Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447

Omonat nima?

13.04.2019   6993   6 min.
Omonat nima?

Ko‘pchilik “Omonat” deganda “Do‘stim, shu pulim senda turib tursin. Ertaga olaman” deyishini va shu pulni egasiga ehtiyotlab o‘z holida qaytarishni tushunadi. To‘g‘ri, bu ham omonat. Ammo omonat tushunchasi kengroq ma’noni ifoda qiladi. Uning turlari ko‘p. Eng muhim omonat – Din omonatidir! Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qilgan:

إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُوماً جَهُولاً

“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir”. (Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar. Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan o‘ziga o‘zi zulm qiladi. Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi.)  (Ahzob surasi, 72-oyat(.

Dinimizga amal qilsak, bu omonatning rioyasini qilib, uni ado etgan bo‘lamiz. Agar amal qilmasak, bu omonatga xiyonat qilgan, uni ado etmagan bo‘lamiz.

Alloh taolo bizga ato etgan tana a’zolari ham omonatdir. Ularni asrash, kasal bo‘lsa, darhol shifokorga ko‘rsatib, davolashning chorasini ko‘rish omonatga rioya qilishdir. Agar biror a’zoimiz bemor bo‘lsayu, uni vaqtida shifokorga ko‘rsatib, muolajasiga urinmasak, natijada u a’zo o‘z faoliyatini bajara olmay qolsa, biz uning omonatligiga rioya qilmagan, uni chiroyli ado etmagan bo‘lamiz.

Boshqa tana a’zolari haqida ham shu gapni aytish mumkin.

Shuningdek, ayol ham, farzand ham omonatdir. Ularning nafaqasini qilish, bemor bo‘lsalar, davolatish, soliha, solih qilib tarbiyalash, xulqu atvorlarini yaxshilash borasida qayg‘urish, buni nazorat qilish omonatga rioya qilish hisoblanadi. Bordiyu ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yilsa, axloqlarida, fikrlashlarida nuqson bo‘lsa, aqidalari, ibodatlari noto‘g‘ri tarzda bo‘ladigan bo‘lsa, ularga mas’ul bo‘lgan er, ota omonatga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Har bir kasb o‘z egasi uchun omonatdir. Inson bir kasbni o‘rgandimi, endi shuni yaxshi ishga solib, shu orqali xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishi kerak. Agar u o‘z kasbiga nisbatan loqayd, beparvolik qiladigan bo‘lsa, kasbiga qo‘l uchida yondoshadigan bo‘lsa, kasb omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Masalan, o‘qituvchi kabini olaylik. Bu kasb egasi o‘z kasbini sevishi, uni sadoqat, fidoiylik bilan olib borishi darkor. Agar o‘qituvchi maktabda, kollejda, oliygohda talabalarga sidqidildan dars o‘tmasa, bir soatu yigirma daqiqa ichida shogirdlariga biror ilmiy yangilik taqdim etmasa, o‘quvchilar bilan gaplashib o‘tirsa, vaqtni behuda o‘tkazsa, ularning vaqtlarini, umrlarini sovursa, o‘qituvchilik omonatiga, ta’lim berish omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Shifokor bemorlarni davolashni yaxshilash maqsadida o‘z ustida ishlamasa, turli kasalliklarga oid kitoblar bilan tanishib, ilmini oshirib bormasa, bemorlarni davolashda sustkashlik, o‘quvsizlik, dangasalik qilsa, kasbiga bepisandlik bilan yondoshsa, yaxshi pul bergan bemorlarga e’tibor qaratib, qo‘li kaltalik qilganlarga qo‘pol, yuzaki muomala qiladigan bo‘lsa, u shifokorlik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi. Bordiyu uning o‘quvsizligi natijasida bemor hayotdan ko‘z yumsa, chalasavod shifokor bunga zomin bo‘ladi. Bu jinoyatga o‘qishni pulga bitirishda, diplomni pulga sotib olishda unga ko‘maklashgan kimsa ham sherik bo‘ladi.

Oshpaz ovqat pishirayotganda, o‘ta ehtiyotkor va diqqatli bo‘lishi kerak. Agar u sigaret chekadigan oshpaz bo‘lsa, sigaretni tashlagandan so‘ng qo‘llarini yaxshilab sovunlab yuvib, keyin kapgirni ushlashi kerak. Qozon atrofida turganlardan birortasi chekadigan kimsa bo‘lsa, “Nariroqda turing. Sigaretingizning kuli qozonga tushmasin!” deb ularni ogohlantirishi kerak. Agar u sigaret, nos kabilarni ushlab qo‘lini yuvmasa, atrofidagilarni ham bu kabi holatlardan ogoh etmasa, taomga, musulmonlarning luqmasiga nisbatan beparvolik qilsa, oshpazlik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Nonvoy xamir qorayotganda peshonasidagi ter xamirga tommasligi kerak. Yuzini, peshonasini artib, quritib, keyin xamir qilishga urinishi kerak. Shuningdek, nonning ustiga qatiq va boshqa narsalarni surtish uchun ishlatiladigan asboblar (masalan, shyotka) halol narsalardan ishlab chiqarilgan, ularga harom qilingan hayvonlarning, jumladan, cho‘chqaning yunglari ishlatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda u ham nonvoylik omonatiga xiyonat qilgan, bu omonatni ado etmagan hisoblanadi. Chunki, oshpaz, nonvoy kabi kasb sohiblari o‘zlarining loqaydliklari bilan musulmonlarning luqmasi bevosita buzilishiga sabab bo‘lib qoladilar. Shuning uchun ular juda ehtiyot bo‘lishlari kerak.

Haydovchi mijozlarni mashinasiga chiqarishdan oldin mashinaning texnik jihatdan sozligini ko‘rib chiqishi, mijozlarni olgandan keyin yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi talab etiladi. Bordiyu haydovchi shu aytilganlarga amal qilmasa, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan va haydovchilik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.

Barcha kasblarni shunday misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Ha, omonatga rioya qilish ana shunday muhim ishdir, dinimizning qattiq talabidir. Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘minlarni sifatlab shunday marhamat qilgan:

وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ

“Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir” (Muminun surasi, 8-oyat).

Azizlar, har birlarimiz o‘zimizdagi barcha omonatlarga rioya qilaylik! Omonatga xiyonat qilish og‘ir gunoh bo‘lishi bilan birga munofiqlikning belgilaridan biri ekanini aslo unutmaylik!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Munofiqning belgisi uchta: so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi, va’da qilsa bajarmaydi, omonatga xiyonat qiladi” (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilgan).

Demak, omonatga xiyonat qilgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan hisoblanar ekan.

Alloh taolo barchamizni xiyonat qilishdan va xiyonatga qolishdan asrab, doimo omonatdor bo‘lishimizni nasib etsin, omin!

 

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘lni bog‘lash

26.06.2025   812   1 min.
Namozda qo‘lni bog‘lash

Hanafiy mazhabimizga ko‘ra, takbiri tahrima bilan namozga kirishda o‘ng qo‘lni chap qo‘l ustiga qo‘yib, qo‘llarini bog‘laydi va kindik ostiga qo‘yadi. Bu amalni ulamolarimiz sunnat deganlar. 

Alqama ibn Voil otalari Voil ibn Hujrdan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam namozda o‘ng qo‘llarini chap qo‘llari ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yganlarini ko‘rdim”. 

Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali roziyallohu anhu aytadilar: “Namozda qo‘lni qo‘lning ustiga qo‘yib, kindik ostiga qo‘yish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyati).

@AhliSunnaValJamoaUz

INFOGRAFIKA