بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِى حَثَّ عِبَادَهُ عَلَى التَّحَلِّي بِالآدَابِ، وَوَعَدَهُم عَلَى ذَلِكَ جَزِيلَ الثَّوَابِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي سَيِّدُ أُولِي الْأَلبَابِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ أَمَّا بَعْدُ .
MUSULMON KISHINING KUNDALIK ODOBLARI
Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dini bir jamiyatda yashayotgan insonlarni o‘zaro tinch-totuv yashashlariga buyurar ekan, ularni o‘rtasida mehr-oqibat, bir-birlariga nisbatan hurmat bo‘lishligini talab etadi. Ayni paytda ana shu mehr-oqibat va o‘zaro hurmat rishtalarini paydo qiladigan, ularni yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omillarni ham ta’lim beradi. Bularni bir so‘z bilan ijtimoiy odoblar, deb nomlanadi. Biz quyida ana shunday ijtimoiy odoblarning eng muhimlaridan ba’zi birlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
وَالَّذِي نَفْسِيْ بِيَدِهِ، لاَ تَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا، وَلاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا، أَوَلاَ أَدُلُّكُمْ عَلَى شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهْ تَحَابَبْتُمْ؟ أَفْشُوا السَّلاَمَ بَيْنَكُمْ
رواه الامام مسلم
ya’ni: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, to mo‘min bo‘lmaguningizcha, jannatga kirmaysiz, to bir-biringizga mehr-muhabbatli bo‘lmaguningizcha, mo‘min bo‘lmaysiz. Men sizlarga bir narsani o‘rgataymi, gar uni qilsangiz, bir-biringizga mehr-muhabbatli bo‘lasiz?! O‘zaro salomlashib yurishni keng joriy qiling!” (Imom Muslim rivoyati).
إِذَا كُنْتُمْ ثَلاَثَةً فَلاَ يَتَنَاجَى اِثْنَانِ دُوْنَ الثَّالِثِ مِنْ أَجْلِ أَنَّ ذَلِكَ يُحْزِنُهُ
( رواه الشيخان)
ya’ni: “Qachon uch kishi bo‘lsangiz, uchinchini qo‘yib, ikkingiz sirlashmangiz. Chunki bu ishingiz uni xafa qiladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ
ya’ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ اللَّهَ أَوْحَى إِلَيَّ: أَنْ تَوَاضَعُوا حَتَّى لَا يَفْخَرَ أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ ، وَلَا يَبْغِيَ أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: “Alloh taolo menga: bir-biringizga tavoze bo‘ling, toki biror kimsa biror kimsaga maqtanchoqlik qilmasin, biror kimsa biror kimsaga tajovuz qilmasin, deya vahiy qildi” (Imom Muslim rivoyati).
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba surasi, 119-oyat). Quyidagi hadisda barchaga birdek samimiy nasihatgo‘y bo‘lish – dinning asosi ekanligini Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bayon qilganlar:
الدِّينُ النَّصِيحَةُ، قُلْنَا: لِمَنْ؟ قَالَ: لِلَّهِ، وَلِكِتَابِهِ، وَلِرَسُولِهِ، وَلِأَئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ، وَعَامَّتِهِمْ"
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: “Din nasihatdir” – dedilar. Biz: Kimga? – deb so‘radik. U zot: “Allohga, Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning rahbarlariga va musulmon ommasiga”, – deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى
ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz” (Moida surasi, 2-oyat). Payg‘ambar alayhissalom hadislarining birida aytadilar:
"انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا"، قِيلَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ نُصْرَتُهُ مَظْلُومًا، فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟، قَالَ: " تَمْنَعُهُ مِنَ الظُّلْمِ، فَذَلِكَ نُصْرَتُكَ إِيَّاهُ"
(رواه الامام البخاري)
ya’ni: “Birodaringizga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham, yordam bering”, dedilar. Sahobalar: Mazlumga qanday yordam berish kerakligini bilamiz. Ammo, zolimga qanday yordam beramiz, deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Zulm qilishdan to‘sasiz va ana shu unga bergan yordamingiz bo‘ladi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
"الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ، وَالْمُؤْمِنُ مَنْ أَمِنَهُ النَّاسُ عَلَى دِمَائِهِمْ وَأَمْوَالِهِمْ"
(رواه الامام الترمذي)
ya’ni: “Haqiqiy musulmon kishi – uning tilidan va qo‘lidan boshqa musulmonlar salomat bo‘lgan kishi. Haqiqiy mo‘min esa – odamlar unga qonlari va mollarini ishongan kishidir” (Imom Termiziy rivoyati).
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!”. Boshqa bir oyatda,
وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا
ya’ni: “Ahdga vafo qilingiz! Zero, ahd-paymon (qiyomat kuni) so‘raladigan ishdir”, deb marhamat qilgan (Isro surasi, 34-oyat).
Muhtaram azizlar! Yuqorida sanab o‘tilganlar eng zarur kundalik odoblardan ba’zilari bo‘lib, bularga rioya qilish jamiyatda tinchlik va barqarorlikni vujudga kelishiga sabab bo‘lsa, bularning ziddi bo‘lmish takabburlik, yolg‘onchilik, gunoh va ma’siyat ishlarda hamkorlik qilish (korrupsiya), omonatga xiyonat qilish, va’daga vafo qilmaslik kabi salbiy illatlar ham borki, ular jamiyatda parokandalik va turli xildagi jinoyatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun dinimizda amri ma’ruf va nahyi munkar farz qilinganki, jamiyatdagi kishilarning bir-birlarini doimo yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarib turishlari jamiyatning gullab yashnashi, turmushda fayz va barakaning ziyoda bo‘lishiga asosiy omil bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida namozdagi avvalgi safga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
Saflarni avvalgisidan boshlab to‘ldirib borish – sunnatdir. Ba’zi fuqaholar vojib deganlar. Birinchi saf to‘lmay turib, keyingi safga turilmaydi. Ikkinchi saf to‘lmasidan uchinchisi boshlanmaydi. Gohida ikkinchi safni masjidni burchagidan boshlaganlarni ko‘rib qolamiz, bu to‘g‘ri emas. Aslida, ikkinchi safni to‘ldirish imomning to‘g‘risidan boshlanadi va ikki tomonni bir xil to‘ldirib boriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam birinchi safda namoz o‘qishning fazilati haqida shunday deganlar:
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar odamlar azon va birinchi safda qanday savob borligini bilib, keyin unga qur’a tashlashdan boshqa iloj topilmasa, shubhasiz, qur’a tashlagan bo‘lardilar. Agar namozga ertaroq borishda nima borligini bilganlarida, unga musobaqa qilgan bo‘lardilar. Agar xufton va bomdodda nima borligini bilganlarida, u ikkisiga emaklab bo‘lsa ham kelardilar” – dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ya’ni, qur’a bilan bo‘lsa ham, birinchi qatordan joy olardingiz, deyilmoqda. O‘zini avvalgi saflardan orqaga tortayotgan kishilarni ko‘rib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari yodimizga tushadi: “...Bir qavm doim o‘zini orqaga tortaveradi, Alloh ham ularni orqaga surib qo‘yadi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Shuning uchun kim masjidga birinchi kelsa, avvalgi qatordagi bo‘sh joylarni to‘ldirib borishi kerak bo‘ladi. O‘zini orqaga tortib, oxirgi safga o‘tirib olish – sunnatga xilofdir.
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Saflarni tekislanglar, yelkalarni barobar qilinglar, oradagi ochiq joylarni to‘ldiringlar, birodaringiz qo‘llariga muloyim bo‘linglar, shaytonga bo‘sh joy qoldirmanglar. Kim safni ulasa, Alloh uni (o‘z rahmati bilan) ulasin. Kim safni uzsa, Alloh uni (rahmatidan) uzib qo‘ysin” – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Odamlarga ozor berib, ularning yelkalaridan hatlab o‘tib, oldinga intilish mumkin emas. Abdulloh ibn Busr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Juma kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilayotganlarida bir kishi odamlarning yelkasidan xatlab oldinga o‘ta boshladi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “O‘tir, sen odamlarga ozor berding” – dedilar" (Imom Abu Dovud rivoyati).
Safda turganlar safni to‘g‘ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qoldirmasliklari kerak. Agar safda bir kishi sig‘adigan miqdorda ochiq joy bo‘lsa, uni orqadagi kishi to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Oldingi safda ochiq joy bo‘la turib, namoz o‘qish makruhdir. Namozga kirishgandan keyin oldingi safda ochiqlik paydo bo‘lsa, uni to‘ldirish maqsadida oldinga yurish har bir rukn (qiyom, ruku’)da ikki qadamdan oshmasligi shart. Agar oshsa, namoz buziladi.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimiz farovonligini bundanda ziyoda aylasin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “NAMOZ – MO‘MINNING MЕ’ROJI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.