بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الزَّكَاةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
ZAKOT BЕRISH – BUYUK IBODAT!
Muhtaram jamoat! Zakot – Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan amaldir. Zakot lug‘atda “poklash”, “o‘sish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa – “Muayyan mollardan ma’lum qismini Alloh taolo belgilab bergan muayyan toifa kishilarga mulk qilib berish”dir. “Zakot” so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payadi, o‘sib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi.
Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
(سورة النور/56)
ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini aynan ushbu oyda berishga odatlanishgan. Quyidagi oyati karima zakot berish – farz ekanligiga dalil hisoblanadi.
خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا ...
(سورة التّوبة/103)
ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...” (Tavba surasi, 103-oyat)
Boylar bir qism mollarini kambag‘allarga berishlari farz qilingan. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَالَّذِينَ فِي أَمْوَالِهِمْ حَقٌّ مَعْلُومٌ لِلسَّائِلِ وَالْمَحْرُومِ
(سورة المعارج/24-25)
ya’ni: “Ularning mol-mulklarida so‘raguvchi va bechora uchun ma’lum haq bordir” (Ma’orij surasi, 24-25-oyat)
Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.
Zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
"حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ"
(رواه الإمام أبو داود)
ya’ni: “Mollaringizni zakot (berish) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berish) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"إِذَا أَدَيْتَ زَكَاةَ مَالِكَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Qachon molingizni zakotini ado qilsangiz, albatta, zimmangizdagi burchni bajaribsiz”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zakot zimmasiga farz bo‘lgan kimsa uni kechiktirmasligi kerak. Chunki, zakot faqirlarning haqqi bo‘lib, uni bermasdan o‘zida ushlab turish mumkin emasdir. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi” deganlar.
Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
"مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Zakotda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi poklanib, ruhiy tomondan o‘sib borishi yuzaga keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Muoz ibn Jabalni Yamanga voliy qilib yuborayotganlarida shunday deganlar:
فَأعْلِمْهُمْ أنَّ اللهَ قَدِ افْتَرَضَ عَلَيْهِمْ صَدَقَةً تُؤخَذُ مِنْ أغْنِيَائِهِمْ فَتُرَدُّ عَلَى فُقَرَائِهِمْ
(رواه الإمام البخارى)
ya’ni: “Ularga bildirinki, Alloh taolo zimmalariga zakotni farz qilgandir. Zakotni u yerning boylaridan olinib, kambag‘allariga berilur!” (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
"وَيْلٌ لِلأَغْنِيَاءِ مِنَ الْفُقَرَاءِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ، يَقُولُونَ: رَبَّنَا، ظَلَمُونَا حُقُوقَنَا الَّتِي فُرِضَتْ لَنَا عَلَيْهِمْ، فَيَقُولُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: وَعِزَّتِي وَجَلالِي، لَأُدْنِيَنَّكُمْ وَلأُبَاعِدَنَّهُمْ"
(رواه الإمام الطبرني)
ya’ni: “Qiyomat kuni yo‘qsillar sababli boylarning holiga voy bo‘ladi! Kambag‘allar shunday deydilar: “Parvardigoro! Boy kishilar Sen bizga ajratib bergan haqlarimizni bermasdan bizga zulm qildilar”. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Izzatim va jalolim haqqi, sizni o‘zimga yaqinlashtiraman, ularni esa uzoqlashtiraman” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Alloh taolo o‘z bandasiga jon va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon –ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa – mol ne’matining shukridir”.
Zakot berishi vojib bo‘lgan kishi o‘z vaqtida zakotini chiqarib bermasa, moli halokatga uchrashi haqida Oisha raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:
"مَا خَالَطَتِ الْزَّكَاةُ مَالًا قَطُّ إِلَّا أَهْلَكَتْهُ"
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Qachon bir molga (faqirlarning haqqi bo‘lmish) zakot aralashsa, albatta, molning barakasini ketkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, zakot berish – qolgan molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi –barakali bo‘lishiga va turli balo ofatlardan saqlanishiga sabab bo‘ladi.
Alloh taolo bir necha oyatlarida, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bir qancha hadislarida boyning molida kambag‘alning haqqi borligini bayon qilganlar. Shunday ekan, kim molining zakotini xasislik va och ko‘zlik qilib bermasa, baribir o‘zi bilmagan holda kambag‘alni haqqi uni molidan chiqib ketadi. Demak, kambag‘alni haqqi baribir chiqib ketar ekan, undan ko‘ra zakot vojib bo‘lgan vaqtda zakotini bergan kimsa ham zimmasidagi farzni ado qilgan bo‘ladi, ham zakoti berilgan mollarga va’da qilingan barcha fazilatlarga erishadi. Dunyo va oxiratdagi yuksak darajalarga erishadi.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida zakotga doir ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.
Alloh taolo barchamizga ibodatlarni o‘z vaqtida ado qiluvchi va zakotni chin dildan beruvchilardan qilsin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ALLOHNI ZIKRI ILA QALBLAR OROM OLUR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati