Ramazon oyi yozning eng issiq va uzun kunlariga to‘g‘ri keldi. Bu hol ro‘za tutishni biroz qiyinlashtirsa-da, aslida,
bu mashaqqatlar ro‘zadorga o‘zgacha shavqu-zavq beradi.
Abdurahmon ibn Afv (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo sizlarga Ramazon oyi ro‘zasini farz qildi. Men sizlarga uning kechalarida taroveh namozini o‘qishni sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa va tarovehni o‘qisa, gunohlaridan onasi tuqqan kungidek forig‘ bo‘ladi”, deganlar» (Imom Abu Dovud).
Insonmiz. Bilib-bilmay gunoh qilib qo‘yamiz. Ammo gunohining kechirilishini istamagan bormikan? Ramazonda mo‘minning oladigan nafasi ham ibodat bo‘lib tursa, ro‘za tutish barobarida son-sanoqsiz gunohlardan poklanib, halovatga erishish qanday yaxshi! Ramazon oyi gunohlardan qutulish uchun ana shunday eng zo‘r imkoniyat mavsumidir.
Ka’b ibn Ujra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Minbar oldiga kelinglar”, dedilar. Biz keldik. Uning birinchi pog‘onasiga ko‘tarilib, “Omin”, dedilar. Keyin ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildilar-da, “Omin”, dedilar. So‘ng uchinchisiga ko‘tarildilar-da, “Omin”, dedilar. Xutbani tugatib tushganlarida sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, bugun sizdan hech eshitmaganimiz bir narsani eshitdik” deyishdi. U zot aytdilar: “Jabroil (alayhissalom) menga: “Ramazon oyiga yetib, mag‘firat qilinmagan kishi halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim. “Huzurida siz zikr qilinsangiz, sizga salavot aytmagan kishi halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim. Keyin: “Kimning ota-onasini yoki ulardan birini keksayib, uni jannatga kirgizmasa u halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim» (Tabaroniy, Bayhaqiy va Hokim).
Ro‘za ulug‘ ibodat. Biroz teranroq fikrlasak, uning qanchalar buyuk imkoniyatlar fasli ekanini anglashimiz mumkin. Ro‘zador bir oy davomida kuni bilan o‘zini yeb-ichishdan tiyadi, nafsiga qarshi turadi. Kun qancha uzun va havo qancha issiq bo‘lmasin, o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man qilingan narsalardan saqlanadi. Jismi va ruhini poklab, nafsini tarbiyalaydi va yil bo‘yi harom narsalardan tiyilishga ko‘nikma hosil qiladi. Ro‘za tutgan kishining o‘ziga ishonchi ortadi, irodasi mustahkamlanadi, sabr-bardoshi qat’iylashadi va yana boshqa ko‘plab fazilatlarga ega bo‘ladi.
Vaqt to‘xtab turmaydi. Mushtoq bo‘lganimiz Ramazonning soatlari tobora ortda qolaveradi. G‘animat lahzalardan orttirgan yaxshi amallarimiz muhim. Yaxshi ko‘radigan jonimizni biroz qiyinchilikka qo‘yib bo‘lsa ham darajalar qozoniladigan daqiqalarni qo‘ldan boy bermay, topganlarimiz bilan shodlanadiganlar qatorida bo‘lolsak, umrimiz zoye bo‘lmaydi. Harakatlarimiz evaziga munosib samaraga ega bo‘lamiz.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi”. Ular: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?”, deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad).
Bu muborak oy biz uchun ulug‘ imkoniyat, dedik. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni mag‘firat qilishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun fursat, ajru mukofot! Bu anglay olganlarga qiyosi yo‘q ne’mat ham. U faqat Ramazon oyi ro‘zasini imon bilan savob talabida tutuvchi mo‘min-musulmonlargagina beriladi.
Dunyoda turli sabablar tufayli ochlik, tashnalik azobini tortayotganlar ko‘p. Ramazonda qorni to‘qlar ham ixtiyoriy ravishda ularning holiga tushishadi. Kishi qalbida ularning holidan xabar olish, mehr-shafqat, rahmat, g‘amxo‘rlik tuyg‘ulari yanayam ko‘payadi.
Ramazon oyi hammaning – kattayu kichik, boyu kambag‘al, hokimu mahkum, kuchli va kuchsiz, to‘q va ochni tenglashtiradigan bag‘rikeng oydir. Hammamiz uchun bu oy muborak kechsin. Oqibati xursandchilik bo‘lgan mashaqqatlar toldirmasin.
Haj jismoniy va moliyaviy jihatdan bandani sinaydigan, ruhiyatini poklaydigan Islom arkonlarining beshinchi ruknidir. Hajning ulug‘ fazilatlaridan biri insonning xato va gunohlardan poklanishiga sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
“Kim Alloh uchun haj qilsa, (haj davomida) yomon gaplar gapirmasa va gunoh ishlar qilmasa, uyiga onasidan tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lib qaytadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, mabrur haj inson hayotida yangi sahifa ochadi. Islom ta’limotida har bir solih amalning o‘z ajri bor, biroq Haj uchun va’da qilingan mukofot ulug‘roqdir.
Hadisda aytilishicha: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”. Riyodan xoli, halol mablag‘ evaziga qilingan va barcha odoblariga rioya etilgan ibodat mabrur haj hisoblanadi.
Hojilar Alloh taoloning mehmonlaridir. Muqaddas manzillarda inson o‘zi va yaqinlari uchun eng xayrli duolarni so‘raydi. Ziyorat davomida, ayniqsa Arafot tog‘ida, Ka’bai muazzama qarshisida va Safo-Marva tepaliklarida qilingan duolar rad etilmaydi.
Hajning ijtimoiy fazilati beqiyos. Bir xil libosda, bir xil maqsad yo‘lida dunyoning turli burchaklaridan kelgan insonlarning jamlanishi tenglik va ibrat namunasini namoyon etadi. Bu yerda boy va kambag‘al, mansabdor va oddiy ishchi, oq va qora tanlilar o‘rtasida hech qanday farq qolmaydi.
Haj arkonlarini bajarayotgan inson qiyomat manzaralarini his qiladi, hisob-kitobni eslaydi va Alloh huzurida hamma teng, faqatgina taqvolilargina boshqalardan ustun ekanini tushunadi.
Haj safari mashaqqatlardan xoli emas. Issiq iqlim, millionlagan olomon ichida harakatlanish va uzoq masofalarni piyoda bosib o‘tish insondan ulkan sabr talab qiladi. Bu mashaqqatlar evaziga inson o‘z nafsini jilovlashni, boshqalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishni va qiyinchiliklarga shukr bilan munosabat bildirishni o‘rganadi.
Haj sayohat emas, balki qalbning Alloh tomon hijratidir. Muborak safardan qaytgan kishi hoji maqomini olish bilan birga jamiyatga foydasi tegadigan, odob-axloqi go‘zal va iymoni mustahkam bo‘lgan boshqa shaxsga aylanishi kerak.
Alloh taolo barchamizni haj arkonlarini bajarish va unga munosib bo‘lish baxtidan benasib qilmasin!
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Zafar qori Mahmudov