سم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قال: " قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا"، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي قال: "إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ، اَمَّا بَعْدُ
OILADA ER VA XOTINNING MAJBURIYATLARI
Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimizda er-xotin o‘rtasidagi mehr-muhabbat davomiyligini ta’minlash uchun o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy qilingan. Agar er va xotin mazkur qoidalarga amal qilishsa, bir-birlariga nisbatan zimmalaridagi burch va mas’uliyatlarini his qilib, sidqidildan ado etishsa, bunday oila baxt va saodat qasriga aylanadi.
Er va xotinning majburiyatlari haqida Qur’oni karim oyatlari va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislarida batafsil yoritilgan. Mujtahid ulamolarimiz mazkur oyat va hadislardan ko‘plab hukmlarni chiqarganlar. Hamma hujjat va dalillarni to‘plab o‘rgangan ulamolarimiz erning xotindagi haqlarini quyidagicha bayon qilganlar.
Erning zimmasidagi ba’zi majburiyatlar:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya’ni: Ular (ayollar) bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin (Niso surasi, 19-oyat).
Bu buyruq erning xotinga yaxshi muomalada bo‘lishini, tabiatidagi ayrim noqisliklarga sabr qilishni, ba’zi xatolariga ko‘z yumishni taqozo etadi.
ya’ni: “Xotinlariga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan) beringiz” deya amr etgan (Niso surasi, 4-oyat). Afsuski, ba’zi erlar zimmalarida shunday vazifa borligini ham bilmaydilar.
لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ
(رواه الإمام مسلم)
ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyati).
Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak ekan.
ثَلاَثَةٌ لاَ يَدْخُلُونَ الْجنَّةَ أَبَدًا: اَلدَّيُّوثُ، وَالرَّجِلَةُ مِنَ النَّسَاءِ، وَمُدْمِنُ الْخَمْرِ قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ! أَمَّا مُدْمِنُ الْخَمْرِ فَقَدْ عَرَفْنَاهُ، فَمَا الدَّيُّوثُ؟ فَقَالَ: اَلَّذِي لاَ يُبَالِيْ مَنْ دَخَلَ عَلَى أَهْلِهِ قُلْنَا: فَمَا الرَّجِلَةُ مِنَ النِّسَاءِ
قَالَ: اَلَّتِي تَشَبَّهَ بِالرِّجَالِ
(رواه الإمام الطبراني والإمام البيهقي)
ya’ni: “Uch toifa kishi aslo jannatga kirmaydi: dayus, erkaksifat ayol va xamr ichishga mukkasidan ketgan kishi”, – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, xamr ichishga mukkasidan ketganni bilamiz. “Dayus” nima degani?” deyishdi. U zot: “Ahli huzuriga kim kirayotganiga parvo qilmaydigan odam”, – dedilar. Biz: “Erkaksifat ayol kim?” – dedik. U zot: “O‘zini erkaklarga o‘xshatadigan ayol”, dedilar” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Islomda rashk ana shu darajada yuksak baholanishi bilan bir qatorda, bu borada haddan oshish, chegaradan chiqish qoralanadi. O‘z o‘rnida va me’yorida bo‘lgan rashk erkakda bo‘lsin, ayolda bo‘lsin, maqtalgan va go‘zal turmush taqozo etgan xislatlardandir. Har ikki tomon ham umr yo‘ldoshining me’yordagi rashkini qadrlashi lozim.
أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ
ya’ni: “Ularga (taloq iddasini saqlayotgan xotinlaringizga) o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz...” (Taloq surasi, 6- oyat).
لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ
ya’ni: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!...” (Taloq surasi, 7-oyat).
Mazkur nafaqa minnat va ta’nasiz bo‘lishi kerak. Chunki nafaqa berish, erkakning xotiniga qilgan marhamati emas! Balki, Alloh taolo erning zimmasiga farz qilgan amalni bajarishdir! Dinimizda er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ
(متفق عليه)
ya’ni: “Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og‘ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib ish ko‘radi. Xotinning bitmas-tuganmas talab va xohishlari uchun er o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, noshar’iy va noqonuniy yo‘llar bilan pul topishi durust emas.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).
Demak, har bir er musulmon kishi bilishi kerak bo‘lgan zaruriy ma’lumotlarni ayoliga o‘rgatishi zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda masjid va boshqa joylardagi nasihat va maruzalarni yaxshi tinglab, ayoli va farzandlariga yetkazishi kerak.
هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ
ya’ni: “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…”, (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deganlar:
إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ اَلرَّجُلُ يُفْضِيْ إِلَى اِمْرَأَتِهِ وَتُفْضِيْ إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا
ya’ni: “Qiyomat kuni Allohning dargohida eng yomon maqomda bo‘ladigan odam, o‘zi yoki xotinining tashabbusi bilan jinsiy aloqa qilgan va xotinining sirlarini oshkora qilgan erkakdir” (Imom Muslim rivoyati).
Xotinning zimmasidagi ba’zi majburiyatlar:
إِذَا صَلَّتِ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا، وَصَامَتْ شَهْرَهَا، وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا، وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا، قِيْلَ لَهَا: اُدْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ بَابٍ شِئْتِ .
ya’ni: “Ayol besh vaqt namozini o‘qisa, (yilda) bir oy (farz) ro‘zasini tutsa, o‘z farjini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, unga jannatning istagan eshigidan kir!”, - deyiladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
وَقَرْنَ فِي بُيُوتِكُنَّ...
ya’ni, “ O‘z uylaringizda qaror topingiz...!” degan (Ahzob surasi, 33-oyat).
Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“حَقُّ الزَّوْجِ عَلَى زَوْجَتِهِ أَلاَّ تَخْرُجَ مِنْ بَيْتِهِ إِلاَّ بِإِذْنِهِ، فَإِنْ فَعَلَتْ لَعَنَهَا اللهُ حَتَّى تَتُوبَ أَوْ تَرْجِعَ”
ya’ni: “Erning xotini ustidagi haqqi ayolning er ruxsatisiz uydan chiqmasligidir. Agar shunday qilsa, (ya’ni, er iznisiz ko‘chaga chiqib ketsa) to tavba qilguncha yoki uyga qaytguncha Alloh unday ayolni la’natlaydi” (Imom Bayhaqiy va Imom Tayolisiy rivoyatlari). Albatta, bu zikr qilingan oyat va hadislar ayol kishining umuman ko‘chaga chiqishi mumkin emasligini anglatmaydi. Balki, bu – uyning ishlarini zoye qilgan holda besabab, eriga aytmasdan ko‘chaga chiqib ketaverish, sayoq yuradigan bo‘lib qolish kabi salbiy holatlarga taalluqli. Holbuki, eriga aytib o‘z ehtiyoji uchun ko‘chaga chiqish, ota-onasini ko‘rib kelish va hokazolar, albatta, shariatimizda mumkin bo‘lgan ishdir.
Abulqosim Firdavsiy “Shohnoma” asarida shunday deganlar:
زَنَانْ رَا هَمِیْنْ بَسْ بُوَدْ یَکْ هُنَرْ نِشِیْنَنْدُ و زَایَنْدْ شِیْرَانِ نَرْ
ya’ni: Aslida ayollarning eng katta hunarlari
Uyda turgan holda yetuk ug‘lonlarni dunyoga keltirishdir.
لاَ يَحلُّ لامْرَأَةٍ أَنْ تَصُومَ وَزَوْجُهَا شَاهِدٌ إِلا بِإِذْنِهِ وَلاَ تَأذَنَ فِي بَيْتِهِ إلاَّ بِإذْنِهِ
ya’ni: “Ayol kishi eri borida, uning iznisiz ro‘za tutishi va uning iznisiz uyiga birovni kiritishi halol bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
إِذَا دَعَا الرَّجُلُ زَوْجَتَهُ لِحَاجَتِهِ فَلْتَأْتِهِ، وَإِنْ كَانَتْ عَلَى التَّنُّورِ
(رواه الإمام الترمذي والإمام النسائي)
ya’ni: “Qachon er xotinini hojati uchun chaqirsa, u garchi tandir oldida turgan bo‘lsa ham darhol kelsin” (Imom Termiziy va Imom Nasaiy rivoyatlari).
Avvalgi vaqtlarda tandir oldida non yopib turish eng nozik va zarur ishlardan bo‘lgan. Ayol kishi nima bo‘lsa ham yopayotgan nonini tashlab keta olmagan. Ammo, shunday bo‘lsa ham eri uni o‘z hojatiga chaqirsa, ayol kishi erining chaqirig‘iga javob bersin, deb ta’kidlanmoqda. Demak, ayol kishi eri xohlagan vaqtda, shar’iy uzr bo‘lmasa, uning ehtiyojini qondirishi kerak. Shar’iy uzr deyilganda, farz ro‘za tutgan, hayz yoki nifos ko‘rgan holatlar ko‘zda tutiladi.
"أُنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ دُونَكُمْ وَلَا تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ، فَإِنَّهُ أَجَدَرُ أَنْ لَا تَزْدَرُوا نِعْمَةَ اللَّهِ عَلَيْكُمْ"
(رواه الإمام مسلم والإمام ابن ماجة)
ya’ni: “O‘zingizdan pastdagilarga qarang, o‘zingizdan yuqoridagilarga qaramang! Zero, shu ish (ya’ni o‘zingizdan pastdagilarga qarashingiz) Allohning sizlarga bergan ne’matini kamsitmasligingizga undaydi” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
لا تُؤْذِي امْرَأَةٌ زَوْجَهَا فِي الدُّنْيَا إِلا قَالَتْ زَوْجَتُهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ: لا تُؤْذِيهِ قَاتَلَكِ اللَّهُ فَإِنَّمَا هُوَ عِنْدَكِ دَخِيلٌ يُوشِكُ أَنْ يُفَارِقَكِ إِلَيْنَا
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Qay bir xotin bu dunyoda eriga ozor bersa, albatta, uning huri iyndan bo‘lgan xotini “Alloh halok qilgur, unga ozor berma! U sening oldingda vaqtinchalik mehmon bo‘lib turibdi, xolos. Yaqinda seni tark etib, bizning oldimizga keladi”, – deya xitob qiladi (Imom Termiziy rivoyati).
Xulosa qiladigan bo‘lsak, er – oilaning rahbari. Agar ayol erning itoatida bo‘lsa, farzandlar ham otaga itoat qiladigan bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, ahillik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi. Ayolning eriga itoatsizligi esa oilaning buzilishiga va boshqa ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ladi. Ushbu haqiqatni har bir musulmon oilaning a’zolari yaxshilab tushunib olishi kerak.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida taloq haqida suhbatlashamiz. Chunki hozirgi kunda ba’zi erkaklar bilib-bilmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga “taloq” lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. Ba’zilari esa taloq berish huquqini su’iste’mol qilib, ha deganda ayolini qo‘rqitish yoki o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida bu so‘zdan foydalanadilar. Bu bilan bir oilaning parokanda bo‘lishi, bolalarning har yerda sarson bo‘lishiga sababchi bo‘ladilar. O‘zini ham, taloq qilgan xotinini ham shayton va nafs vasvasalariga duchor qiladilar hamda gunoh yo‘llarga kirib ketish ehtimoli katta bo‘ladi. Holbuki, “taloq” lafzi aytilganda shar’iy nikoh bekor bo‘lib, er-xotin bir-biriga harom bo‘lib qoladi. Sababsiz taloq qilish Alloh taologa xush kelmaydigan ish bo‘lib, u oxirgi chora sifatida joriy qilingandir. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:
"أَبغَضُ الحَلَالِ اِلىَ اللهِ الطَّلاَقُ "
(رواه الإمام أبو داود والإمام ابن ماجه)
ya’ni: “Halol narsalar ichida Allohga eng yoqimsizi taloqdir” (Imom Abu Dovud va Imom Ibn Moja rivoyati).
Ba’zi erkaklar taloq masalasiga beparvo bo‘lib, ayoliga taloq so‘zini ko‘p aytsada bunga parvo qilmay o‘zaro oilaviy munosabatlarda davom etaverish hollari ham uchrab turadi. Ularning bu ishlari katta gunohdir. Har birimiz buning xatari va oqibatidan ogoh bo‘lishimiz lozim. Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan xotinni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur.
Ming afsuslar bo‘lsinki, taloqning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo‘lib qolishyapti. Shuni yaxshi bilish lozimki, ota-ona farzandini ayoliga talog‘ini berishga majburlashga haqqi yo‘q. Aksincha, yoshi kattalar yoshlarni sabr va shukrga chaqirib, oilani saqlab qolishga targ‘ib qilishlari kerak. Soha mutaxassislari va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oilaga uchinchi tomonning aralashishi uning buzilishiga sabab bo‘ladi.
Demak, bandani rozi qilaman deb, Alloh taoloni norozi qiladigan narsani qilib bo‘lmaydi. Har bir musulmon farzand ota-onasini rozi qilish uchun barcha yaxshiliklarini qilishi shart. Ammo ota-onasi xohlamay qolgan, lekin risoladagidek ayolni talog‘ini berish mumkin emas. Balki ularning o‘rtasini isloh qilib, adolat bilan ish tutib, oilasini saqlab qolish ayni muddaodir.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, xalqimizni farovon qilib, barchamizga shariatimiz ko‘rsatmalariga mukammal amal qilish baxtini nasib aylasin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “IJTIMOIY ODOBLAR” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati