Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2026   |   25 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:59
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
10 Iyul, 2026, 25 Muharram, 1448

Ramazon barokotlari

16.05.2019   34206   10 min.
Ramazon barokotlari

Islom dinida Ramazon oyi ulug‘ oylardan hisoblanadi. Unda ro‘zador odamning uyqusi ham ibodat, namozini qoim qilish ham ibodatdir. Uning har bir amaliga ko‘plab savoblar ziyoda qilinadi. Ramazon  musulmon kishining duosi qabul bo‘ladigan oydir. Ramazon oyi Alloh taoloning rahmat va barakalari yog‘iladigan oydir. Ramazon mo‘min va musulmonlar uchun baraka oyidir. Barokotlarning adadini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Hozir e’tiboringizga Alloh taolo qodir qilganicha ulardan ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

  • Ramazonda Qur’onning barakasi:

 Alloh taolo Qur’on karimning Baqara surasining 185-oyatida “Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat bo‘lib va hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq oyatlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan.”

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining avji Ramazonda Jabroil alayhissalom u zot bilan uchrashgan kezlari bo‘lar edi. Tasavvur qiling Qur’on karim tilovat qilinganda yerga qanchadan qancha farisha tushadi. Alloh taoloning eng so‘ngi kitobini shu oyda nozil bo‘lishi ham bu oyning ulug‘ barokatli oy ekanligini bildiradi.

  • Ramazonda ro‘zaning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning oldingi (o‘tgan) gunohlari mag‘firat qilinadi” dedilar . Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

Hadis qudsiyda (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rabbilari Alloh taolodan rivoyat qilganlar) Alloh taolo: “ Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Magaram, ro‘za unday emas. U Men uchundir. Uning mukofatini Men berurman. U (odam bolasi)shahvatini va taomini Men uchun tark qilur”-dedi. Imom Muslim rivoyat qilganlar

  • Ramazondagi birinchi kechaning barakasi:

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

 Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lsa, shaytonlar va o‘zboshimcha jinlar kishanlanadi. Do‘zah eshiklari yopiladi. Ulardan biron eshik ochilmas. Jannatning eshiklari ochilur. Ulardan biror eshik yopilmas. Har kecha bir nido qiluvchi:

“ Ey, yaxshilikni istovchi, kelib qol! Ey, yomonlikni istovchi, bas qil”- deb nido qiladi” dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.

  • Ramazon kechalarida qoim bo‘lish va tahajjudning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim Ramazonda iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur” deganlar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar.

  • Ramazon oyida sadaqaning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir” deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishda o‘z ummatlariga o‘rnak bo‘lar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam  yaxshilikda insonlarning eng saxiysi edilar. Saxovatlarining eng avji Ramazonda bo‘lar edi. U zot Ramazonda esgan shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketar edilar.

  • Iftorga shoshilishning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Modomiki iftorga shoshilishar ekan, odamlar yaxshilikda bo‘laveradilar”dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

Alloh azza va jala: “Bandalarimning menga mahbubrog‘i og‘iz ochishni tezlatganlari”, deb aytdi” dedilar.

  • Iftorlik qilib berishning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim ro‘zador kishiga iftorlik qilib bersa, u kishiga ham ro‘za tutganning ajridek savob beriladi. Bu bilan ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas” dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilganlar.

Bu bilan u o‘zi ro‘za tutmasa bo‘ladi degani emas. Chunki, ro‘za farz ibodat hisoblanadi. Bu hadis iftorlik qilib berishning qanchalik savobi ulug‘ ish ekanini bildirish uchun aytilgan.

  • Ramazonda iftorlik paytida qilinadigan duoning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga iftorlik vaqtida:

“Alloh nomi bilan, Allohim sen uchun ro‘za tutdik. Sening rizqing bilan iftorlik qildik, bizlardan (ro‘zamizni) qabul qilgin. Albatta Senning o‘zinggina eshituvchi, biluvchisan” demoqni vasiyat qildilar.

  • Ramazonda ijobat bo‘ladigan duo barakasi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Ro‘zador uchun iftorlik vaqtida rad qilinmaydigan duo bor dedilar. Boshqa bir hadisda “ Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqan vaqtda (Ro‘zasi) bilan xursand bo‘ladi” dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.

  • Ramazonda Laylatul qardning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim Qadr kechasida iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi” dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

Chunki, Qadr kechasi ming oydan afzaldir. Shuning uchun ba’zi sahoba va tobeinlar Ramazonning oxirgi o‘n kunlikda, g‘usl qilib, o‘zlariga xush bo‘yliklar sepib, yurishardi. Qadr kechasi shu o‘n kun ichida bo‘lgani uchun.

  • Ramazonda saharlikni barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor”, deganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

Yana boshqa bir hadisda:

 “Bizlarning ro‘zamiz bilan Ahli kitoblar ro‘zasini orasini ajratib turadigan narsa saharda taomlanmoq” deganlar.

  • Ramazonda fitr sadaqasini barakasi:

Ro‘zador ramazon ro‘zasini tutib bo‘lgandan keyin ro‘za davomida qilingan xato va kamchiliklarni to‘ldirish uchun beriladi. Fitr sadaqasini Iydi Fitrning tongi otishi bilan vojib bo‘ladi. Undan oldin berish joizdir.

  • Ramazon oyida umraning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Ramazon oyida qilingan umra hajga tengdir” deganlar.

  • Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hidning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Albatta, ro‘zadorning og‘zidagi hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir” dedilar. Imom Muslim rivoyat qilganlar.

  • Ramazonda chiroyli xulq va odobli bo‘lishni barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Agar sizlardan biringiz ro‘za tutsa fahsh hamda lag‘v so‘zlarni gapirmasin. Agar biror kishi so‘ksa yoki urushsa, men ro‘zadorman”, desin” dedilar.

  • Ramazonda unutib taom iste’mol qilishning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Kim ro‘zadorligini unutib qo‘yib yesa yoki ichsa, ro‘zasini davom ettiraversin. Chunki, Alloh u kishini taomlantiribdi va serob qilibdi, xolos” dedilar. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilganlar.

  • Ramazonda ro‘zani ochib bo‘lgandan keyin taomlanish va seroblanishning barakasi:

Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Baqara surasi 187 oyat:

Va to tongdan oq ip qora ipdan ajraladigan paytgacha yeb-ichaveringlar” deb marhamat qilgan.

  • Ramazonni yoshi ulug‘lar va homilador ayollarga barakasi:

Alloh taolo katta yoshdagi ro‘za tuta olmaydigan kishilarni fidya berishga buyurgan. Alloh taolo Qur’on karim  Baqara surasining 184 oyatida:

“(Keksalik yoki zaifligi sababli) ro‘za tutishga qiynaladigan kishilar bir miskin-bechoraning bir kunlik taomi miqdorida evaz to‘lashlari lozim.” degan.

Homilador ayol bo‘lsa tug‘ub bo‘lgandan so‘ng ro‘zasining qazosini tutib beradi.

  • Ramazonda jannatning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Alloh taolo ramazonnig xar kuni jannatini ziynatlaydi” deganlar.

Yana boshqa bir hadisda esa, Jannatdagi bir eshik faqat ro‘zadorlar uchun ekanligi kelgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Jannatda bir eshik bor. U “Rayyon” deyiladi. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. “Ro‘zadorlar qani?”deyiladi. Shunda ular turishadi. Ulardan boshqa hech kim undan kirmaydi. Ular kirgach, u berkitiladi. Keyin undan hech kim kirmaydi” dedilar. Imom Buxoriy rivoyaat qilganlar.

  • Ramazonda istig‘forning barakasi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

Ramazonda farishtalar ro‘zadorlar iftorlik qilgunlaricha ularga istig‘for aytadilar” dedilar.

  • Ramazonda xayrli ishlarning barakasi:

Imom Sufyon Savriy agar ramazon kelsa, hamma nafl ibodatlarni tark qilib, faqat Qur’on tilovot qilar edilar.

  • Barcha toatlarning jamlanishidagi baraka:

Ramazonda barcha toatlar jamlanadi. Masalan, namoz, ro‘za, tunlari qoim bo‘lish, masjidlarda Qur’oni karimning xatm qilinishi, umra ziyorati, ro‘zadorlarga iftorlik qilib berish, istig‘for aytish, tavba qilish, qarindoshlardan xabar olish va boshqa ibodatlar.

Alloh taolo barchalarimizga bu barakalardan bahramand bo‘lishni nasib qilsin!

 

Toshkent viloyati, Qibray tumani,

“Sa’dulla ota” jome masjidi imom-xatibi

Mirhamidov Obid

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li

07.07.2026   6213   5 min.
Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li


“Xalq so‘zi” gazetasi
2026 yil 7 iyul, № 137 (9308)

Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7-11 iyul kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda anjumanning maqsad va vazifalari, tadbirlar dasturi hamda xalqaro ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining amaliy davomi hisoblanadi.

Forumning bosh maqsadi islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.

Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan anjumanda 50 dan ortiq davlatlardan deyarli 300 nafarga yaqin xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.

Brifingda qayd etilganidek, forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi.

Forum o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda qator sohaviy sho‘ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.

Anjuman doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Imom al-Buxoriy — Ummat kitobi”ning “Al-Jome’ as-Sahih” asari mavzusidagi xalqaro konferensiya tezislar to‘plami, IRCICA bilan sheriklikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan birgalikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar namoyishi forumning eng esda qolarli voqealaridan biri bo‘ladi.

Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.

Tadbir davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “Yo‘l xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.

Tadbirning muhim qismi Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalardir. Ular buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, hadislarni saralash uslublari, “Al-Jome’ as-Sahih”ning yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, To‘rkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.

Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil etiladi.

Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Brifingda ta’kidlanganidek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ma’rifiy anjuman sifatida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi boy merosini asrab-avaylash va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi. Shu ma’noda, forum nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma bo‘lishi kutilmoqda.

 

INFOGRAFIKA