Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Tabiatni asrashga oid 10 ta ilohiy ko‘rsatmalar

18.04.2019   12333   14 min.
Tabiatni asrashga oid 10 ta ilohiy ko‘rsatmalar
  1. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mehribonliklari insonni, hayvonni, qushlarni va o‘simliklarni ham o‘z ichiga oladi. Ha, bu rahmat biz yashayotgan shu tabiatni ham o‘z ichiga olgan. Tabiat Alloh taoloning ulkan ne’matlaridan biridir. U Zot bizga atrof-muhitni ozoda saqlashni, muhofaza qilishni, ifloslantirmaslikni buyurgan.

Alloh taolo bizning baxtiyor, qulay yashashimiz uchun tayyorlab, jihozlab bergan bu sayyorani ifloslantirmasligimiz, unda buzg‘unchilik qilmasligimiz yoki unga nisbatan yomon muomalada bo‘lmasligimiz lozim. Aks holda yerdagi buzg‘unchilik, tabiatni asramaslik dahshatli falokatlarga olib keladi. Darhaqiqat, bugungi kunda sayyoramizda bo‘layotgan ko‘plab falokatlarni ko‘rib turibmiz. Masalan, suvlarning ifloslanishi, haroratning ko‘tarilishi, atmosferaga turli zaharli gazlarning ko‘p miqdorda chiqarilishi va hokazo. Oldinlari bu kabi noxush olatlar kuzatilmagan edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

  وَلاَ تُفْسِدُواْ فِي الأَرْضِ بَعْدَ إِصْلاَحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفاً وَطَمَعاً إِنَّ رَحْمَتَ اللّهِ قَرِيبٌ مِّنَ الْمُحْسِنِينَ

“Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi, 56-oyat).

Alloh taolo Yerni biz bandalari uchun yashashga yaroqli qilib qo‘ydi. Yer ilk yaratilayotgan paytda yashashga yaroqli emasdi. Balki u gazsimon holda edi. Keyin Robbimiz Yerni yaratib, uning havosini musaffo, suvlarini chuchuk, tog‘larini qoziq, bosimlarini inson tanasiga moslab qo‘ydi.  

  1. Bugungi kunda G‘arb olimlari ekologiya fanining poydevorini qo‘ygan, bu soha bo‘yicha muhim ko‘rsatmalarni bergan kishi Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘lganliklarini e’tirof qilmoqdalar. Bu zoti bobarakotning ko‘plab hadislarida tabiatni asrashga, uni iflos qilmaslikka doir ko‘rsatmalar, buyruqlar va tavsiyalarni ko‘ramiz.

Tadqiqotchi Fransiska de Shatel shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam tabiatni muhofaza qilish fanining yetakchilaridandir. Chunki biz u kishining hadislariga yaxshilab e’tibor bersak, bu sohaga oid tadbirlar haqida so‘z yuritilganini, u zot tabiatni asrashga qattiq chorlaganlarini ko‘ramiz. Balki u kishi o‘z zamonida egologiyani asrab-avaylashda peshqadam bo‘lganlar. Ha, u zot tabiatni asrash, uni to‘g‘ri tarzda rivojlantirish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish borasida yetakchi, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intiluvchilardan edilar. U zot inson hayotini tabiat bilan uyg‘un shaklda tartibga solish bo‘yicha ajoyib ko‘rsatmalarni taqdim etganlar”. 

Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayihi vasallam bizga yo‘llarni, ko‘chalarni ozoda tutish, yo‘ldan aziyat beruvchi narsalarni olib tashlashga buyurib, bu ish sadaqaning bir turi ekanligini ta’kidlaganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Yo‘ldan aziyat beruvchi narsaning olib tashlashing ham sadaqadir”.  

  1. Tadqiqotchi Fransiska de Shatel o‘zining “Muhammad alayhissalom tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchidir” nomli kitobida shunday deydi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam yerdan va suvdan to‘g‘ri foydalanishga barchani chorlab kelgan kuchli da’vatchilardan biri edilar. Shuningdek, hayvonlar, o‘simliklar va qushlar bilan chiroyli muomala qilishga ham barchani chaqirgan kishidirlar. Hatto ba’zi hadislaridagi fikrlar atrof-muhit masalalari bo‘yicha zamonaviy munozaralarga o‘xshaydi”.

Aytish mumkinki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar etib yuborilgan davr insoniyat aqlini qamragan johiliyat zamoni edi. Odamlar hayvonlarga qiymatsiz, his-tuyg‘usiz maxluqlar deb qarashardi. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam mo‘minlarni o‘sha hayvonlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdilar, shunga buyurdilar. Hatto mushuklarni yaxshi ko‘radigan, ularga mehr ko‘rsatadigan sahobaning bu ishini qo‘llab, taqdirlab, uni “Abu Hurayra” (mushuk otasi) deb nomlaganlar. Shuning uchun ham bu Payg‘ambar butun olamlarga rahmat bo‘lishga haqlidirlar:

 وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِّلْعَالَمِينَ

“Biz seni faqat olamlarga rahmat qilib yubordik” (Anbiyo surasi, 107-oyat). 

  1. Tadqiqotchi Fransiska de Shatel yana mazkur kitobida ushbu fikrlarni bayon qiladi: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam barcha hayvonlar, o‘simliklar, tabiat unsurlari Alloh taoloning maxluqlari bo‘lib, ularning ham huquqlari bor, shu huquqlarini ehtirom qilish kerak, deb bilardilar”.

Qur’oni Karimda bundan o‘n to‘rt asr oldin o‘simliklar zikr qilinib, “karamli” deya vasf etilgan. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

 أَوَلَمْ يَرَوْا إِلَى الْأَرْضِ كَمْ أَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ

“Ular yerga qaramaydilarmi?! Biz unda go‘zal navlardan qanchalarini undirib qo‘yibmiz” (Shuaro surasi, 7-oyat).

Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday degan:

وَأَنزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَنبَتْنَا فِيهَا مِن كُلِّ زَوْجٍ كَرِيمٍ

“Va osmondan suv tushirib, u bilan un(yer yuzi)da turli go‘zal va foydali juftlarni o‘stirib qo‘ydik”. (Oyatda “o‘simliklarni o‘stirib qo‘ydik”, deyilmasdan, “karamli (go‘zal va foydali) juftlarni o‘stirib qo‘ydik”, deb aytilmoqda. Bu yerda, avvalo, o‘simliklardagi go‘zallik va foydaga ishora qilinyapti, qolaversa, ular juft bo‘lishi ham bildirib qo‘yilyapti. Allohning kitobida o‘n besh asr ilgari zikr etilgan bu haqiqatga ilm yaqindagina yetdi. Har bir o‘simlikda erkak va urg‘ochi xo‘jayralar bo‘lib, ular bir-biri bilan chatishgandagina meva hosil bo‘lishi endi tushunib yetildi. O‘simliklarni bunday qilib yaratishga faqat Alloh qodirdir.) (Luqmon surasi, 10-oyat).

  1. Bugungi kun olimlari insoniyatni tabiatni asrashga, ko‘cha va shaharlarni ozoda saqlashga chorlab, bunday qilish inson, o‘simlik va hayvonlarning salomatligiga ijobiy ta’sir etishini bir ovozdan ta’kidlamoqdalar.

Yana tadqiqotchining fikrlariga e’tibor qarataylik: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam atrof-muhitga, xususan, yerga ko‘p ahamiyat qaratardilar. Tuproqni poklovchi deb e’lon qilgan edilar. Darhaqiqat, bugun olimlar tuproq tarkibida zararli bakteriyalarni o‘ldiradigan moddalar borligini ta’kidlashmoqda”.

Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam bir muborak hadisda: “Men uchun yerning hammasi sajda qiladigan joy va poklovchi qilib berildi” deganlar. Bu hadisda tuproqning pokligiga, uni muhofaza qilish zarurligiga ajoyib tarzda ishora qilinmoqda. Chunki mo‘min-musulmon odam tuproq ustida namoz o‘qiydi. Shu bois uni iflos qilmaslik lozimdir.  

  1. G‘arblik ba’zi insofli tadqiqotchilar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o‘qigach, shunday demoqdalar: “Hatto hayvon so‘yish borasida ham Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ulkan mehru shafqatlarini ko‘ramiz. U zot hayvonlarni parvarish qilish, ularga ozor bermaslik masalasida o‘ta hassos edilar. U zot alayhissalom hayvonlarni so‘yishda o‘tkir pichoq ishlatishni buyurar, o‘tmas pichoq bilan hayvonni qiynamaslikni ta’kidlardilar. Shuningdek, bir hayvonni boshqa hayvonning ko‘z o‘ngida so‘yishdan, pichoqni so‘yiladigan hayvonga ko‘rsatib o‘tkirlashdan ham qaytargan edilar”.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘yini yerga yotqizib, oyog‘ini uning yuziga qo‘yib olib, pichog‘ini o‘tkirlayotgan kishini bu ishdan qaytarib, shunday deganlar: “Shu ishni oldin qilsang bo‘lmaydimi? Uni ikki marta o‘ldirishni xohlaysanmi?!” Tabaroniy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilishgan. Mana shunday mehribon Payg‘ambar ehtirom qilishga haqli emasmilar?

Yana bir hadisda u zot alayhissalom bunday deganlar: “Albatta, Alloh har bir narsada yaxshilik qilishni yozgan. Agar (hayvonni) o‘ldirmoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab o‘ldiringlar. Agar (hayvonni) so‘ymoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab so‘yinglar. Sizlardan biringiz tig‘ini o‘tkirlab olsin, so‘yayotgan hayvonini rohatlantirsin!” Muslim rivoyati.

  1. Bugungi kun insonlari suvsizlikdan, qurg‘oqchilikdan qiynalmoqda. Shu bois ba’zi tadqiqotchilar kelajakdagi urushlar suvni qo‘lga kiritish uchun bo‘lishini aytishmoqda. Ozgina fikrlab ko‘rsak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bugungi insonlardan ancha oldin suvni isrof qilmaslik haqida ko‘p ta’kidlaganlarini ko‘ramiz.

U zot alayhissalom tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan birini suvni isrof qilishdan qaytarib shunday deganlar: “Agar oqib turgan daryo labida bo‘lsang ham (suvni isrof qilma!)” Imom Ahmad rivoyatlari. Nabiy sollallohu alayhi vasallam barcha ishda ummatlarini isrofdan qaytarib, xususan, suvni isrof qilmaslikni ko‘p ta’kidlaganlar. Bugungi kundagi suvning ozligi, qurg‘oqchilik kabi falokatlarning sababi suvni isrof qilinganidir.

  1. Nabiy sollallohu alayhi vasallam tinchlik paytida ham, urush asnosida ham daraxtlarni kesmaslikni, o‘rmonlarni yoqmaslikni buyurganlar. Shuningdek, urush paytida ayollar, keksalar va yosh bolalarni o‘ldirishdan ham qaytarganlar. Bu rahmatu mehribonlikning yuksak ko‘rinishidir. O‘zing dushmaning bilan jang qilib turgan bo‘lsang ham ularning ayollarini, keksalarini, go‘daklarini o‘ldirmaysan, yana daraxtlarni ham kesmaysan. Qur’oni Karimda maxluqotlarning ahamiyati ta’kidlanib, ular ham biz kabi ummat ekanini e’lon qilingan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:

 وَمَا مِن دَآبَّةٍ فِي الأَرْضِ وَلاَ طَائِرٍ يَطِيرُ بِجَنَاحَيْهِ إِلاَّ أُمَمٌ أَمْثَالُكُم مَّا فَرَّطْنَا فِي الكِتَابِ مِن شَيْءٍ ثُمَّ إِلَى رَبِّهِمْ يُحْشَرُونَ

“Yer yuzidagi yuruvchi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir. Kitobga hech narsani qo‘ymay yozganmiz. So‘ngra Robbilariga jamlanurlar”. (Oyati karimada yerdagi va osmondagi jonzotlar ham, insonlar kabi, ummatlar ekani ta’kidlanmoqda. Ya’ni, ularning hayotlarida ham tirikchilik, oila, tug‘ish, ko‘payish singari insonlarga xos ishlarda o‘xshash jihatlar bor. Ularni kim bunday qilib yaratdi? Ulamolar misol qilib ko‘pincha asalari va chumolini keltiradilar. Mutaxassislarning fikri bilan tanishgan odam bu ikki ummatning jamoa hayoti Allohning qudratidan ekanligiga tan bermay iloji yo‘q.) (An’om surasi, 38-oyat).

Mana shu oyatda aytilganidek, har bir inson hayvonlarni alohida ummat ekanini his qilsa, ularga yomon muomala qilmaydigan, balki mehr ko‘rsatadigan bo‘ladi.

  1. Olimlar ichimlik suvini muhofaza qilish zarurligini, uni iflos qilmaslik lozimligini ta’kidlamoqdalar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni suvni iflos qilishdan qaytarganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Birortangiz oqmay turadigan, keyinchalik unda g‘usl qiladigan suvga zinhor bavl qilmasin”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Mana shunday ajoyib tavsiyadan keyin bu ulug‘ Payg‘ambar atrof-muhit muhofazasida yetkachi bo‘lishga haqli emasmilar?!

  1. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hayvonlarga, shu jumladan otlarga ahamiyat qaratardilar. Otlarning peshonasida qiyomatga qadar baraka borligini aytganlar. Mana shuning o‘zida otlarga ham, insonlarga foydasi bor boshqa hayvonlarga ham e’tibor qaratishga ishora bor. Shu bilan birga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayvonlarni zulm ila o‘ldirishdan yoki ularni azoblashdan qaytarganlar. U zot alayhissalom:

“Bir xotin urg‘ochi mushukni ochlikda saqlab o‘ldirgani uchun do‘zaxga tushdi. Xudo bilsin, bu mushukni qamab qo‘yganingda na taom va na suv bermading yoki yerdagi hasharotlardan tutib yemog‘i uchun o‘z holiga qo‘ymading, deb azoblansa kerak”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisda mushuk misolida hayvonlarga ozor bermaslik, ularni qiynamaslik, ularning o‘limiga sabab bo‘lmaslik, ularga mehribon bo‘lish kerakligi, ularga ozor berib, o‘limiga sabab bo‘lgan inson do‘zaxda azoblanishi ta’kidlanyapti.    

Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bir kishi yo‘lda ketayotib qattiq tashna bo‘ldi. Yo‘lida bir quduq ko‘rinib qoldi-da, uning ichiga tushib suvidan ichdi. Quduqdan qaytib chiqqan vaqtida bir it tashnaligidan hansirab, ho‘l tuproq yalayotganini ko‘rdi. Bu bechora ham menga o‘xshab chanqabdi, deb o‘yladi va qayta quduqqa tushib, mahsisiga suvdan to‘ldirib chiqib itga ichirdi. U kishining qilgan ishi Alloh taologa xush kelib, gunohini kechdi”, dedilar. Shunda sahobiylar: “Yo Rasululloh! Hayvonlarga qilgan yaxshiligimiz uchun ham bizlarga savob bo‘ladimi?” deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ha, har bir jonlida shunday ajr bor”, deb javob berdilar” Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Bu hadisda esa hayvonlarga rahm-shafqatli bo‘lish oxiratda mag‘firat qilinishga sabab bo‘lishi aytilmoqda.  

Qur’oni karimda barcha maxluqotlar Allohga tasbeh, hamd aytishining xabari berilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

  تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ وَلَـكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيماً غَفُوراً

“Unga yetti osmonu yer va ulardagi kimsalar tasbeh aytur. Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar. Albatta, u haliym va sermag‘firat zotdir”. (Arab tilida tasbih aytish “Allohni poklab yod etish” ma’nosini anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab tasbih aytishini ta’kidlamoqda.) (Isro surasi, 44-oyat).

Ha, barcha maxluqotlar Alloh taologa hamd va tasbeh aytadi. Shuning uchun Alloh taoloni zikr qiladigan ummatni o‘ldirmasligimiz, balki ularning rioyasini qilishimiz lozim bo‘ladi.

 

Abduddoim Kahelning maqolasidan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   34000   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar