Quyosh Sharqdan chiqadi... Tarixi qadim, tuprog‘ida avliyolar unib-o‘sgan, insonlari ma’rifattalab, yaxshilik, ezgulik ardoqlanadigan yurtdan nur taraladi.
O‘zbekiston — islom ilmi va madaniyatining dunyo bo‘ylab keng quloch yoyishiga katta hissa qo‘shgan ko‘plab olimu ulamolar ulg‘aygan, o‘z davrida sivilizatsiya o‘chog‘iga aylangan ko‘hna Sharqning serquyosh mamlakatidir.
Hozirgi kunda bu yurtda ilm-fanni rivojlantirish, tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, masjid-madrasalarni obod etish, insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlardan ko‘zlangan maqsad ham tarixiy adolatni qaror toptirish, yurtimizning bugunini farovon, kelajagini yanada charog‘on qilishdir.
Sohibqiron qurdirgan gumbaz
Katta bunyodkorlik maydoniga aylangan yurtimizda ko‘plab ta’lim maskanlari, masjidu madrasalar, kutubxonalar qurilmoqda. Mavjudlari ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etyapti.
— Hozirda 120 dan ortiq masjidlarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, — deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov. — Jumladan, poytaxtimizda Eshon Boboxon, No‘g‘oyqo‘rg‘on, Choshtepa, Mirbobo ota, Hazrat Ali, Koh ota va boshqa o‘ndan ziyod masjidlar qaytadan bunyod etilyapti, zamonaviy andozalar asosida ta’mirlanmoqda. Ushbu maskanlar O‘zbekistonning islom madaniyatida tutgan o‘rnini, ajdodlarimizdan meros an’ana hamda qadriyatlar bardavomligini namoyon qiladi.
“Suzuk ota” maqbarasi va masjidining qisqa fursat ichida majmua sifatida tubdan qayta barpo etilgani bu boradagi bunyodkorlik ishlariga bir misoldir.
Prezidentimiz 2017 yil 26 may kuni bu tabarruk maskanda bo‘lib, maqbara hamda masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edi. Shundan so‘ng amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari tarixiy obidalarga yangi hayot baxsh etdi.
Yassaviya tariqatining asoschisi Xo‘ja Ahmad Yassaviy avlodi — Suzuk otaning ismi Mustafoqul bo‘lib, 1140 yilda Sayramda tavallud topgan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, u Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘lidir. Bolalik chog‘ida bobosi “suzugim”, deb erkalagani bois ismi Suzuk ota bo‘lib tarix zarvaraqlariga muhrlangan. Quvvai hofizasi to‘lishib, darajasi yuksala boshlagan Suzuk ota padari buzrukvori ruxsati bilan ilmini oshirish, ayni paytda, o‘rganganlarini keng yoyish maqsadida tug‘ilgan manzilidan chiqib, Toshkentning Beshyog‘och dahasidagi Chuqur ko‘prik, Mirlar va Chaqar mahallalari oralig‘idagi hududda qo‘nim topadi.
Suzuk ota avliyosifat, karomatsohib zot bo‘lgani bois uning nomi tezda mahalliy aholi o‘rtasida shuhrat qozonadi. Ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab, el orasida katta hurmat-e’tibor topadi.
Tarixdan ma’lumki, Amir Temurning Xoja Ahmad Yassaviyga ixlosi baland bo‘lgan. Manbalarda Sohibqironning bu tabarruk zot tiliyu dilidan to‘kilgan ko‘plab hikmatlarni yoddan bilgani aytiladi.
— Amir Temur Ahmad Yassaviyga cheksiz ehtiromini uning avlodlariga ham ko‘rsatishga intilgan, — deydi mahalla oqsoqoli Jahongir ota Payzixonov. — Jumladan, Hazratning suyukli nabirasi Suzuk ota qadamjosini obod etib, uning qabriga maqbara va yondosh hududda masjid, madrasa barpo ettirgan. Biroq xalqning milliy qadriyatlari, aziz qadamjolariga chang solingan zamonda — sobiq ittifoq davrida masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantiriladi. Hujralar o‘rnida korxona idorasi va omborxona quriladi. Mustaqillik yillaridagina korxona boshqa yerga ko‘chirilib, vayrona holatdagi bino mahalla ixtiyoriga berildi. 1996 yili masjid mahalla ahli tomonidan ta’mirlanib, Ramazon oyida qayta faoliyat boshladi.
Sohibqiron qurdirgan masjidning gumbazi diametri 10 metr bo‘lib, milliy me’morlikning noyob usul va uslublari asosida qad rostlagan. Shu boisdan ushbu bebaho inshoot bugungi kungacha saqlangan. Hozirgi qurilish jarayonida masjidning eski binosi ichkariga olinib, zamonaviy tus berildi. Bugun mahobatli moviy gumbazga tikilsangiz, ilohiy ruhiyat inganday o‘zingizni boshqacha his etasiz.
“Suzuk ota” majmuasi — yana bir sayyohlik manzili
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hozirgi kunda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida bebaho yodgorlik o‘zining tarixiy qiyofasini saqlagan holda muhtasham oshiyonga aylandi. Bugun bu maskanda qurilish-ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish yumushlari yakunlanib, pardozlash va tozalashga e’tibor qaratilmoqda.
Bu yerga kelgan har qanday inson — xoh u ziyoratchi, xoh sayyoh bo‘lsin, majmuaning betakror salobatidan, beqiyos tarovatidan bahri dili rohat oladi, quvonadi.
“Suzuk ota” masjidi — bugun farahbash maskan. Quyosh nurlari osmono‘par minoralarning ko‘m-ko‘k gumbazida jilolanadi. Atrofda orastalik. Favvoralardan ko‘kka sochilayotgan zarrin tomchilar bahorning ipakdek mayin yellarida uchib, tonggi shudringlardek yashil maysalar yuziga qo‘nadi. Noyob gulu ko‘chatlar baravj o‘smoqda.
Yangidan qurilgan avtoturargoh, muzey, do‘kon, kutubxona, ziyoratchilar uchun tahoratxona va boshqa maskanlar zamon talablari asosida jihozlangan. Hududda bu yerga kelganlarning dam olib, hordiq chiqarishi uchun ayvonlar qad ko‘tardi. Ayvonlarning yog‘och ustunlari, ravoqlari nafis o‘ymakorlik naqshlari bilan bezaldi.
Majmuadagi har bir inshoot mayin, silliqlangan pishiq g‘ishlardan tiklangan. Devorlar, eshik-romlar, toqilar, kunguralar turfarang bo‘yoqlarda milliy naqshlar bilan zeb berilgan.
— Har bir ganchni ishlashga o‘zgacha mehr va ishtiyoq bilan yondashildi, — deydi usta Tohir Egamberdiyev. — Zero, har bitik hamda naqshda insonlarga ma’naviy kuch berguvchi, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlaguvchi teran ifoda va mazmun bor.
Maqbara ichida Suzuk ota, u zotning oyoq tomonlarida esa Turkistondan birga kelgan ikki nafar shogirdi qabri bor. Bu xalqimizda qadimdan ustoz-shogirdlik an’anasi e’zozlanib kelinayotganini ifodalaydi.
— Turli savdo yo‘llari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan yurtimiz qadimdan insonlarni doimo o‘ziga chorlab turadi, — deydi “Suzuk ota” jome’ masjidi imom-xatibi Ayubxon So‘piyev. — Ular orasida islom dini peshvolari, allomalari, aziz avliyolari bosgan tuproqni, qo‘llarining tafti qolgan masjidu minoralarni, ruhlari kezib yurgan ma’volarni ziyorat qiladiganlar juda ko‘p. Maskanimizda ibodat qiladiganlar bilan birga turistlar uchun ham keng sharoitlar yaratilayotgani bu muazzam go‘shaning mamlakatimizdagi yana bir sayyohlik manziliga aylanishiga imkon yaratadi.
Hunarmandlik — fayzu baraka ramzi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish asnosida “Suzuk ota” majmuasida ham bo‘ldi. Bunyodkorlik jarayoni bilan tanishar ekan, bu yerdagi masjid va maqbara ma’naviyatimizni yanada yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, majmuada hunarmandlar markazi va kutubxona ham tashkil etish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Bu bejiz emas. Chunki Suzuk ota katta din peshvosi bo‘libgina qolmay, mohir hunarmand ham edi. Yoshlarga islom ilmi bilan birga dehqonchilik, hunarmandchilik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatadi. Ustoz 1217 yilda vafot etgan bo‘lsa-da, u ta’lim-tarbiya bergan yuzlab hunarmandlar bois ushbu hudud “Ustalar mahallasi” deb atala boshlanadi. Majmuada hunarmandlar markazining tashkil etilishida ana shu nomga ramziy ishora bor.
Istiqlol yillarida Suzuk ota mahallasi deb atala boshlangan hududda bugungi kunda ham ulug‘ ajdodlarning ezgu an’analari bardavom. Bu yerdagi ko‘plab xonadonlarda hozirda ham usta-hunarmandlar yashashadi. Ular duradgorlik, misgarlik, musiqa asboblari yasash, yog‘och o‘ymakorligi, naqqoshlik, beshikchilik, quruvchilik, kosiblik va boshqa ota-bobolaridan meros hunarlar bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majmuaning ikki tomonida hunarmandlar uchun o‘ttizta ikki qavatli namunali uy-joy qurilib bitkazildi. Har biri 4,5 sotixdan bo‘lgan ushbu uylar xonadon, ustaxona va do‘kon sifatida foydalanishga mo‘ljallangan. Endilikda bu maskanga kelganlar ziyorat qilish bilan birga, ustalar bilan asrlar silsilasidan o‘tgan qo‘l mehnati sirlari haqida suhbatlashishi, qadri baland hunarmandchilik mahsulotlarini sotib olishlari mumkin.
Fikr, munosabat, e’tirof
...Ma’naviyat va ma’rifatni hayotining bosh a’moli deb bilgan xalqimiz bugungi kunda Yurtboshimiz rahnamoligida o‘z tarixining yangi sahifalarini yaratmoqda. Yoshu keksa — har bir inson yurtimizda yashab-o‘tgan ulug‘larning merosini tiklash, muborak qadamjolarini obod etish, ularga munosib bo‘lish ishqi, mehri bilan yashamoqda. Olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga baholi qudrat o‘z ulushini qo‘shishga intilayotir. Bunday ezgu ishlar xalqimiz hamda dunyo ahli tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda.
Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy:
— Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda ko‘plab masjidlar qatori Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf majmuasi ham bunyod etilayotgani yurtdoshlarimiz bilan birga dunyodagi butun mo‘min-musulmonlarni behad xursand qildi. Zero, Shayx hazratlarining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland edi. U kishi Butundunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar hamda Iordaniya qirollik akademiyasining a’zosi edi. Shayx hazratlari Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoniga sazovor bo‘lgandi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, zamonaviy O‘zbekiston tarixida islomiy ilmlar bo‘yicha hech kim bu darajada yuksak mavqega ko‘tarilmagan. Bu ulug‘ alloma turli diniy-ma’rifiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga to‘la so‘zlari, suhbatlari, radio va televideniye, matbuot sahifalaridagi doimiy chiqishlari, ko‘plab kitoblari, jumladan, audio kitoblari orqali yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zining ilmi, so‘zi va ibratli amallari bilan Vatanimizga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish bo‘yicha katta bir maktab yaratib ketdi, desak haq gapni aytgan bo‘lamiz. U kishining ilm va hayot yo‘li, boy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish barchamizning burchimizdir.
Rushan ABBASOV,
Rossiya muftiylar kengashi va diniy idorasi raisi o‘rinbosari:
— O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berish, ilm-fanni rivojlantirish, e’tiqod erkinligini ta’minlash, jumladan, mo‘min-musulmonlar uchun keng sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar bugun din masalasidagi noto‘g‘ri qarashlarga, jaholatga barham berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu davlatingiz rahbarining jahonning yuksak minbarlaridan turib, xususan, BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining hayotdagi ifodasidir, desam adashmayman.
Muxlis Muhammad HANAFIY, Indoneziyaning Dor al-Qur’on muzeyi direktori:
— Yurtingizda islom ilmining asl manbalarini tadqiq etish, Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kabi buyuk allomalar qadamjolarini obod etish, bebaho merosini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan beqiyos ishlar butun islom ahliga katta quvonch, g‘urur-iftixor baxsh etmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida dunyo hamjamiyatining ma’rifiy islomning ezgulik, bunyodkorlik mohiyatini chuqurroq anglashiga imkoniyat yaratayapti.
Abdulhadiy al-QASABIY,
Misr Arab Respublikasi Parlamenti a’zosi, Misr so‘fiy tariqatlari kengashi raisi:
— O‘zbekiston — islom dini va madaniyati taraqqiyotiga poydevor qo‘ygan allomalar yurti. Bu zamin dunyo ilm-fani beshiklaridan biri bo‘lgani, islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarni kamolga yetkazgani bilan ham qadrli va muqaddasdir. Bu muhtaram zotlarning qadamjolarini ziyorat qilish har bir musulmon uchun katta sharafdir. Shu ma’noda Toshkent shahridagi “Suzuk ota” majmuasini ziyorat qilib, benihoya mamnun bo‘ldik. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qisqa vaqt ichida bu maskanning obod etilgani O‘zbekistonda ajdodlar merosiga bo‘lgan e’tiborning yorqin ifodasidir.
Asqar ota OBIDOV,
Suzuk ota mahallasi faoli:
— “Suzuk ota” majmuasiga har gal kelganimizda ruhimiz yengil tortadi. Bu yerdagi obodonchilik ishlarini ko‘rib, hammamiz quvonchdamiz. Ziyoratgohning bundan o‘ttiz-o‘ttiz besh yil avvalgi holati bilan hozirgi qiyofasini xayolan taqqoslab, shukronalar aytamiz. Ilohim, bu ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lganlarning boshi omon bo‘lsin, g‘am ko‘rmasin!
Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan