Sahar payti turib, kunduzi ro‘za tutish niyatida yeb-ichish saharlikdir. Saharlik qilish mustahabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam saharlik qilishga ko‘p targ‘ib etganlar. Bir o‘rinda saharlikning barakasi, fazilatini eslatib: “Saharlik qiling, saharlikda baraka bor”, degan bo‘lsalar (Muttafaqun alayh), boshqa bir o‘rinda: “Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladi”, deganlar (Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati).
Hatto qorni to‘q, biror narsa yeyishga u qadar ehtiyoji yo‘q kishi ham hech qursa suv ichib olishi yaxshidir. Bu bilan u sunnatga ergashgan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz ro‘zani saharlik qilmay, ulab tutishdan qaytarganlar. Ammo saharlik qila olmagan kishi subhi sodiqdan to quyosh botguncha hech narsa yeb-ichmay ro‘za tutsa, ro‘zasi durust bo‘laveradi.
Saharlikni tongga yaqin qilish afzal. Faqat tong kirib qolgungacha kechiktirmaslik kerak. Chunki subhi sodiq kirishi bilan saharlik vaqti tugab, ro‘za vaqti boshlanadi. Saharlikni vaqti o‘tib ketganiga gumon qilinadigan paytga qadar kechiktirish taxrimiy makruh sanaladi (“Fatovoi Hindiya”).
Saharlik qilib bo‘lgach: “Navaytu an asuma sovma shahri Ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar”, deb duo qilinadi.
Ma’nosi: Ramazon oyining ro‘zasini xolis Alloh uchun subhdan kun botgungacha tutishni niyat qildim. Alloh Buyukdir.
Alloh taolo tutayotgan ro‘zalarimizni dargohida qabul qilsin!
Orif TOLIB
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Imom Bayhaqiy “Shu’abul iymon” nomli kitobida keltiradi: “Payg‘ambarlardan birlari Alloh taologa zaiflikdan shikoyat qildilar. Shunda U zot tuxum yeyishni buyurdi”.
Tuxum – biroz sovuqlikka moyil, mo‘tadil. Tuxumni iste’mol qilish va surtib ishlatish koni foyda. Uni chala pishirib, sarig‘i yeb yurilsa, yurakni quvvatlantiradi.
Tuxumning sarig‘ini asalga qo‘shib surtilsa, yuzdagi dog‘larni ketkazadi, oqi surkalsa, quyosh nuri u yuzga ta’sir qilmaydi.
Tuxum sarig‘ini ortiqcha yeyish me’daga zarar qiladi. Buyrakda tosh, terida oq va sepkilli dog‘lar paydo qiladi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li