frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ba’zi ro‘zadorlarda yuz beradigan xatolar

15.05.2019   37819   4 min.
Ba’zi ro‘zadorlarda yuz beradigan xatolar

Ko‘pchilik ro‘zadorlar Alloh taoloning dinini va ro‘zaga aloqador hukmlarni bilmagani uchun xatolarga yo‘l qo‘yishadi.

  • Iftorlik dasturxonlarida isrofga yo‘l qo‘yish ham katta xatolardandir. Dasturxonlarga ko‘pgina insonlarga yetadigan taomlar qo‘yiladi, ularning turli navlari, qimmatyu arzoni, xo‘lu qurug‘i va shiriniyu nordoni barchasi dasturxonga tortiladi. So‘ngra ularning ozginasi yeyilib, qolgani po‘choqqa tashlanadi. Bu esa islom bizga olib kelgan yo‘lga xilofdir. Alloh taolo aytadi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
  • Ramazonda bozorlar xaridorlarga to‘lib ketadi. Ularning har biri taomu sharoblardan o‘nlab oilalarga yetadigan miqdorni sotib olishadi. Oramizda ochlikdan o‘layotgan, bir bo‘lak nok topa olmayotgan va uysiz qolgan insonlar bor. Ammo bu yerda ba’zi oilalar isrof va maqtanchoqlik sababidan ovqatni hazm qila olmaslik darajasiga bormoqda. Och qolish orqali oshqozondagi zararli moddalarni yo‘qotish ro‘zaning maqsadlaridan hisoblanadi. Ovqatu ichimliklarni isrof qilib iste’mol qilgan kishilarda bu maqsad qanday amalga oshadi?
  • Ko‘pchilik ro‘zadorlar kunlarini xuddi ro‘za tutmagandek uyquda o‘tkazadi. Ularning orasida kuni bilan uxlab faqat namozlarga uyg‘onadigan, so‘ngra yana uxlaydiganlari bor. Ular kunduzlarini g‘aflatda, kechalarini esa saharlik qilib o‘tkazishadi. Alloh uchun ochlik lazzatini va chanqoqlik ta’mini totib yashab ko‘rish ro‘zaning hikmatlaridan biri hisoblanadi. Kunini uxlab o‘tkazgan kishi esa bu hikmatni his qila olmaydi.
  • Ro‘zadorlar orasida bekorchi va makruh o‘yinlarni o‘ynab yuradigan insonlar bor. Masalan, ba’zilar qimor kartalarini o‘ynab, ba’zilar esa to‘p ortidan yugurib va turli xil vaqtni zoye qiladigan o‘yinlar kabi narsalarni o‘ynab o‘tkazishadi. Alloh taolo aytadi: “Nahotki Bizning sizni yaratishimiz behuda bo‘lgan va siz Bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz?!” (Mo‘minun, 115). Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi: “O‘z dinlarini o‘yin-kulgu qilib olgan va hayoti dunyoga aldanib ketganlarni tark et” (An’om, 70).
  • Yana ro‘zadorlar orasida kechani behuda, hech qanday ajr-savobsiz o‘tkazadiganlari bor. Ular tun qorong‘usida ikki rak’at namoz o‘qimay o‘yin-kulgi bilan vaqtni o‘tkazib yuborishadi.
  • Kichik bir sabab tufayli jamoat namozlarini tark etish ro‘zadorlarning eng yomon xatolaridan biri hisoblanadi. Bu munofiqlik, qalb kasalligi va ruhning o‘lishining alomati bo‘ladi. Ularning orasida butun Ramazon ichida Qur’on bilan aloqasi bo‘lmagan insonlar ham bor. Ular ko‘p o‘qishadi, lekin Qur’onni emas, ko‘p mutolaa qilishadi, ammo Allohning kalomini o‘qishmaydi.
  • Yana ro‘zadorlar orasida bu ulug‘ oyda hech qanday saxovat qilmaydigan va biror marta iftor uchun dasturxon yoymaydigan, eshiklari doim qulf kishilar bor. Alloh taolo aytadi: “Sizning huzuringizdagi narsa tugaydir. Allohning huzuridagi narsa esa, boqiydir. Albatta, Biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go‘zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz” (Nahl, 96). Boshqa bir oyatda esa shunday marhamat qiladi: “O‘zingiz uchun qilgan yaxshiliklarni Allohning huzurida topasiz. Albatta, Alloh qilayotganingizni ko‘ruvchidir” (Baqara, 110).
  • Yana ro‘zadorlarning xatolaridan biri bu taroveh namozlarini tark etish va unga dangasalik qilishdir. Uning holati xuddi: “Menga farzlar kifoya qiladi“, deyayotgandek. Qizig‘i, u mol-dunyoning oziga hech qachon qanoat qilmaydi, zarur narsalarga hirs qilgani kabi uni to‘liq egallashga intiladi. Shoir aytadi:

Kun qiyomat kelsang gar, amallar esa oz,

Nadomat aylarsan, tafakkur ayla biroz.

  • Yana ro‘zadorlar orasida ahli oilasini turli xil taomlar pishirish uchun qiyin ahvolda qoldiradigan va shu sababdan ularni Qur’on tilovati, sunnat, zikr hamda ibodatlardan to‘sib qo‘yadigan insonlar bor. Agar u zaruriy narsalar bilan kifoyalanganda uning ahli oilasi Alloh taoloning ibodatidan ozuqa olish uchun vaqt topgan bo‘lar edi.

 

Doktor Oiz Al Qorniy. “Ro‘zador uchun o‘ttiz dars” kitobidan

Toshkent shahar “Imom Termiziy” jome masjidi imom noibi

Saidxon Maxsumov tarjimasi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   46795   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari