بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين والصلاة والسلام على محمد الأمين وآله وصحبه أجمعين وبعد
Namoz - mo‘minning me’roji
Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimiz Islom shariatining besh ustunidan biri bo‘lgan namoz hamda uning dunyo va oxiratimiz uchun ahamiyati haqida bo‘ladi. Ma’lumki, farz namozlar musulmon odamning me’rojidir. U bilan kishi o‘z Parvardigori bilan muloqot qiladi. Namozning qadri qanchalar ulug‘, ahamiyati naqadar buyuk ekanini Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va fiqh kitoblarining eng katta qismi aynan namoz haqida so‘z yuritilishidan ham bilib olishimiz mumkin. Alloh taolo Qur’oni karimda 67 marta “namoz” so‘zini anglatuvchi arab tilidagi “as-solat” so‘zini zikr qilib o‘tgan va unga buyurgan. Jumladan Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
أَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
(سورة النور/ الآية 56)
ya’ni: “(Ey, mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).
Qiyomatda eng birinchi so‘raladigan amal namozlar haqida bo‘ladi. Chunki namoz – Islom dinining ustinidir. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"بُنِيَ الإِسْلَامُ عَلَى خَمْسٍ: شَهَادَةِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللَّهِ، وَإِقَامِ الصَّلَاةِ، وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ، وَالحَجِّ، وَصَوْمِ رَمَضَانَ"
(رَوَاهُ الإمامُ الْبُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh” kalimasi, namozni ado etish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro‘zasini tutish” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Islom shariatida buyurilgan besh mahal farz namozlarini o‘z vaqtida o‘qilishi lozim. Namoz kalimai shahodatdan keyingi eng ulug‘ farz hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
إِنَّ الصَّلَاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَلَذِكْرُ اللَّهِ أَكْبَرُ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مَا تَصْنَعُونَ
ya’ni: “Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir. Alloh qilayotgan ishlaringizni bilur” (Ankabut surasi, 45-oyat).
Yana bir oyati karimada Alloh taolo shunday degan:
حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَ
(سورة البقرة / الآية 238)
ya’ni: “(Besh vaqt farz qilingan) namozlarni, xususan o‘rta namozni saqlangiz (o‘z vaqtida o‘qingiz) va (namozda) Allohga bo‘yin sungan holatda turingiz!” (Baqara surasi, 238-oyat).
Namozni muhofaza qilish – bu doimo o‘z vaqtida ado etish deganidir. “O‘rta namoz” haqida turli fikrlar bor. Ko‘pchilik ulamolar “o‘rta namozdan murod – Asr namozi”, – deganlar. Namoz – Allohga itoatning bosh ramzi bo‘lganidan oyatning oxirida “Allohga toat ila qoim bo‘ling” deyilmoqda.
Alloh taolo:
فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا
(سورة النساء / الآية 103)
ya’ni: “Namozni (mukammal) ado etingiz. Zero, namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir”, – degan (Niso surasi, 103-oyat).
Ya’ni, namozni muayyan vaqtlarda o‘qish – farz bo‘lib, o‘sha vaqtlaridan kechiktirish mumkin emas.
Muhtaram jamoat! Barcha solih amallarning avvali – namozdir. Shu bois namozni har qanday holatda to‘kis ado etish – har bir musulmonning burchidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom betob yotgan Imron ibn Husaynni ziyoratiga borganlarida namozga mahkam bo‘lishga buyurib:
"صَلِّ قَائِمًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقَاعِدًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَعَلَى جَنْبٍ"
(رواه الإمامُ البخاري)
ya’ni: “Namozni tik turgan holda ado eting. Agar turib o‘qishga quvvatingiz yetmasa, o‘tirib o‘qing. Agar o‘tirib o‘qishga ham madoringiz bo‘lmasa, u holda yonboshlab o‘qing” – deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Banda o‘z namozi ila o‘ziga omonlik, xotirjamlik va najot tilaydi. Nabiy sallallohu alayhi vasallam:
"قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: افْتَرَضْتُ عَلَى أُمَّتِكَ خَمْسَ صَلَوَاتٍ وَعَهِدْتُ عِنْدِي عَهْدًا أَنَّهُ مَنْ حَافَظَ عَلَيْهِنَّ لِوَقْتِهِنَّ أَدْخَلْتُهُ الْجَنَّةَ ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهِنَّ فَلَا عَهْدَ لَهُ عِنْدِي"
(رواه الإمامُ ابن ماجة).
ya’ni: “Alloh azza va jalla: “Men sizning ummatingizga besh vaqt namozni farz qildim. Men o‘zimga o‘zim, kim ularni muhofaza qilib, o‘z vaqtida o‘qib kelsa, albatta, jannatga kiritaman, deb ahd berdim. Kim ularni muhofaza qilmasa, Mening huzurimda unga ahd yo‘qdir, dedi”, – deb aytganlar (Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Banda tirikligida bajargan har bir amali Qiyomat kuni birma-bir hisob qilinadi. Namozni vaqtida ado etgan bo‘lsa, oxiratda yutuqqa erishadi, do‘zaxdan xalos bo‘lib, jannatga kiradi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلاَتُهُ فَإِنْ صَلُحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ"...
(رَوَاهُ الإمامُ الدَّارِمِيُّ وَالإمامُ أَحْمَدُ)
ya’ni: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani – uning namozidir. Agar (namozi) to‘g‘ri (ado etilgan) bo‘lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar (namozi) fosid bo‘lsa, shubhasiz, noumid bo‘libdi, yutqazibdi ...” (Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyatlari).
Farz namozlarni risoladagidek o‘qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g‘uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
" أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ فِيهِ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسًا مَا تَقُولُ ذَلِكَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ قَالُوا: لاَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ شَيْئًا قَالَ: فَذَلِكَ مِثْلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا "
(رَوَاهُ الإمامُ الْبُخَارِيُّ وَالإمامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o‘tsa, u o‘sha ariqda bir kunda besh mahal cho‘milsa, un(ing tanasi)da kir qoladimi?” – deb so‘radilar. Shunda sahobalar: “Yo‘q, hech qanday kiri qolmaydi”, deyishdi. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Muhtaram jamoat! Namoz – mo‘min kishining bu dunyodagi sarmoyasidir. Shunday ekan, har birimiz oila a’zolarimiz va yaqinlarimizni ushbu ulkan ibodatni o‘z vaqtida ado etishlariga targ‘ib qilib, bunda o‘zimiz namuna bo‘laylik. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَأْمُرْ أَهْلَكَ بِالصَّلَاةِ وَاصْطَبِرْ عَلَيْهَا لَا نَسْأَلُكَ رِزْقًا نَحْنُ نَرْزُقُكَ وَالْعَاقِبَةُ لِلتَّقْوَى
(سورة طه/الآية 132)
ya’ni: “Ahlingizni namoz (o‘qish)ga buyuring va (o‘zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo‘ling! Sizdan rizq so‘ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toho surasi, 132-oyat).
Ayniqsa, har birimiz imkon qadar namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan ado etishga odatlansak, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam deganlar:
" صَلَاةُ اَلْجَمَاعَةِ أَفْضَلُ مِنْ صَلَاةِ اَلْفَذِّ بِسَبْعٍ وَعِشْرِينَ دَرَجَةً "
(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)
ya’ni: “Jamoat namozi yolg‘iz (o‘qigan)ning namozidan yigirma yetti daraja afzaldir” (Muttafaqun alayh).
Ulamoi kiromlarimiz barcha savobli ishlarda bo‘lgani kabi, bu borada ham bizga go‘zal namuna bo‘lganlar. Namozlarni jamoat bilan ado etishga, ayniqsa, unda birinchi takbirga yetishib, ulkan ajrlarga erishishga odatlanganlar.
Tobeinlarning sayyidi Said ibn Musayyib rahimahulloh: “Ellik yildirki jamoat namozidagi birinchi takbirni o‘tkazib yubormadim”, – deganlar (“Hilyatul avliyo”).
Vaki’ ibn Jarroh rahimahulloh sahobalar va tobeinlarning jamoat namozidagi birinchi takbirga haris ekanlarini ko‘p eslab, kishilarni ulardan o‘rnak olishga undar edi. Ko‘pincha: “Kim jamoat namozidagi birinchi takbirga yetishmasa, uning xayrli ishi rivoj topmaydi”, – der edi. Bir kuni ustozi Sulaymon ibn Mehron A’mash haqida so‘zlab shunday degan: “A’mash yetmish yildirki jamoat namozidagi birinchi takbirni o‘tkazib yubormagan edi. Men u bilan ikki yil birga bo‘ldim va biror marta jamoatga kech qolib, biror rakat qazo qilganini ko‘rmadim” (“Tarixi Bag‘dod”).
Tobeinlardan yana biri Ibn Jabr rahimahulloh aytadi: “Sahobalardan biri namozni jamoat bilan o‘qiganu, birinchi takbirga yetib kela olmagan o‘g‘liga nasihat qilib, shunday degan edi: “Jamoat namozida birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganingda edi, yuzta “qora ko‘z” (zotdor) tuyadan yaxshi bo‘lar edi” (“Musannaf”).
Xulosa qilib aytganda, musulmon kishining imonini oziqlantirib, kuch berib, yangilab turadigan narsa – namozdir.
ilova: Sha’bon oyi va undagi “Baroat” kechasining fazilati
Sha’bon oyi Ramazon oyiga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko‘rish mavsumi bo‘lib, fazilatlarga boy bo‘lgan qamariy oy hisoblanadi. Bu oyda odatdagidan ko‘proq nafl ro‘za tutish, Qur’on tilovat qilish va tungi ibodatlarga mashg‘ul bo‘lishga targ‘ib qilingan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ushbu oyda ko‘p ro‘za tutar edilar. U Zotdan buning sababi so‘ralganida: “Bu (Sha’bon) shunday oyki, unda amallar Parvardigorga ko‘tarilur. Men ham amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman”, – deb javob berganlar (Imom Nasoiy rivoyati).
Sha’bon oyining o‘n to‘rtinchidan o‘n beshinchiga o‘tar kechasi “Baroat” kechasi deb nomlanadi. Ushbu tunda ko‘plab fazilatlarga ega ekani borasida ko‘plab rivoyatlar bor. Jumladan Oisha onamiz raziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh Sha’bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalb (qabilasi)ning qo‘ylari juni adadidan ko‘proq kishini mag‘firat qiladi”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Shuning uchun barcha fuqaholarimiz Baroat kechasini ibodat bilan bedor o‘tkazishni mustahab deyishgan. Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, ba’zilar tomonidan Baroat kechasida yuz rakatli namoz o‘qishlishi, unda “Ixlos” surasini muayyan adadda o‘qilishi kerakligi haqidagi gap-so‘zlar asossiz ekanini ulamolarimiz ta’kidlashgan. Jumladan, Mulla Ali Qori rahimahulloh bu mavzuga to‘xtalib shunday deganlar:
“Bilginki, Sha’bon oyining yarmida yuz rakatli namozni har bir rakatida “Ixlos” surasini o‘n martadan o‘qib, ado etilishi, uning fazilati ko‘p ekani borasidagi rivoyatlar mavzu – to‘qima hadislardir” (“Mirqotul mafotih”).
Demak, bundan ma’lum bo‘ladiki, Baroat kechasi uchun biror xos ibodat tayin qilinmagan. Kimning kuchi va imkoni qaysi ibodatni ado etishga yetsa, o‘shani amalga oshiraveradi. Ayniqsa, istig‘for, tasbih, tahlil aytib, zikr qilish, durudu salovotlar aytish, Qur’oni karim tilovati yoki uni eshitish, hadis kitoblar mutolaa qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan bir qatorda umumiy nafl va qazo namozlarini o‘qish, Alloh taologa duolar qilib, hojatlarini so‘rashi ulkan ajrlarga sazovor qiladi.
Alloh taolo barchalarimizni namozni mukammal ado etadigan bandalari qatorida aylab, O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga muvaffaq aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “AMALLARDA IXLOSNING AHAMIYATI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati