratdagi mukofotining miqdori qanchaligini hech kim bilmaydi, buni Alloh taoloning O‘zigina biladi.
Demak, Ramazon biz uchun katta imkoniyat oyidir. Bilib-bilmay qilgan xatoyu kamchiliklarimizni kechirishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun g‘animat fursatdir. Shunday ulug‘ kunlarda Alloh taolo barchamizni ulkan mukofotlarga sazovor qilsin!
“Umdatul Qori sharhi Sahihil Buxoriy” asari asosida Urgut shahar bosh imom-xatibi Shodi HAQBЕRDIYEV va “Islom nuri” gazetasi maxsus muxbiri Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.
Abu Hanifa aytdilar: "Men dahr’ (abadiy vaqt) nima ekanini bilmayman." Ya’ni, "Men unga "dahr" gapirmayman," degan iboradagi "dahr" so‘zidan qancha muddat qasd qilinganini bilmaganlar. Shuningdek, Imom Abu Hanifa quyidagi masalalarda ham tavaqquf qilib javob bermaganlar. Jumladan:
Birinchi savol: "Faqat najosat bilan oziqlangan hayvonning go‘shti qachon halol bo‘ladi?"
Bu masalada ulamolar ixtilof qilganlar: ba’zilar uch kundan keyin halol bo‘ladi, degan bo‘lsalar, boshqalari yetti kundan keyin, deganlar. Imom Abu Hanifa ushbu masalada tavaqquf qilib javob bermaganlar.
Ikkinchi savol: "Ovchi itni qachon "o‘rgatilgan" deb hisoblash mumkin?"
Imom bu masalaning yechimini amaliy tajriba bilan shug‘ullangan kishiga qoldirganlar. Ushbu masalada ba’zi ulamolar: "Agar it uch marta ovini yemasa, u o‘rgatilgan hisoblanadi", deganlar.
Uchinchi savol: "farzandni xatna qilish yoshi qachon?"
Bu masalada ulamolar ixtilof qilganlar: ba’zilar bolani 10 yoshida sunnat qilish kerak, deganlar; ba’zilar esa 7 yoshida yoki 12 yoshida qilish kerak, deb aytganlar. Imom Abu Hanifa esa ushbu masalada tavaqquf qilib javob bermaganlar.
To‘rtinchi savol: "Xunasa (ya’ni ikki jinsli odam) siydikni ikki joydan chiqarsa, uni erkak yoki ayol ekaniga qanday hukm beriladi?"
Bu masalaning javobini Imom Abu Hanifa ushbu dart ila balolangan kishiga qoldirib: "Siydikning qaysi joydan ko‘proq chiqishiga qaraydi", deb to‘xtalganlar.
Beshinchi savol: eshakning ortgan suvining pokligi masalasi bölib,
Abu Hanifa eshakning ortgan suvining pok yoki nopokligi masalasida qaror chiqarmaganlar.
Oltinchi savol: "Farishtalar payg‘ambarlardan afzalmi yoki yo‘qmi?"
Bu masalada ba’zi ulamolar payg‘ambarlar va maxsus insonlar farishtalardan afzal, deganlar. Imom Abu Hanifa esa ushbu masalada tavaqquf qilib javob bermaganlar.
Yettinchi savol: "Mushriklarning yosh holatda vafot etib ketgan bolalari oxiratda qayerda bo‘ladi?"
Bu masalada ba’zi ulamolar mushriklarning bolalari jannatda bo‘ladi, deganlar. Imom Abu Hanifa ushbu masalada tavaqquf qilib javob bermaganlar.
Sakkizinchi savol: "Masjid devorini shaxsiy mol bilan bezash mumkinmi?"
Ba’zi ulamolar zarurat bo‘lsa, masjidni bezash mumkin, deganlar. Imom Abu Hanifa ushbu masalada tavaqquf qilib javob bermaganlar.
To‘qqizinchi savol: "Jinlarning itoat va ibodatlari tufayli oxiratda insonlar kabi mukofotlanishlari masalasi"
Bu masalada Imom Abu Hanifa jinlar ham insonlar kabi mukofotlanadimi yoki yo‘qmi, degan savolda aniq bir fikr bildirmaganlar.
Xulosa qilib aytganda, bu holatlar Imom Abu Hanifaning chuqur ilmiy ehtiyotkorligi, taqvosi va shar’iy masalalarda asosli dalillarsiz qaror chiqarmaganliklarini ko‘rsatadi. Shuningdek, ular Qur’on va Sunnatni ijtihodlarining asosiy manbasi sifatida ko‘rganlar va qiyosni hech qachon ulardan ustun qo‘ymaganlar.
Azizbek Boqiyev,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi