Saudiya Arabistonining «Swift News» veb-saytida «O'zbekiston shaharlari tarixi.. Islom tsivilizatsiyasi guvohi» sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«O'zbekiston ulkan sayyohlik salohiyati, qadimiy tarixiy obidalari, go'zal tabiati va ajoyib madaniy xilma-xilligi bilan ajralib turadi, – deyiladi maqolada. – Bu esa O'zbekistonni butun dunyodan kelgan sayyohlar uchun o'ziga xos va mashhur sayyohlik maskaniga aylantirdi».
Nashrda O'zbekistondagi turizm har bir sayyohni Samarqand, Toshkent, Buxoro va Horazm kabi buyuk alloma va mutafakkirlar bilan bog'langan va mashhur bo'lgan tarixiy makonlarga olib borishi ma'lum qilingan. «Ushbu shaharlarda Ibn Sino, Al-Horazmiy, Al-Buxoriy, At-Termiziy, Beruniy va boshqa ko'zga ko'ringan allomalar voyaga etgan. Bu shaharlar ilm-fan va madaniyat mayoqlarini tashkil qilgan. Shuningdek, mazkur shaharlar o'zining ilmiy markazlari va maktablari bilan mashhur bo'lib, ularda me'morchilik, amaliy san'at va hunarmandchilik rivojlangan, jahon tsivilizatsiyasi tamadduniga ulkan hissa qo'shgan», – qayd etadi muallif.
Maqolada ta'kidlanganidek, Samarqand o'zining muhtasham maqbaralari bilan tarix nafasini his qiladigan shahardir. «Ushbu qadim kentda qadimiy obidalar, madrasa va minoralar juda ko'p. Registon - afsonaviy Samarqand maydoni Markaziy Osiyodagi asosiy me'moriy majmualardan biridir», - deyiladi nashrda.
Swift News»da Buxoro shahri tarixi haqidagi muhim ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga havola qilingan. «Buxoroda 140 dan ortiq qadimiy me'morchilik yodgorliklari mavjud. Minora Kalon shaharning ramzi bo'lib, u 1127 yilda qurilgan, – deya ta'kidlanadi manbada. – Ushbu minorani, «Ark» qal'asi va boshqa ko'plab yodgorliklarni ko'rgan har bir sayyoh xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi».
Maqolada Horazm Buyuk ipak yo'li davridagi shahar bo'lib, u ochiq muzey sifatida keng shuhrat qozongani qayd etilgan. Hivadagi «Ichan-qal'a majmuasi»ning aksariyat me'moriy yodgorliklari XVIII asr oxiri va HIH asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. «Ammo, ushbu tarixiy majmua hududida olib borilgan qazishmalarda qadimgi qatlamlar aniqlangan. Ular eramizdan avvalgi asrlarga to'g'ri keladi. «Ichan-qal'a» 2100 metr uzunlikdagi qalin devor bilan o'ralgan bo'lib, uning bir nechta darvozalari bor. Hozirgi O'zbekiston zaminidagi qadimiy obidalar esa «Jahon tsivilizatsiyasi qadriyatlari» ro'yxatiga kiritilgan»,- deb qayd etadi elektron nashr.
Saudiya OAVda e'lon qilingan mazkur maqolada, shuningdek, O'zbekiston poytaxti Toshkent shahri Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri sifatida e'tirof etilgan.
«Toshkent «Sharq yulduzi» va «Tinchlik elchisi» nomi bilan ham mashhurdir. Bu nomlar shaharning mohiyatini hayratlanarli tarzda aks ettiradi. Markaziy Osiyoning hech bir shahri O'zbekiston poytaxti kabi olimlar tomonidan chuqur o'rganilmagan. Bundan atigi o'n yil muqaddam ushbu shahar hududida 39 ta arxeologik yodgorlik ma'lum bo'lgan bo'lsa, bugungi kunda 240 dan ortiq yodgorliklar topildi», – deb yozadi «Swift News».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahrida bo‘lib turgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va vodiy viloyatlarining bo‘lg‘usi hojilarilariga suhbatni qilib berdilar.
Muftiy hazratlari ma’ruza avvalida ziyoratchilarimizga bu diyorda Haq taolo vahiy nozil qilgani, Rasul alayhissalom, sahobalar yashaganlari, shu bois bu yerning hurmatini saqlash, shukr va zikrni ko‘paytirish, toat-ibodat, yaxshiliklarda bardavom bo‘lish, gunoh-ma’siyatlardan esa butunlay saqlanish lozimligini bayon etdilar.
Dildan qilingan suhbat chog‘ida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Haq taolo O‘zining ibodatiga chaqirgan barcha bandalarini yaxshi ko‘rishi, Robbimiz muqaddas makonda duoga ochilgan qo‘llarni quruq qaytarishdan hayo qilishi, shu bois duolarni ko‘p va xo‘p qilishi kerakligi, bunda ona-Vatanimiz, davlatimiz Rahbari va yurtdoshlarimizni-da unutmaslikni alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari mabrur haj, ya’ni hech qanday gunoh aralashmagan, qabul bo‘lgan haj qanday bo‘lishi, bunda tavba, ixlos, halol-pok mol, ehromning talablariga amal qilish, ibodatni chiroyli ado qilish, zikru tasbehni ko‘paytirish lozimligiga urg‘u qaratdilar.
Suhbat so‘ngida qalblari yorishib, ko‘zlari namlangan ziyoratchilarimiz Muftiy hazratlarining barchaning haji mabrur bo‘lishi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimizning baxtu iqbolini so‘rab qilgan duolariga omin, deya qo‘l ochdilar.
Ayni kunlarda Makka shahridagi mehmonxonalarda ulamolar, imom-xatiblar va ellikboshilar tomonidan haj ibodatiga oid ilmiy-ma’rifiy suhbatlar hamda savol-javoblar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati