بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي قال: "وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ"، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي قال: "إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ"، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ، اَمَّا بَعْدُ
DINIMIZDA AYOL QADRI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muqaddas Islom dini kelishidan oldin, johiliyat davrida ayollarning nafaqat huquqlari poymol qilingan, balki ularga inson sifatida emas, bir mato sifatida muomala qilinib, bozorlarda sotilar edi. Er vafot etgach, ayol uning aka-ukalari yohud boshqa merosxo‘rlari tomonidan taqsimlanib olinardi. Qiz bola tug‘ilgan ba’zi oila motam tutar va keyinchalik or-nomusga sabab bo‘lmasin deb, qizini tiriklayin ko‘mib yuborilar edi.
Islom dini kelgandan keyin ayollarning qadri yuksak martabalarga ko‘tarildi. Alloh taolo Qur’oni karimda ayollarga qilinadigan salbiy munosabatlarni qattiq qoraladi va man qildi. Qizlarni yaxshi tarbiya qilganlarga o‘g‘il bolalarni tarbiya qilganlardan ham ko‘p ajrlar va’da qilindi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
"مَنْ وُلِدَتْ لَهُ اِبْنَةٌ فَلَمْ يُئِدْهَا وَلَمْ يُهِنْهَا، وَلَمْ يُؤثِرْ وَلَدَهُ عَلَيْهَا - يَعْنِي الذَّكَرَ - أَدْخَلَهُ اللهُ بِهَا الْجَنَّةَ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ، وَالإِمَامُ الْحَاكِمُ)
ya’ni: “Kimning huzurida bir qiz bola tug‘ilsayu uni tiriklayin ko‘mib yubormasa, kamsitmasa va o‘g‘il farzandini undan ustun qo‘ymagan bo‘lsa, Alloh uni jannatga kiritadi” (Imom Ahmad va Imom Hokim rivoyati).
Islomdan oldin o‘g‘il bolani qiz boladan ustun qo‘yilar edi. Islom esa bolalarga birdek qarashni yo‘lga qo‘ydi, hamda qizlarga e’tibor bilan qarashni jannatga eltuvchi amal deb baholadi.
Yana bir hadisda shunday deyilgan:
"مَنْ كَانَ لَهُ ثَلاَثُ بَنَاتٍ أَوْ ثَلاَثُ أَخَوَاتٍ، أَوْ اِبْنَتَانِ أَوْ أُخْتَانِ، فَأَحْسَنَ صُحْبَتَهُنَّ
وَاتَّقَى اللهَ فِيْهِنَّ فَلَهُ الْجَنَّةُ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Kimning uchta qizi bo‘lsa yoki uchta singlisi bo‘lsa, yoxud ikki qizi, yoki ikki singlisi bo‘lsa, ularga go‘zal munosabatda bo‘lsa va ularning haqqida Allohdan qo‘rqsa, unga jannat berilur” (Imom Termiziy rivoyati).
Albatta, bir yoki ikki qizni axloq-odobli, diyonatli qilib tarbiyalab, voyaga yetkazib, munosib joyga turmushga berish oson ish emas. Odatda kishilar tabiatida o‘g‘il farzandga nisbatan moyillik bo‘lib turadi. Qizlarga bir oz e’tiborsiz bo‘ladi. Shuning uchun ham shariatimiz ko‘rsatmalarida qizlar tarbiyasi uchun qilingan va’dalarga alohida urg‘u berilgan. Bu hadisi sharifdan kishi o‘z qiz farzandlari tarbiyasiga qanchalik savob olgan bo‘lsa, singillari tarbiyasi uchun ham shunchalik savob olishi ma’lum bo‘lmoqda.
Ayol kishi ona sifatida qadrlanadi. Qur’oni karimning bir nechta oyatlarida onani e’zozlashga, uning haqqini ado etishga buyurilganmiz. Rivoyatlarda: “Jannat – onalar oyog‘i ostidadir”, deya ta’kidlangan.
Darhaqiqat, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
أَكْمَلُ المُؤْمِنِينَ إِيْمَانًا أَحْسَنُهُمْ خُلُقًا، وَخِيَارُكُمْ خِيَارُكُمْ لِنِسَائِهِمْ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Mo‘minlarni imon jihatidan komilrog‘i xulqi yaxshirog‘idir. Sizlarning eng yaxshilaringiz – ahli ayoliga yaxshilik qiladiganingizdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Shuni ta’kidlash kerakki, ayol kishi taom, ichimlik, libos va shu kabi boshqa moddiy narsalarga ehtiyojmand bo‘lgani singari, shirin so‘zga, chiroyli tabassumga, go‘zal muomalaga, mehrga muhtojdir. U qalbini zavqlantiradigan, g‘amni ketkazib, hayotni saodatli qiladigan yoqimli hazil-mutoyibaga ham ba’zi moddiy ta’minotlardan ko‘ra ko‘proq ehtiyoj sezadi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollariga go‘zal munosabat va samimiy muomalada bo‘lganlar. Oisha onamiz raziyallohu anho Payg‘ambarimizni sifatlab shunday deganlar: “U zot ayollari bilan xoli qolganlarida eng muloyim, karamli, xushchaqchaq va sertabassum kishi bo‘lar edilar”. Hatto Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Oisha onamiz bilan yugurish musobaqasini o‘tkazganlar. Bu haqda Oisha onamizning o‘zlari shunday deganlar:
تَسَابَقْتُ اَنَا وَرَسُولُ اللهِ فَسَبَقْتُهُ فَلَبِثْنَا حَتَّى إِذَا أَرْهَقَنِي اللَّحْمُ سَابَقَنِي فَسَبَقَنِي فَقَالَ: "هَذِهِ بِتِلْكَ"
رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وأحمد
ya’ni: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan musobaqalashdim. Men U zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng mening go‘shtim og‘irlashganda (ya’ni, semirib, og‘irlashib qolganda) yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “Haligi bilan biru bir”, - dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning zimmalarida islomni yoyish, davlatning ichki holatini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish kabi mas’uliyatlari bor edi. Odatan bu ishlar erkak kishini butunlay mashg‘ul qilib qo‘yadigan narsalardandir. Ul zot bundan tashqari Allohdan vahiy qabul qilardilar, doimiy ibodatlar va boshqa buyuk ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Ammo mana shuncha ishlarga qaramasdan, zimmalaridagi ayollarining haqlarini ham unutmaganlar. Ularni axloqqa chaqirib tarbiyalashni ham, er-xotinlik munosabatlarini ham yoddan chiqarmaganlar.
Har bir er ayoli bilan bo‘ladigan munosabatlarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni o‘ziga namuna qilib olmog‘i zarurdir.
Hakim ibn Muoviya raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamga “Ey Allohning Rasuli, bizda xotinlarimizning nima haqi bor?” deb so‘raganlarida, U zot shunday dedilar:
أَنْ تُطْعِمَهَا إِذَا طَعِمْتَ وَتَكْسُوَهَا إِذَا اكْتَسَيْتَ أَوِ اكْتَسَبْتَ، وَلَا تَضْرِبِ الْوَجْهَ وَلَا تُقَبِّحْ
وَلَا تَهْجُرْ إِلَّا فِي الْبَيْتِ
(رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ)
ya’ni: “Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuziga urmaysan, haqoratlamaysan va bir xonadan boshqa joyda yotog‘ingni alohida qilmaysan” (Imom Abu Dovud va Imom Nasaiy rivoyatlari).
Demak, xotinning erdagi haqlaridan biri – er o‘zining iqtisodiy imkoniyatiga qarab, xotinini oziq-ovqat bilan ta’minlab borishidir. Afsuski, ba’zi erlar ulfatlari bilan ko‘cha-ko‘yda yaxshi va sara taomlarni yeb yuradida, uydagi ayoli va bola-chaqasi esa zo‘rg‘a tirikchiligini o‘tkazadi. Bunday qilish oilaga zulm hisoblanib, farzandlar haqqiga xiyonat bo‘ladi.
Ming afsuski, ba’zi musulmon erkaklar uyda o‘tirib, ayolini pul topish maqsadida begona yurtlarga jo‘natmoqda. Yana ayrim erkaklar, xotinini nafaqa bilan ta’minlamayotgani yetmagandek, “Sen ham pul topsang nima bo‘ladi?”, deb malomat ham qilishmoqda. Bu esa chidab bo‘lmaydigan holdir. Ba’zi erlar esa o‘zga yurtlarga ketib, uzoq vaqt qaramog‘idagilarning nafaqasi va ta’minotidan xabar ham olmay qo‘ymoqda. Bu ham bo‘lsa, eng katta zulm va gunohkorlikdir.
Ayol ila go‘zal muomala qilish, unga nisbatan husni xulqda bo‘lish, undan yetgan ozorni ko‘tarish erkakning zimmasidagi majburiyatlardandir.
Bu haqda Imom G‘azzoliy shunday deganlar:
وَاعْلَمْ أَنَّهُ لَيْسَ حُسْنُ الْخُلْقِ مَعَهَا كَفُّ الْأَذَى عَنْهَا، بَلْ اِحْتِمَالُ الْأَذَى مِنْهَا
ya’ni: “Bilginki, ayolinga ozor berishdan tiyilishing husni xulq emas. Balki, undan yetadigan ozorni ko‘tarishing husni xulqdir”.
Hozirgi kunda shariatdan bexabar ba’zi erlar ayollari bilan munosabatlari buzilsa, “Men endi ayolim bilan yashamayman, uni nafaqa bilan ham ta’minlamayman, talog‘ini ham bermayman”, deydi. Bunda ayol na oilali bo‘lmay, na eridan ajrala olmay, yillab arosatda qolib ketmoqda. Bu haqda Alloh taolo “Baqara” surasida shunday degan:
...وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا...
ya’ni: “...Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o‘ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi, 231-oyat).
Ayollarga bunday zulm qilish shariatimizning barcha ko‘rsatmalariga ziddir.
Shuni unutmasligimiz kerakki, qizlarning ta’lim-tarbiyasi, turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan har bir narsa otaning zimmasidagi farzlardan biridir. Ota bu farzdan faqat qiz turmushga chiqqanidan keyingina forig‘ bo‘ladi. Chunki endi bu farz erning zimmasiga o‘tadi. Otasi yoki eri yo‘q ayolning nafaqasi akasi yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa shaxslarga vojib bo‘ladi. Umuman olganda, Islomda ayol kishi nafaqasiz qolishi mumkin emas.
Yurtimizda ayollarning o‘zlariga yarasha, jismoniy salohiyatiga mos ravishda mehnat va kasb hunarlar bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Ayollar ehtiromi uchun alohida sanalarni “oila yili”, “ayollar yili” kabi nomlar bilan atalib kelishi, ko‘p bolali ayollarni ijtimoiy himoya qilinishi, har yili 8-martni xalqaro xotin qizlar kuni sifatida dam olish kuni deb, e’lon qilingani va hukumatimiz tamonidan o‘tkazilayotgan qator tadbirlarning barchasida ayollarimizga alohida imtiyozlar berilayotgani dinimizning ko‘rsatmalariga hamohangdir.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo‘lishini nasib etsin! Ayol-qizlarimizni shariatimizda ko‘rsatilganidek, e’zozlashimizda Alloh taolo tavfiq bersin! Omin!
ILOVA: Ayrim norasmiy mullalar tomonidan FHDYO guvohnomasisiz nikoh o‘qish va boshqa masalalar haqida
Allox taolo kalomi sharifida ilmning naqadar ulug‘ligi haqida ko‘p oyatlarni nozil qilgan. Jumladan, “Ayting:” Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Mazmunli oyati karimaga nazar tashlansa, mohiyatini tafakkur qilsak, hozir jamiyat hayotida shariat ilm ahli ibodatlarni ato etishda, marosimlarni o‘tkazishda va sof Islom dinimizning ta’limotlarini musulmonlarga to‘g‘ri yetkazishda ularning muhim o‘rinlari bor. Lekin bu o‘ta ma’suliyatli vazifalarni yetarli diniy bilimi yo‘q kishilarning bajarishiga urinishlari mutlaqo to‘g‘ri emas.
Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida “mulla” yoki “domla” deb tanilgan diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan kimsalar faoliyat olib borayotganligi kuzatilmoqda. Ularning tegishli hujjat yoki shaxodatnomasi yo‘q, o‘zini “domla” deb nomlab shar’iy hukmlarni bilmagan, hatto oddiy shar’iy masalalarni ham anglamaydigan hamda tafsir, hadis, fiqxdan xabarsiz kishi qanday qilib mav’iza qilishi yoki shariatdan masala aytishi mumkin? Fiqh ilmlarini bilmagan kishi qanday qilib namoz, ro‘za, zakot, niqoh va taloq kabi nozik masalalar xususida so‘z yuritish yoxud fatvo berishi mumkin? Mo‘min musulmonlar hayotiga taalluqli masalalarga ularning aralashuvi jiddiy muammolar keltirib chiqarishi aniq. Masalan ular yurtimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli manbalardan o‘qigan yoki eshitgan boshqa mazhablarga oid yoki dinimiz ta’limotlariga zid fikrlarni gapirib, musulmonlar o‘rtasida ikkilanishlarni keltirib chiqarmoqda. Ular nikoh shartlarini so‘rab-surishtirmay, tibbiy ko‘rik xulosasi FHDYO bo‘limlari guvohnomasini olmagan, eng achinarlisi, belgilangan nikoh yoshiga ham to‘lmagan yoshlarning nikohini o‘qishi oqibatida turli salbiy holatlarni yuzaga keltirmoqdalar.
Shuningdek, taloq masalasini pala-partish hal etishi natijasida janjallashgan er va xotin o‘rtasini isloh qilish qoidalari buzilmoqda. Aslida bunday nozik masala diyorimizda O‘zbekiston musulmonlar idorasining joylardagi mas’ul vakillari tomonidan hal etilishi lozim bo‘lgan masalalardandir.
Shu kunlarda O‘zbekiston musulmonlar idorasining viloyatlardagi vakillari mazkur “mulla”-“domla”lar bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazmoqdalar. Shoyad shu kabi kamchiliklar kelajakda barham topsa, deb umid qilamiz.
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida
"Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan “Imom al-Buxoriy” va “Hadichai Kubro” o‘quv dargohining kam ta’minlangan talabalari uchun shartnoma to‘lovi va jarrohlik amaliyotini o‘tash, mavsumiy davolanish, dori-darmon va nogironlik aravasi so‘rab murojaat qilgan bemorlarga jami 60 000 000 (otmish million) so‘mdan ortiq mablag‘ yordam tariqasida berildi.
Qilinayotgan xayrli ishlarning davomi sifatida "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan yana bir to‘lov usuli orqali to‘lash imkoniyati yaratildi. Endilikda Siz azizlar tomonidan Paynet tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ldi. O‘zingizga yaqin joyda joylashgan Paynet shahobchalari orqali mablag‘ingizni vaqf qilishingiz, zakotni to‘lashingiz, xayriya aksiyalariga mablag‘ o‘tkazib, ko‘plab ajr-savoblarga ega bo‘lishingiz mumkin.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “YOLG‘ON VA FIRIBGARLIK – OG‘IR GUNOH” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati