Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga: «Ammo sen, ey Abu Bakr, ummatimdan jannatga birinchi bo‘lib kiradigan kishisan» deganlar. Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyat qilishgan.
*******
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning da’vatlari bilan Usmon ibn Affon, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Abu Ubayda roziyallohu anhum ajma’iyn Islom bilan sharaflanishgan. Bu zotlarning barchalari Asharai mubashshara (Jannatga kirishi haqida xushxabar olgan o‘nta sahobalar)dan hisoblanishadi.
*******
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhu haqlarida: «Shayton sen yurayotgan ko‘chadan emas, balki boshqa ko‘chadan yuradi» deganlar.
*******
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga urushda ishlatish uchun kiyimlarining bir chetida ming dinor olib kelib, u Zot alayhissalomning qo‘ynilariga to‘kdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi olib kelgan dinorlarni qo‘ldan o‘tkaza turib: «Bugundan keyin Affon o‘g‘liga qilgan amali zarar bermaydi», deb marhamat qildilar. Bu gapni bir necha marta takrorladilar.
*******
Nabiy alayhissalom Haybar g‘azotida Ali roziyallohu anhu haqlarida shunday dedilar: «Ertaga bayroqni bir odamga beraman. Alloh uning qo‘li bilan ushbu diyorni fath etadi. Uning o‘zi Allohni va Rasulini yaxshi ko‘radi. Alloh va Rasuli ham uni yaxshi ko‘radi».
*******
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardi. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi.
*******
Ibn Umar roziyallohu anhu ro‘za tutib, iftorni miskinlar bilan birga qilardilar. Masjidga borib (Shomni) o‘qib, keyin uylariga bir guruh miskinlar bilan qaytardilar.
*******
So‘zimiz so‘nggida Ibn Javziy rahimahullohning mana bu gaplarini keltirsak: «Salafi solihlar o‘z farzandlariga Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rishni xuddi Qur’ondan suralar o‘rgatgandek o‘rgatishar edi».
Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin! Ularga ergashib yashashimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Hoshimjon
Joriy yil 27 dekabr kuni Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan shahar-tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "Inson qadri" nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Kitob taqdimotida viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov tomonidan ushbu kitobda islom ta’limotiga ko‘ra insonning haqiqiy qadri uning tashqi ko‘rinishi, boyligi yoki mansabi bilan emas, balki qalb pokligi, niyati, odob-axloqi va ezgu amallari bilan o‘lchanishi Qur’on va sunnat asosida yoritib berilganligi, asarda inson qadri, tarbiya, ilm-ma’rifat, sog‘lom turmush tarzi, halol mehnat va kasb-hunarning hayotdagi o‘rni sodda va xalqchil uslubda bayon etilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Andijon viloyat vakilligi matbuot xizmati