Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

17.05.2019 y. Zakot berish – buyuk ibodat!

13.05.2019   9610   14 min.
17.05.2019 y. Zakot berish – buyuk ibodat!

بسم الله الرحمن الرحيم 

الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الزَّكَاةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

ZAKOT BЕRISH BUYUK IBODAT!

Muhtaram jamoat! Zakot – Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan amaldir. Zakot  lug‘atda “poklash”, “o‘sish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa – “Muayyan mollardan ma’lum qismini Alloh taolo belgilab bergan muayyan toifa kishilarga mulk qilib berish”dir. “Zakot” so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payadi, o‘sib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi.

Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot  berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

 (سورة النور/56)

ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).

Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini aynan ushbu oyda berishga odatlanishgan. Quyidagi oyati karima zakot berish – farz ekanligiga dalil hisoblanadi.

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا  ...

(سورة التّوبة/103)

ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...” (Tavba surasi, 103-oyat)

Boylar bir qism mollarini kambag‘allarga berishlari farz qilingan. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

وَالَّذِينَ فِي أَمْوَالِهِمْ حَقٌّ مَعْلُومٌ لِلسَّائِلِ وَالْمَحْرُومِ

 (سورة المعارج/24-25)

ya’ni: “Ularning mol-mulklarida so‘raguvchi va bechora uchun ma’lum haq bordir” (Ma’orij surasi, 24-25-oyat)

Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.

Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

"حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ"

(رواه الإمام أبو داود)

ya’ni: Mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berish) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"إِذَا أَدَيْتَ زَكَاةَ مَالِكَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Qachon molingizni zakotini ado qilsangiz, albatta, zimmangizdagi burchni bajaribsiz, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Zakot zimmasiga farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirmasligi kerak. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emasdir. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar.

Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

"مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"

(رواه الإمام الترمذي)

ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Zakotda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi poklanib, ruhiy tomondan o‘sib borishi yuzaga keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalni Yamanga voliy qilib yuborayotganlarida  shunday deganlar:

فَأعْلِمْهُمْ أنَّ اللهَ قَدِ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً تُؤخَذُ مِنْ أغْنِيَائِهِمْ فَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ

(رواه الإمام البخارى)

ya’ni: “Ularga bildirinki, Alloh taolo zimmalariga zakotni farz qilgandir. Zakotni u yerning boylaridan olinib, kambag‘allariga berilur!” (Imom Buxoriy rivoyati).

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

"وَيْلٌ لِلأَغْنِيَاءِ مِنَ الْفُقَرَاءِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُونَ: رَبَّنَا، ظَلَمُونَا حُقُوقَنَا الَّتِي فُرِضَتْ لَنَا عَلَيْهِمْ، فَيَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: وَعِزَّتِي وَجَلالِي، لَأُدْنِيَنَّكُمْ وَلأُبَاعِدَنَّهُمْ"

(رواه الإمام الطبرني)

ya’ni: “Qiyomat kuni yo‘qsillar sababli boylarning holiga voy bo‘ladi! Kambag‘allar shunday deydilar: “Parvardigoro! Boy kishilar Sen bizga ajratib bergan haqlarimizni bermasdan bizga zulm qildilar”. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Izzatim va jalolim haqqi, sizni o‘zimga yaqinlashtiraman, ularni esa uzoqlashtiraman” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Alloh taolo o‘z bandasiga jon va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon –ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa – mol ne’matining shukridir”.

Zakot berishi vojib bo‘lgan kishi o‘z vaqtida zakotini chiqarib bermasa, moli halokatga uchrashi haqida Oisha raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:

"مَا خَالَطَتِ الْزَّكَاةُ مَالًا قَطُّ إِلَّا أَهْلَكَتْهُ"

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Qachon bir molga (faqirlarning haqqi bo‘lmish) zakot aralashsa, albatta, molning barakasini ketkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, zakot berish – qolgan molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi –barakali bo‘lishiga va turli balo ofatlardan saqlanishiga sabab bo‘ladi.

Alloh taolo bir necha oyatlarida, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bir qancha hadislarida boyning molida kambag‘alning haqqi borligini bayon qilganlar. Shunday ekan, kim molining zakotini xasislik va och ko‘zlik qilib bermasa, baribir o‘zi bilmagan holda kambag‘alni haqqi uni molidan chiqib ketadi. Demak, kambag‘alni haqqi baribir chiqib ketar ekan, undan ko‘ra zakot vojib bo‘lgan vaqtda zakotini bergan kimsa ham zimmasidagi farzni ado qilgan bo‘ladi, ham zakoti berilgan mollarga va’da qilingan barcha fazilatlarga erishadi.  Dunyo va oxiratdagi yuksak darajalarga erishadi.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida zakotga doir ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

  • Zakot berish hur, aqliraso,balog‘atga yetgan, nisob miqdoricha mablag‘ga ega, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lgan musulmon zimmasiga farz bo‘ladi.
  • Boyligi shariat belgilab qo‘ygan ma’lum miqdorga, ya’ni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil o‘tishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha boyligining qirqdan bir qismini, ya’ni 2,5 foizini shar’an belgilangan joylarga berishi farzi ayndir.
  • Zakotning sharti ikkitadir: birinchisi – zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, ya’ni o‘sha berilayotgan mol-mulk oluvchining moli bo‘lmaguncha zakot ado bo‘lmaydi. Shuning uchun ham zakotni ko‘prik, yo‘l, suv ombori kabi ko‘pchilik foydalanadigan narsalarga sarflanmaydi. Ikkinchisi esa – zakot miqdorini molidan ajratish paytida yoki faqirga berishda zakot, deb niyat qilishdir.
  • Zakotni kimlarga berib bo‘lmaydi: zakotni nisob miqdoricha moli bo‘lgan kishiga, ota-onasi, bobo-momosiga, o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berishi mumkin emas.
  • Kimlarga bergan afzal: ushbu savolga “Fatovoi hindiya” kitobida shunday javob berilgan: “Zakot va fitrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng – ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng – ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng – yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar.
  • “Bahrur roiq” kitobida: “Qarzi bor kishiga zakot berish faqirga zakot berishdan ko‘ra afzaldir”, deyilgan.
  • Qarzdor kishining qarzi qo‘lidagi molidan ko‘p bo‘lsa, qo‘lidagi moli o‘ziniki bo‘lmay, haqdorlarniki sanaladi. Undan zakot bermaydi. Agar qo‘lidagi moli qarzidan ko‘p bo‘lib, farazan qarzini chiqarganidan keyin qolgan mol nisobga yetsa, qolgan molidan zakot beradi.
  • Pul yoki tijorat mollarining qiymati nisobga yetib, bir yil o‘tsa, zakot berishi farz bo‘ladi.
  • “Tijorat mollari” deganda “sotish niyatida olingan har qanday mol-mulklar” nazarda tutiladi. Ularning aynan o‘zidan zakot chiqarish mumkin. Lekin qiymatini berish afzaldir. Masalan, kiyim-kechak, dori-darmonlar kabi narsalarni savdosi bilan shug‘ullanuvchi kishi, sotayotgan mahsulotini o‘zidan zakot berishi mumkin. Ammo o‘tmay qolgan, sifatsiz mollarni zakotga berish yaxshi emas.
  • Tijorat mollaridan zakot chiqarishda o‘sha kundagi qiymati qancha bo‘lsa, shu qiymatning hisobidan zakot chiqariladi. Uning qanchaga sotib olgani yoki kelgusida qanchaga sotilishiga qarab hisoblanmaydi.
  • Bir kishining ozgina tillo, ozgina kumush, ozgina puli bo‘lsa, ularning barchasi qo‘shilganda nisobga yetsa zakot berish farz bo‘ladi.
  • Yilning boshi va oxirida zakot nisobi mavjud bo‘lib, o‘rtasida nisobdan kamayib turishi zakotni soqit qilmaydi (“Olamgiriya”, “Hidoya”).
  • Oltin xoh ishlov berilib, taqinchoq yoki buyum holatiga keltirilgan bo‘lsin, xoh yombi holida, xoh tabiiy qazilma holatida bo‘lsin, nisobga yetsa, zakot beriladi. Tillo taqinchoqlardan tilloning o‘zi zakot qilib berilsa, taqinchoqlarning vazniga qarab zakot chiqariladi. Masalan, 100 gramm tillodan 2,5 gramm tillo zakotga beriladi. Agar taqinchoqlarning zakotini pul bilan beriladigan bo‘lsa, taqinchoqlarning bozordagi qiymatiga qarab zakot chiqaradi. Masalan, bozorda qiymati qancha bo‘lsa, shuni qirqdan birini zakotga beradi. Taqinchoqlar xoh ishlatilayotgan bo‘lsin, xoh ishlatilmayotgan bo‘lsin, ulardan zakot beriladi. Chunki ular hamyondagi pul bilan bir xildir (“Raddul muhtor”).
  • Zakot farz bo‘lgan vaqtda uni ado etmagan bo‘lsa, necha yil o‘tsa ham zakoti zimmasidan soqit bo‘lmaydi.
  • Yashab turgan uy-joylari, iste’moldagi kiyimlari, minilib turadigan ulov (mashina), oziq-ovqat, pardoz buyumlari (agar tilla, kumushdan yasalmagan bo‘lsa), gavhar, marjon, yoqut, zumrad (agar sotish uchun saqlanmayotgan bo‘lsa) kasb-hunar asboblari kabi narsalardan zakot berilmaydi.
  • Ishlab chiqaruvchi korxonalarda ikki xil mol bo‘ladi. Birinchisi – xomashyolar. Ikkinchisi – tayyor mahsulotlar. Zakot berish paytida ikkalasining qiymati hisobga olinadi. Lekin, ishlab chiqarish dastgohlari, asbob-uskuna va jihozlaridan zakot berilmaydi.
  • Ijaraga berilgan bino, do‘kon va ulovlardan zakot berilmaydi. Balki ulardan tushgan mablag‘ tillo, pul va tijorat mollariga qo‘shib hisoblanadi.
  • Zakot oluvchi kishini o‘ziga bir nisobdan ortiq miqdorda zakot berish makruh sanaladi. Lekin zakot beruvchi zakotiga uy sotib olib, zakotga haqdor kishiga “Bu mening zakotim” deb bersa joizdir. Chunki bunda oluvchi hojati asliyaga ega bo‘lib, yonida nisob miqdoricha mablag‘ oshib qolmaydi.
  • Zakot puliga kitob chop qildirib, kitob olishga imkoni bo‘lmagan haqdorlarga tarqatsa, zakot ado bo‘lib, ilm tarqatishning savobiga ham ega bo‘linadi.
  • Chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilsa va nisobga yetsa, ulardan ham zakot beriladi. Tuyaning soni 5 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y beriladi. Qora molning soni 30 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta bir yoshli buzoq beriladi. Qo‘y va echkining soni 40 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y yoki echki beriladi. Tijorat niyatida uyda boqilayotgan hayvonlarni soni qancha bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning qiymati hisoblanadi. Agar qiymati nisobga yetsa, qirqdan biri zakot uchun beriladi (“Sharhul viqoya”).
  • Chorva mollarini sotish niyatida boqayotgan bo‘lsa, ularning necha bosh ekaniga qarab emas, balki o‘sha kundagi qiymatini hisoblab, bir yilga to‘lgan bo‘lsa, zakot chiqariladi (“Olamgiriya, Badoye”).
  • Oqar suv yoki yomg‘irda sug‘orilgan ekinlarning hosilidan xarajatlar chiqarilmasdan ushr (o‘ndan bir) beriladi. Yerga ishlov berilmasdan o‘zi o‘sib chiqqan mahsulotlardan ushr berilmaydi. Suv chiqarishga charxpalak, hayvon va boshqa narsalarni ishlatib, sarf-xarajat qilingan bo‘lsa, mahsulotning, yigirmadan biri beriladi. Sug‘orishdan boshqa ishlarga sarflangan xarajatlar e’tiborga olinmaydi. Asaldan ham olingan muxsulotning, garchi oz bo‘lsa ham, o‘ndan biri ushr sifatida faqirlarga beriladi (“Muxtasarul viqoya”).
  • Hovlidagi mevali daraxtlar mevasidan ushr berilmaydi. Balki dalasidagi daraxtlari mevasidan ushr beriladi. Zero, hovlidagi narsalar undagi imoratlarga tobe hisoblanib, ulardan ushr berilmaydi (“Qozixon”).

Alloh taolo barchamizga ibodatlarni o‘z vaqtida ado qiluvchi va zakotni chin dildan beruvchilardan qilsin. Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ALLOHNI ZIKRI ILA QALBLAR OROM OLUR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

 

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   4765   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar