Alloh taolo bizning baxtiyor, qulay yashashimiz uchun tayyorlab, jihozlab bergan bu sayyorani ifloslantirmasligimiz, unda buzg‘unchilik qilmasligimiz yoki unga nisbatan yomon muomalada bo‘lmasligimiz lozim. Aks holda yerdagi buzg‘unchilik, tabiatni asramaslik dahshatli falokatlarga olib keladi. Darhaqiqat, bugungi kunda sayyoramizda bo‘layotgan ko‘plab falokatlarni ko‘rib turibmiz. Masalan, suvlarning ifloslanishi, haroratning ko‘tarilishi, atmosferaga turli zaharli gazlarning ko‘p miqdorda chiqarilishi va hokazo. Oldinlari bu kabi noxush olatlar kuzatilmagan edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
وَلاَ تُفْسِدُواْ فِي الأَرْضِ بَعْدَ إِصْلاَحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفاً وَطَمَعاً إِنَّ رَحْمَتَ اللّهِ قَرِيبٌ مِّنَ الْمُحْسِنِينَ
“Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi, 56-oyat).
Alloh taolo Yerni biz bandalari uchun yashashga yaroqli qilib qo‘ydi. Yer ilk yaratilayotgan paytda yashashga yaroqli emasdi. Balki u gazsimon holda edi. Keyin Robbimiz Yerni yaratib, uning havosini musaffo, suvlarini chuchuk, tog‘larini qoziq, bosimlarini inson tanasiga moslab qo‘ydi.
Tadqiqotchi Fransiska de Shatel shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam tabiatni muhofaza qilish fanining yetakchilaridandir. Chunki biz u kishining hadislariga yaxshilab e’tibor bersak, bu sohaga oid tadbirlar haqida so‘z yuritilganini, u zot tabiatni asrashga qattiq chorlaganlarini ko‘ramiz. Balki u kishi o‘z zamonida egologiyani asrab-avaylashda peshqadam bo‘lganlar. Ha, u zot tabiatni asrash, uni to‘g‘ri tarzda rivojlantirish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish borasida yetakchi, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intiluvchilardan edilar. U zot inson hayotini tabiat bilan uyg‘un shaklda tartibga solish bo‘yicha ajoyib ko‘rsatmalarni taqdim etganlar”.
Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayihi vasallam bizga yo‘llarni, ko‘chalarni ozoda tutish, yo‘ldan aziyat beruvchi narsalarni olib tashlashga buyurib, bu ish sadaqaning bir turi ekanligini ta’kidlaganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Yo‘ldan aziyat beruvchi narsaning olib tashlashing ham sadaqadir”.
Aytish mumkinki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar etib yuborilgan davr insoniyat aqlini qamragan johiliyat zamoni edi. Odamlar hayvonlarga qiymatsiz, his-tuyg‘usiz maxluqlar deb qarashardi. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam mo‘minlarni o‘sha hayvonlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdilar, shunga buyurdilar. Hatto mushuklarni yaxshi ko‘radigan, ularga mehr ko‘rsatadigan sahobaning bu ishini qo‘llab, taqdirlab, uni “Abu Hurayra” (mushuk otasi) deb nomlaganlar. Shuning uchun ham bu Payg‘ambar butun olamlarga rahmat bo‘lishga haqlidirlar:
وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِّلْعَالَمِينَ
“Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat).
Qur’oni Karimda bundan o‘n to‘rt asr oldin o‘simliklar zikr qilinib, “karamli” deya vasf etilgan. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
أَوَلَمْ يَرَوْا إِلَى الْأَرْضِ كَمْ أَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ
“Ular yerga qaramaydilarmi?! Biz unda go‘zal navlardan qanchalarini undirib qo‘yibmiz” (Shuaro surasi, 7-oyat).
Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday degan:
وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ
“Va osmondan suv tushirib, u bilan un(yer yuzi)da turli go‘zal va foydali juftlarni o‘stirib qo‘ydik”. (Oyatda “o‘simliklarni o‘stirib qo‘ydik”, deyilmasdan, “karamli (go‘zal va foydali) juftlarni o‘stirib qo‘ydik”, deb aytilmoqda. Bu yerda, avvalo, o‘simliklardagi go‘zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo‘lishi ham bildirib qo‘yilyapti. Allohning kitobida o‘n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga ilm yaqindagina yetdi. Har bir o‘simlikda erkak va urg‘ochi xo‘jayralar bo‘lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo‘lishi endi tushunib yetildi. O‘simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh qodirdir.) (Luqmon surasi, 10-oyat).
Yana tadqiqotchining fikrlariga e’tibor qarataylik: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam atrof-muhitga, xususan, yerga ko‘p ahamiyat qaratardilar. Tuproqni poklovchi deb e’lon qilgan edilar. Darhaqiqat, bugun olimlar tuproq tarkibida zararli bakteriyalarni o‘ldiradigan moddalar borligini ta’kidlashmoqda”.
Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam bir muborak hadisda: “Men uchun yerning hammasi sajda qiladigan joy va poklovchi qilib berildi” deganlar. Bu hadisda tuproqning pokligiga, uni muhofaza qilish zarurligiga ajoyib tarzda ishora qilinmoqda. Chunki mo‘min-musulmon odam tuproq ustida namoz o‘qiydi. Shu bois uni iflos qilmaslik lozimdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘yini yerga yotqizib, oyog‘ini uning yuziga qo‘yib olib, pichog‘ini o‘tkirlayotgan kishini bu ishdan qaytarib, shunday deganlar: “Shu ishni oldin qilsang bo‘lmaydimi? Uni ikki marta o‘ldirishni xohlaysanmi?!” Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilishgan. Mana shunday mehribon Payg‘ambar ehtirom qilishga haqli emasmilar?
Yana bir hadisda u zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh har bir narsada yaxshilik qilishni yozgan. Agar (hayvonni) o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab o‘ldiringlar. Agar (hayvonni) so‘ymoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab so‘yinglar. Sizlardan biringiz tig‘ini o‘tkirlab olsin, so‘yayotgan hayvonini rohatlantirsin!” Muslim rivoyati.
U zot alayhissalom tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan birini suvni isrof qilishdan qaytarib shunday deganlar: “Agar oqib turgan daryo labida bo‘lsang ham (suvni isrof qilma!)” Imom Ahmad rivoyatlari. Nabiy sollallohu alayhi vasallam barcha ishda ummatlarini isrofdan qaytarib, xususan, suvni isrof qilmaslikni ko‘p ta’kidlaganlar. Bugungi kundagi suvning ozligi, qurg‘oqchilik kabi falokatlarning sababi suvni isrof qilinganidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ وَلاَ طَائِرٍ يَطِيرُ بِجَنَاحَيْهِ إِلاَّ أُمَمٌ أَمْثَالُكُم مَّا فَرَّطْنَا فِي الكِتَابِ مِن شَيْءٍ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِمْ يُحْشَرُونَ
“Yer yuzidagi yuruvchi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir. Kitobga hech narsani qo‘ymay yozganmiz. So‘ngra Robbilariga jamlanurlar”. (Oyati karimada yerdagi va osmondagi jonzotlar ham, insonlar kabi, ummatlar ekani ta’kidlanmoqda. Ya’ni, ularning hayotlarida ham tirikchilik, oila, tug‘ish, ko‘payish singari insonlarga xos ishlarda o‘xshash jihatlar bor. Ularni kim bunday qilib yaratdi? Ulamolar misol qilib ko‘pincha asalari va chumolini keltiradilar. Mutaxassislarning fikri bilan tanishgan odam bu ikki ummatning jamoa hayoti Allohning qudratidan ekanligiga tan bermay iloji yo‘q.) (An’om surasi, 38-oyat).
Mana shu oyatda aytilganidek, har bir inson hayvonlarni alohida ummat ekanini his qilsa, ularga yomon muomala qilmaydigan, balki mehr ko‘rsatadigan bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Birortangiz oqmay turadigan, keyinchalik unda g‘usl qiladigan suvga zinhor bavl qilmasin”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Mana shunday ajoyib tavsiyadan keyin bu ulug‘ Payg‘ambar atrof-muhit muhofazasida yetkachi bo‘lishga haqli emasmilar?!
“Bir xotin urg‘ochi mushukni ochlikda saqlab o‘ldirgani uchun do‘zaxga tushdi. Xudo bilsin, bu mushukni qamab qo‘yganingda na taom va na suv bermading yoki yerdagi hasharotlardan tutib yemog‘i uchun o‘z holiga qo‘ymading, deb azoblansa kerak”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadisda mushuk misolida hayvonlarga ozor bermaslik, ularni qiynamaslik, ularning o‘limiga sabab bo‘lmaslik, ularga mehribon bo‘lish kerakligi, ularga ozor berib, o‘limiga sabab bo‘lgan inson do‘zaxda azoblanishi ta’kidlanyapti.
Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir kishi yo‘lda ketayotib qattiq tashna bo‘ldi. Yo‘lida bir quduq ko‘rinib qoldi-da, uning ichiga tushib suvidan ichdi. Quduqdan qaytib chiqqan vaqtida bir it tashnaligidan hansirab, ho‘l tuproq yalayotganini ko‘rdi. Bu bechora ham menga o‘xshab chanqabdi, deb o‘yladi va qayta quduqqa tushib, mahsisiga suvdan to‘ldirib chiqib itga ichirdi. U kishining qilgan ishi Alloh taologa xush kelib, gunohini kechdi”, dedilar. Shunda sahobiylar: “Yo Rasululloh! Hayvonlarga qilgan yaxshiligimiz uchun ham bizlarga savob bo‘ladimi?” deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ha, har bir jonlida shunday ajr bor”, deb javob berdilar” Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Bu hadisda esa hayvonlarga rahm-shafqatli bo‘lish oxiratda mag‘firat qilinishga sabab bo‘lishi aytilmoqda.
Qur’oni karimda barcha maxluqotlar Allohga tasbeh, hamd aytishining xabari berilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ وَلَـكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيماً غَفُوراً
“Unga yetti osmonu yer va ulardagi kimsalar tasbeh aytur. Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar. Albatta, u haliym va sermag‘firat zotdir”. (Arab tilida tasbih aytish “Allohni poklab yod etish” ma’nosini anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab tasbih aytishini ta’kidlamoqda.) (Isro surasi, 44-oyat).
Ha, barcha maxluqotlar Alloh taologa hamd va tasbeh aytadi. Shuning uchun Alloh taoloni zikr qiladigan ummatni o‘ldirmasligimiz, balki ularning rioyasini qilishimiz lozim bo‘ladi.
Abduddoim Kahelning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi