Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2026   |   9 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
24 Iyun, 2026, 9 Muharram, 1448

Bolalik Ramazonlari

16.05.2019   39669   2 min.
Bolalik Ramazonlari

Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.

Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.

Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.

“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.

Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.

Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.

Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.

Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.

Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...

Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!

Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.

Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!

Zumrad Foziljon qizi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Korrupsiya va poraxo‘rlik - jamiyat kushandasi

23.06.2026   2833   4 min.
Korrupsiya va poraxo‘rlik - jamiyat kushandasi

Islom dini adolat va halollik ustiga qurilgan. Jamiyatda adolat mezonlarini buzuvchi, insonlar haqqini poymol qiluvchi eng xatarli illatlardan biri bu — korrupsiya (fasod) va poraxo‘rlik (rishvat) dir.

  1. Pora — La’natga , yurtni inkirozga olib boruvchi va odamlar orasidagi adovatga sabab bo‘luvchi amaldir.

Dinimizda birovning haqqini nohaq yo‘l bilan yeyish qat’iyan man etilgan. Pora berish va olish Allohning rahmatidan uzoqlashishga olib keladi.

Hadisi sharifda shunday deyiladi: ​

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رضي الله عنهما قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّاشِيَ وَالْمُرْتَشِيَ.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natladilar" (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)

La’nat — bu Allohning rahmatidan quvilish demakdir. Bu illat bilan shug‘ullanuvchi kimsa nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham rasvolikka yuz tutadi.

  1. ​Botil yo‘l bilan mol yeyishning haromligi

Korrupsiya orqali topilgan mablag‘ — harom luqmadir. Qur’oni karimda insonlar bir-birlarining mollarini nohaq o‘zlashtirishidan qaytarib shunday deyiladi: 

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ.
 

"Mollaringizni oralaringizda botil yo‘l bilan yemang. Va bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyishingiz uchun uni hukkamolarga (pora qilib) tutmang" (Baqara surasi, 188-oyat).

  1. ​Davlat mulkiga xiyonat (G‘ulul)

Korrupsiyaning eng yomon ko‘rinishlaridan biri — bu mansabni suiiste’mol qilish va davlat (xalq) mulkini talon-toroj qilishdir. Bu islom huquqida «g‘ulul» deb ataladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:


​مَنِ اسْتَعْمَلْنَاهُ عَلَى عَمَلٍ فَرَزَقْنَاهُ رِزْقًا فَمَا أَخَذَ بَعْدَ ذَلِكَ فَهُوَ غُلُولٌ

​"Biz kimni bir ishga tayinlasak va unga maosh belgilasak, u o‘sha maoshdan tashqari nima olsa, bu xiyonat (g‘ulul)dir".

Poraxo‘rlikning jamiyatga yetkazadigan zararlari:

Adolatsizlik: Layoqatli insonlar qolib, poraxo‘rlar yuqoriga chiqadi, bu esa iqtidorlarning so‘nishiga olib keladi.

Barakaning uchishi: Harom aralashgan jamiyatda xotirjamlik, tinchlik va rizq barakasi bo‘lmaydi.

Zulm: Kambag‘al va haqdor insonlarning huquqlari puldorlar tomonidan poymol bo‘ladi.

Duoning ijobat bo‘lmasligi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam harom luqma yegan insonning duosi qabul bo‘lmasligi haqida ogohlantirganlar.

Xulosa

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va omillarini bartaraf etish hamda aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish kabi chora-tadbirlar korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Poraxo‘rlik faqat bir shaxs yoki tashkilotga emas, balki butun jamiyatga zarar keltiradi. U ishonch muhitini zaiflashtiradi, halol mehnat va adolat tamoyillariga putur yetkazadi. Shu bois har bir fuqaro korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi, qonunlarga rioya qilishi va jamiyatda halollik qadriyatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shishi zarur.

Pora va korrupsiya nafaqat qonunbuzarlik, balki katta ma’naviy jinoyatdir. Musulmon kishi o‘z mehnati, halol kasbi va taqvosi bilan yashashi lozim. Zero, harom bilan to‘plangan boylik do‘zax oloviga otuvchi vositadir.

Poklik va halollik - iymon belgisi.

Saydullo Yaminov, 
Mingbulok tumani  “Mulla Nazar Oxun” jome masjidi noib imomi

Maqolalar