Ko‘pchilik “Omonat” deganda “Do‘stim, shu pulim senda turib tursin. Ertaga olaman” deyishini va shu pulni egasiga ehtiyotlab o‘z holida qaytarishni tushunadi. To‘g‘ri, bu ham omonat. Ammo omonat tushunchasi kengroq ma’noni ifoda qiladi. Uning turlari ko‘p. Eng muhim omonat – Din omonatidir! Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qilgan:
إِنَّا عَرَضْنَا الْأَمَانَةَ عَلَى السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَالْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا الْإِنسَانُ إِنَّهُ كَانَ ظَلُوماً جَهُولاً
“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir”. (Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar. Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan o‘ziga o‘zi zulm qiladi. Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi.) (Ahzob surasi, 72-oyat(.
Dinimizga amal qilsak, bu omonatning rioyasini qilib, uni ado etgan bo‘lamiz. Agar amal qilmasak, bu omonatga xiyonat qilgan, uni ado etmagan bo‘lamiz.
Alloh taolo bizga ato etgan tana a’zolari ham omonatdir. Ularni asrash, kasal bo‘lsa, darhol shifokorga ko‘rsatib, davolashning chorasini ko‘rish omonatga rioya qilishdir. Agar biror a’zoimiz bemor bo‘lsayu, uni vaqtida shifokorga ko‘rsatib, muolajasiga urinmasak, natijada u a’zo o‘z faoliyatini bajara olmay qolsa, biz uning omonatligiga rioya qilmagan, uni chiroyli ado etmagan bo‘lamiz.
Boshqa tana a’zolari haqida ham shu gapni aytish mumkin.
Shuningdek, ayol ham, farzand ham omonatdir. Ularning nafaqasini qilish, bemor bo‘lsalar, davolatish, soliha, solih qilib tarbiyalash, xulqu atvorlarini yaxshilash borasida qayg‘urish, buni nazorat qilish omonatga rioya qilish hisoblanadi. Bordiyu ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yilsa, axloqlarida, fikrlashlarida nuqson bo‘lsa, aqidalari, ibodatlari noto‘g‘ri tarzda bo‘ladigan bo‘lsa, ularga mas’ul bo‘lgan er, ota omonatga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Har bir kasb o‘z egasi uchun omonatdir. Inson bir kasbni o‘rgandimi, endi shuni yaxshi ishga solib, shu orqali xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishi kerak. Agar u o‘z kasbiga nisbatan loqayd, beparvolik qiladigan bo‘lsa, kasbiga qo‘l uchida yondoshadigan bo‘lsa, kasb omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Masalan, o‘qituvchi kabini olaylik. Bu kasb egasi o‘z kasbini sevishi, uni sadoqat, fidoiylik bilan olib borishi darkor. Agar o‘qituvchi maktabda, kollejda, oliygohda talabalarga sidqidildan dars o‘tmasa, bir soatu yigirma daqiqa ichida shogirdlariga biror ilmiy yangilik taqdim etmasa, o‘quvchilar bilan gaplashib o‘tirsa, vaqtni behuda o‘tkazsa, ularning vaqtlarini, umrlarini sovursa, o‘qituvchilik omonatiga, ta’lim berish omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Shifokor bemorlarni davolashni yaxshilash maqsadida o‘z ustida ishlamasa, turli kasalliklarga oid kitoblar bilan tanishib, ilmini oshirib bormasa, bemorlarni davolashda sustkashlik, o‘quvsizlik, dangasalik qilsa, kasbiga bepisandlik bilan yondoshsa, yaxshi pul bergan bemorlarga e’tibor qaratib, qo‘li kaltalik qilganlarga qo‘pol, yuzaki muomala qiladigan bo‘lsa, u shifokorlik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi. Bordiyu uning o‘quvsizligi natijasida bemor hayotdan ko‘z yumsa, chalasavod shifokor bunga zomin bo‘ladi. Bu jinoyatga o‘qishni pulga bitirishda, diplomni pulga sotib olishda unga ko‘maklashgan kimsa ham sherik bo‘ladi.
Oshpaz ovqat pishirayotganda, o‘ta ehtiyotkor va diqqatli bo‘lishi kerak. Agar u sigaret chekadigan oshpaz bo‘lsa, sigaretni tashlagandan so‘ng qo‘llarini yaxshilab sovunlab yuvib, keyin kapgirni ushlashi kerak. Qozon atrofida turganlardan birortasi chekadigan kimsa bo‘lsa, “Nariroqda turing. Sigaretingizning kuli qozonga tushmasin!” deb ularni ogohlantirishi kerak. Agar u sigaret, nos kabilarni ushlab qo‘lini yuvmasa, atrofidagilarni ham bu kabi holatlardan ogoh etmasa, taomga, musulmonlarning luqmasiga nisbatan beparvolik qilsa, oshpazlik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Nonvoy xamir qorayotganda peshonasidagi ter xamirga tommasligi kerak. Yuzini, peshonasini artib, quritib, keyin xamir qilishga urinishi kerak. Shuningdek, nonning ustiga qatiq va boshqa narsalarni surtish uchun ishlatiladigan asboblar (masalan, shyotka) halol narsalardan ishlab chiqarilgan, ularga harom qilingan hayvonlarning, jumladan, cho‘chqaning yunglari ishlatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda u ham nonvoylik omonatiga xiyonat qilgan, bu omonatni ado etmagan hisoblanadi. Chunki, oshpaz, nonvoy kabi kasb sohiblari o‘zlarining loqaydliklari bilan musulmonlarning luqmasi bevosita buzilishiga sabab bo‘lib qoladilar. Shuning uchun ular juda ehtiyot bo‘lishlari kerak.
Haydovchi mijozlarni mashinasiga chiqarishdan oldin mashinaning texnik jihatdan sozligini ko‘rib chiqishi, mijozlarni olgandan keyin yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi talab etiladi. Bordiyu haydovchi shu aytilganlarga amal qilmasa, yo‘lovchilarning hayotini xavf ostiga qo‘ygan va haydovchilik omonatiga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Barcha kasblarni shunday misol qilib keltirsa bo‘ladi.
Ha, omonatga rioya qilish ana shunday muhim ishdir, dinimizning qattiq talabidir. Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘minlarni sifatlab shunday marhamat qilgan:
وَالَّذِينَ هُمْ لِأَمَانَاتِهِمْ وَعَهْدِهِمْ رَاعُونَ
“Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir” (Muminun surasi, 8-oyat).
Azizlar, har birlarimiz o‘zimizdagi barcha omonatlarga rioya qilaylik! Omonatga xiyonat qilish og‘ir gunoh bo‘lishi bilan birga munofiqlikning belgilaridan biri ekanini aslo unutmaylik!
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Munofiqning belgisi uchta: so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi, va’da qilsa bajarmaydi, omonatga xiyonat qiladi” (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilgan).
Demak, omonatga xiyonat qilgan odam munofiqlikning uchdan birini qilgan hisoblanar ekan.
Alloh taolo barchamizni xiyonat qilishdan va xiyonatga qolishdan asrab, doimo omonatdor bo‘lishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV