Makka mukarrama shahridagi Masjidul haromda muqaddas Ka'bani yuvish an'anaviy marosimi bo'lib o'tdi.
Arab news xabariga ko'ra, sharafli marosimni Makka amiri o'rinbosari, shahzoda Bandar bin Sulton bin Abdulaziz amalga oshirdi.
Ka'ba yiliga ikki marta yuviladi, odatda bu tadbir muqaddas Ramazon oyi boshlanishidan biroz oldin va Hajdan oldin bo'lib o'tadi. Binolarni yuvish uchun Ka'baning o'zidan unchalik uzoq bo'lmagan va muqaddas hisoblangan Zamzam bulog'idan suv ishlatiladi.
Suvga Toif shahrida etishtirilgan gullardan olingan atirgul moyi, shuningdek, noyob ajar daraxtidan olingan qimmatbaho tutatqi – Kambodja ud qo'shiladi.
Ka'baning devorlari atirgul suvi bilan namlangan yumshoq mato bilan ichkaridan tozalandi, pollari esa qo'l va xurmo barglari bilan yuviladi. Ka'bani yuvish tadbiri ishtirokchilari Ka'ba atrofida tavof qildi, so'ngra namoz o'qidi.
Masjidul Harom va Masjidun Nabaviy ishlari bo'yicha boshqarmaga qarashli Atirlar va tutatqilar bo'limi vakili Masjidul Haromni eng yaxshi parfyumeriya vositalari bilan xushbo'y holatga keltirildi, bu Ka'bani yuvish ishlari tugaganidan keyin amalga oshirildi, – deya ta'kidladi.
Baytullohni atirlar va tutatqilar bilan xushbo'y qilish bo'limi kechayu-kunduz Masjidul Harom va uning barcha tomonlarini xushbo'y qilish bo'yicha sa'y-harakat qilib, Masjidul Harom (60) dan ortiq tutatqi bilan tutatilishi va Ka'baga har bir farz namozida Qora toshdan boshlab, Yaman burchagi, keyin Multazam va Ka'ba eshigiga ikki bo'lak yaxshi ud yog'i sepilishini ma'lum qildi.
Ushbu xizmat Masjidul Harom va Masjidun Nabaviy ishlari boshqarmasi ijrochi direktori shayx doktor Abdul Rahmon bin Abdulaziz Al-Sudays tomonidan Baytullohni ziyorat qilganlar uchun barcha xizmatlardan foydalanish uchun yo'naltirilgan xizmatlar doirasida amalga oshiriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
“Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, ta’lim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-ma’rifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qur’onini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining ma’rifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sun’iy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.
Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani ta’kidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini ta’sis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati