بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَاماً"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "مَا عَالَ مَنْ اِقْتَصَدَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ
TЕJAMKORLIK – YARIM RIZQ
(2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”)
Muhtaram jamoat! Islom dini musulmonlarga rizqlarini halol mehnat qilib topishga va oila ahllarini nafaqa bilan ta’minlashga targ‘ib etgandir. Shunga binoan, har bir musulmon kishi o‘zi uchun munosib kasb tanlashi va shu kasbi orqali rizqini istamoqligi lozim. Bir kuni sahobalardan biri Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan: Yo Rasululloh! Eng halol kasb qaysi? – deb so‘radi. On Hazrat: “Kishi o‘z qo‘l mehnati bilan qilgan amali va halol savdodir”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir hadislarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
لأَنْ يَأْخُذَ أَحَدُكُمْ حَبْلَهُ فَيَأْتِيَ الْجَبَلَ بِحُزْمَةٍ مِنْ حَطَبٍ عَلَى ظَهْرِهِ ، فَيَبِيعُهَا فَيَسْتَغْنِي بِهَا خَيْرٌ لَهُ مِنْ أَنْ يَسْأَلَ النَّاسَ أَعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ
(رواه الْاِمَامُ البخاري)
ya’ni: “Birortangiz arqonini olib, tog‘u-toshdan bir bog‘ o‘tin terib kelib, uni sotib, shuning puli bilan kifoyalanishi odamlardan tilanib, ular unga yo berib, yoki bermaganlaridan ko‘ra yaxshiroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizda halol kasb qilib oila boqish eng katta savobli amal darajasiga ko‘tarilgan. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyilgan:
روى كعبُ بنُ عجرةٍ رضي الله عنه قال: مرَّ رجلٌ على النبيِّ صلى الله عليه وسلم ، فرأى أصحابُ رسولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم من جَلَدِهِ ونشاطِه ما رأوا، فقالوا: يا رسولَ اللهِ لو كانَ هذا في سبيلِ اللهِ؟ فقالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على وُلْدِهِ صِغاراً فَهُوَ في سَبِيل اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على أبوَيْنِ شَيْخَيْنِ كَبِيرَيْنِ فَهُوَ في سَبِيلِ اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى على نَفْسِهِ يُعِفُّها فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ وإنْ كانَ خَرَجَ يَسْعَى رِياءً وَمُفاخَرَةً فَهُوَ في سَبِيلِ الشَّيْطانِ
(رواه الْاِمَامُ الطبرانيُ)
ya’ni: Ka’b ibn Ujra raziyallohu anhu aytadilar: Bir yigit Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tdi. Uning kuchini va g‘ayratini ko‘rgan sahobalar: Yo Rasululloh! Qani endi bu kuch va g‘ayrat Alloh yo‘lida bo‘lsa edi? – deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar u yosh bolalarini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, demak u Alloh yo‘lida, agar qariya ota-onasini deb ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, demak u Alloh yo‘lida, agar u o‘zining iffatini saqlash uchun chiqqan bo‘lsa ham, u Alloh yo‘lida. Ammo, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, maqtanish uchun chiqqan bo‘lsa, u holda shayton yo‘lida bo‘ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِنْ كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ
ya’ni: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas”, (Qasas surasi, 77-oyat).
Insonlar rizq topish va kasb qilish borasida bir necha toifaga bo‘linadilar. Masalan, bir toifa insonlar rizq topish uchun kasb qilish o‘rniga odamlardan tilanib kun ko‘rishni, tilanchilikni o‘zlari uchun tirikchilik manbaiga aylantirib olganlar. Dinimiz tilanchilik qilishdan qaytargan bo‘lib, bu borada yuqoridagi hadis vorid bo‘lgan. Boshqa bir hadisda aytilishicha, ansoriylardan bir kishi Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilariga tilanchilik qilib keladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam undan: “Uyingda biror narsang bormi?” deb so‘radilar. U: Ha, ostimizga solib o‘tiradigan bo‘yra va suv ichadigan xumchamiz bor, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ularni olib kel”, dedilar. Olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularni qo‘llariga olib: “Bu ikkisini kim sotib oladi?”, deb so‘radilar. Bir kishi: Men bir dirhamga olaman, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bir dirhamdan ko‘proq beradi?”, deb ikki-uch marta takrorladilar. Boshqa bir kishi: Men ikki dirhamga sotib olaman, dedi. Rasululloh ikki dirhamga sotib, pulni ansoriyga berdilar va: “Bir dirhamiga oilangga taom sotib ol, ikkinchisiga esa, bolta sotib olib oldimga kelgin”, dedilar. Boltani sotib olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga yog‘ochdan sop yasab berdilar va: “Endi borib o‘tin terib sotgin va o‘n besh kun menning ko‘zimga ko‘rinma”, dedilar. O‘n besh kun o‘tin terib, sotib o‘n dirham daromad qildi. Unga kiyim-kechak va taom sotib oldi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga: “Mana bu ishing qiyomat kuni yuzingda tilanchilikning asaridan dog‘ paydo bo‘lishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Tilanchilik faqat uch kishiga mumkin: o‘ta qashshoq kishiga, nochor qarzdor kishiga va zimmasida tovon to‘lash majburiyati bo‘lgan kishiga” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchi toifa kishilar kasb qilish, rizq topish ekan deb halolidan haromini farq qilmaydilar. Bunday kishilar oxir-oqibat qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lib, hasratu nadomatda qolishlari aniq. Chunki, haromdan topilgan molda baraka bo‘lmaydi, ehson qilgan bilan qabul bo‘lmaydi, duo qilsa duosi ijobat bo‘lmaydi. Ulamolardan birlari shunday degan:
لَوْ قُمْتَ فِي العِبَادَةِ قِيَامَ السَّارِيَةِ مَا نَفَعَكَ حَتَّى تَنْظُرَ مَا يَدْخُلُ بَطْنَكَ
ya’ni: “Garchi ibodat vaqtida ustundek qotib tursangda, to qorningga kirayotgan luqmangga e’tibor bermaguningcha ibodatingdan foyda yo‘q”.
Uchinchi toifa kishilar kasb qilishda halol yo‘lni tutadilar va topayotgan molu davlatlarida Allohning haqqini ham ado etadilar.
Muhtaram birodarlar! Insonning qilayotgan halol kasbi garchi odamlarning nazarida haqir, birovlar mensimaydigan darajada bo‘lsada, o‘zgalardan tilanib, boshqalarga boqimanda bo‘lishdan yaxshiroqdir. Zero, inson o‘zgalarga qaram bo‘lmaslik bilan o‘z or-nomusini asraydi. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu aytadilar:
مَكْسَبَةٌ فِيهَا دَنَاءَةٌ خَيْرٌ مِن سُؤالِ النَّاسِ، وَإني لَأرَى الرَّجُلَ فيُعْجِبُنيِ شَكْلُهُ، فَإذَا سَأَلْتُ عَنهُ فَقِيْلَ لِي: لاَ عَمَلَ لَهُ، سَقَطَ مِنْ عَيْنِي
(رواه الْاِمَامُ ابن عبد البر في التمهيد)
ya’ni: “Eng past kasbni qilish ham odamlardan tilanchilik qilib yurishdan yaxshiroqdir. Men bir odamni ko‘rib, uning ko‘rinishiga havasim kelsa, uning nima kasb qilishini so‘rayman. Shunda menga: U ishlamaydi, deb aytishsa, nazarimdan qoladi” (Imom Ibn Abdulbar rivoyati).
Inson kasb qilar ekan, topgan molu davlatini tejab, iqtisod qilib sarflashni ham bilishi lozim. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"مَا عَالَ مُقْتَصِدٌ قَطُّ"
(رَوَاهُ الْاِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْاِمَامُ الدَّرَاقُطْنِيُّ)
ya’ni: “(Nafaqada) o‘rtacha bo‘lgan kishi hech ham kambag‘al bo‘lmaydi” deganlar (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan marfu’ hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
عَن ابنِ مَسْعُودٍ مَرْفُوعًا:"لَا يَعِيلُ أَحَدٌ عَلَى قَصْدٍ وَلَا يَبْقَى عَلَى سَرَفٍ كَثِيرٌ
(رواه الْاِمَامُ أبو الشيخ الاصبهاني)
ya’ni: “Iqtisod qilgan kimsa faqirlik ko‘rmas, isrof qilish bilan ko‘p mol ham qolmas”, – deganlar (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyati) .
Abdulmalik ibn Marvon qizi Fotimani Umar ibn Abdulazizga nikohlab berayotganida: Qizimga qancha nafaqa berasan? – deb so‘radi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: Ikki gunohning o‘rtasidagi savobni, deb javob berdi va quyidagi oyatni o‘qidi:
وَالَّذِينَ إِذَا أَنفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَٰلِكَ قَوَامًا
ya’ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).
Demak, barcha sohalarda bo‘lgani kabi iqtisodiy jabhada ham mo‘tadillikka rioya qilish kerak bo‘ladi.
ILOVA: Dafnga oid ba’zi masalalar haqida
ILOVA: O‘tgan haftada “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan “Xadichai Kubro” ayol-qizlar madrasasining 10 nafar talaba qizlariga 27 000 000 (yigirma yetti million) so‘m o‘quv shartnoma puli va 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘mlik diniy-ma’rifiy kitoblar va audio disklar, ayollar kiyimi uchun gazlamalar, shuningdek, Gemotologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida oq qon (leykoz) bemorligidan davolanayotgan 39 nafar bemorga 1 000 000 (bir million) so‘mdan jami 39 000 000 (o‘ttiz to‘qqiz million) so‘m, jami 83 000 000 (sakson uch million) so‘m miqdorida xayriya qilindi.
Alloh taolo barchamizni haloldan kasb qilib, haromdan hazar qilishga, oziga qanoat qilib, ko‘pini o‘zgalar bilan baham ko‘rishga muyassar qilsin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “JINOYATLARNING ASOSI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.
IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.
Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.
Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.
Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati