Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘suvchidir, sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir. Alloh taolo: “Ro‘za men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman. Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qildi”, deb marhamat qilgan. Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Sharh: “Ro‘za to‘suvchidir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu o‘rinda “الصيام جنة” “as siyomu junnatun” deyilgan. Bu yerda arab tilidagi “junnatun” so‘zi to‘suvchi degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z har qanday to‘sadigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Ro‘za ham to‘suvchidir, u insonni yomon ishlardan va turli gunohlardan saqlab do‘zaxdan to‘sadi. Chunki ro‘za shahvatlardan tiyilishdir, do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan.
Ibn Asir roziyallohu anhu: “junnatun” so‘zining ma’nosi – ro‘za ro‘zadorni shahvat va shunga o‘xshash aziyat beradigan narsalardan himoya qilib turadi degan ma’noni bildiradi”, deydi.
Imom Iyoz roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘za insonni gunohdan, do‘zaxdan saqlaydi”. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat insonga yoqmaydigan amallar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan” dedilar (Imom Dorimiy, Imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni, jannatga kirish oson emas, yoqmaydigan narsalardan murod bu –musibat va ibodatlardagi qiyinchiliklarga sabru bardoshli bo‘lish va gunohlardan tiyilishdir.
Usmon ibn Abul Os aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizning jangdagi qalqoningiz kabi, ro‘za sizning qalqoningizdir” deganlarini eshitdim (Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy rivoyati).
“Sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoqi urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin”. Bu jumlalarda g‘oyat yuksak odob-axloq haqida so‘z bormoqda. Ro‘zador odam turli xildagi behuda, fahsh, uyatsiz va nomaqbul so‘zlardan o‘zini tiyishi lozim. G‘azablanmasligi, shovqin-suron qilmasligi, halim, shirin so‘zli bo‘lishi kerak. Agar u bilan boshqalar janjallashmoqchi yoki so‘kishmoqchi bo‘lsa, u vazminlik ila ro‘zadorligini ma’lum qiladi. Janjaltalab kishiga ro‘zaning hurmatidan beodoblikni tark qilishini eslatsin va o‘zi ham bunday ishlardan tiyilsin.
“Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu yoqimsiz hidni “خلوف”, “xaluf” deb atalgan. Ma’lumki, ro‘zador insonning og‘zida ko‘p vaqt taom yemaganidan noxush hid paydo bo‘ladi. Ro‘za tufayli paydo bo‘lgan o‘sha yoqimsiz hid Alloh taolo nazdida mushku anbarning hididan-da, yoqimli ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidladilar.
“Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan”.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinliq qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
“Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi” boshqa rivoyatda bunday deyilgan: “...Bir yaxshilikka uning o‘n barobaridan to yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib berilur”. Oxiratda barcha ibodatlar va yaxshiliklarga beriladigan ajru mukofotlar va savoblar miqdorining qancha berilishi aytilgan. Ammo faqat ro‘zaning oxiratdagi mukofotining miqdori qanchaligini hech kim bilmaydi, buni Alloh taoloning O‘zigina biladi.
Demak, Ramazon biz uchun katta imkoniyat oyidir. Bilib-bilmay qilgan xatoyu kamchiliklarimizni kechirishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun g‘animat fursatdir. Shunday ulug‘ kunlarda Alloh taolo barchamizni ulkan mukofotlarga sazovor qilsin!
“Umdatul Qori sharhi Sahihil Buxoriy” asari asosida Urgut shahar bosh imom-xatibi Shodi HAQBЕRDIYEV va “Islom nuri” gazetasi maxsus muxbiri Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.
Joriy yilning mart oyida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiyaga amalga oshirgan safari mamlakatimizning diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro aloqalarida yangi bosqichni boshlab berdi, deyish mumkin. Ushbu tashrif davomida Shvetsiyada O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlari, bag‘rikenglik muhiti va millatlararo hamjihatlikka bag‘ishlangan xalqaro seminar va uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda mamlakatimizda jaholatga qarshi ma’rifatni rivojlantirish, aholining diniy bilimini oshirish va yoshlarni zararli ta’sirlardan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Stokgolmdagi masjidlarda va Shvetsiya diniy yetakchilari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda mamlakatimizdagi masjidlar, Qur’on kurslari, Fatvo markazi va diniy ta’lim tizimidagi yangilanish va yutuqlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Bu esa nafaqat shvetsiyaliklar, balki boshqa xalqaro ekspertlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Safar davomida Shvetsiya, Norvegiya va Daniyadagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etilgani, ularning jamiyatdagi faolligi hamda vatanparvarligini oshirishga doir amaliy ishlar qilingani nufuzli doiralarda e’tirof etilmoqda.
Bu kabi muhim tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va milliy ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, masjid va madrasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, Qur’on ta’limi va diniy bilimlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, sohaga zamonaviy texnologiya va yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda diniy ta’lim muassasalari sonining oshib borishi, yangi masjidlar barpo etilishi, Qur’on kurslarining ko‘payishi, xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilishi dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda.
Musulmonlar bir-birlari bilan yaxshilik yo‘lida hamkorlik qilishsa, Alloh taolo ularni yaxshi ko‘radi. Chunki Uning amirini ijrosiga kirishilgan ibo‘ladi. Alloh taolo qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang”, (Moida surasi, 2-oyat).
2022 yilda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlar muftiylar kengashi doirasida Fatvo markazi tuzilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bu tashkilotda eng faol ishtirokchilardan biri hisoblanadi. Yig‘ilishlarda sun’iy intellektdan fatvo ishlab chiqishda foydalanish, qabristonlar va yer maydonlari masalalari, zamonaviy turmush masalalari muhokama qilinmoqda.
Diniy-ma’rifiy sohadagi yaqin kunlardagi tarixiy voqeliklar — Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy masjid-majmuasining ochilishi ham quvonch ustiga quvonch bo‘ldi. Bu markazlar nafaqat milliy ma’rifatimiz va ilmiy merosimizni asrab-avaylash, balki O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi diniy-ta’lim markazi sifatida tanilishiga zamin yaratadi. Chunki bu yangi ma’rifat markazlari orqali avlodlarimiz qadimiy ilm va ma’rifat merosini o‘rganib, zamonaviy bilim va tajribalarini boyitish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Yurtimiz avvaldan jahon ilm-fani rivojiga hissa qo‘shgan buyuk allomalar vatani sifatida tanilgan. Bugun Yangi O‘zbekiston ulamolari ana shu boy merosga munosib ravishda xalqaro miqyosda diniy-ma’rifiy faoliyatni izchil davom ettirmoqda. Ular nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning turli hududlarida islom ma’rifatini targ‘ib etishda faol ishtirok etishmoqda.
Mamlakatimiz rahbarining 2025 yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda samaradorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.
Bugungi kunda 100 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Islom olami uyushmasi, Islom hamkorlik tashkiloti va uning huzuridagi Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon ulamolar va donishmandlar kengashlari, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniya kabi davlatlarning nufuzli diniy muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Kavkaz, Turkiya, Rossiya, Litva va Italiya musulmonlari idoralari bilan memorandum va kelishuvlar imzolangan.
Xorijdagi vatandoshlar bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish, ularning diniy savodxonligini oshirish va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu asosda 2026 yilda Yevropa, AQSH, Rossiya, Koreya kabi mamlakatlarga safarlar tashkil etilib, vatandoshlar holidan xabar olish, ularning Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda o‘tkazishiga ko‘maklashish va diniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishlari ta’minlandi.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar o‘zaro do‘stlikda, mehribonlikda, yaxlit bir tanaga o‘xshaydi. Undagi bir a’zo xasta bo‘lsa, qolganlari ham unga qo‘shilib bedor bo‘lib, isitmalaydi”, deganlar (No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan Ikki shayx rivoyat qilgan).
Xulosa qilib aytganda, yangi ma’rifat markazlari va xalqaro aloqalar orqali O‘zbekiston ulamolari katta tarixiy ilmiy meros va ma’rifiy yutuqlarni dunyo hamjamiyatiga yetkazishda faol davom etadi. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimiz va yurtdoshlarimiz orasida ilm-ma’rifat va birdamlik muhitini yanada yaxshilash barobarida davlatimizning xalqaro nufuzi bundan-da oshishini ta’minlaydi, inshaalloh!
Zayniddin Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari