Alloh taolo odam bolasini azizu-mukarram qilib yaaratgan va unga O‘zi yaratgan ko‘plab maxluqotlarni beminnat xizmat qildirib qo‘ygan. Bunga Qur’oni karimning ko‘plab oyati karimalari dalolat qiladi.
Jumladan Isro surasida: «Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik va ularni barru-bahrda — quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) chiqarib qo‘ydik hamda ularga halol-pok narsalardan rizqu ro‘z berdik va ularni O‘zimiz yaratgan juda ko‘p jonzotlardan afzal-ustun qilib qo‘ydik»,[1] degan.
Josiya surasida: «U O‘z tomonidan (ya’ni O‘z xohish-irodasi bilan) sizlarga osmonlardagi va Yerdagi barcha narsalarni bo‘yinsundirdi. Albatta bunda tafakkur qiladigai qavm uchun oyat ibratlar bordir»,[2] deb marhamat qilgan bo‘lsa, Tiyn surasida eng go‘zal suratda yaratganini bayon qilagan: «Darhaqiqat Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratdik».[3]
Shu va shu kabi ko‘plab oyatlar har qanday aqlli insonda e’tirof yuzasidan “Nima uchun?” degan savolni paydo qilishi tabiiy.
Bunday hurmat-ehtirom ko‘rsatilishi va ko‘plab maxluqotlardan afzal qilinishi bejizga emas yoki inson o‘z-o‘zidan shunga haqli bo‘lib qolganidan ham emas, balki bular o‘ziga xos mas’uliyat va vazifalarni inson zimmasiga yuklanganini taqozo qiladi.
Demak, inson behudaga emas, balki ma’lum bir vazifalarni bajarshi uchun yaratilgan ekan.
Alloh taolo Zariyat surasining 56-oyatida: «Men jin va insonni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim», deb marhamat qilgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu “Meni tanishlari uchun yaratdim” degan, deb tafsir qilganlar. Demak, insonga aql-zakovat va kerakli barcha imkoniyatlar berilib, buning shukronasiga Allohga ibodat qilishi, ma’siyat (Alloh qaytargan ishlarni) qilmasligi va Allohni tanib, Unga itoat qilish vazifasi yuklangan ekan.
Inson dunyoga kelishidan ko‘zlangan maqsadlarning yana biri imtihon qilinishidir. Alloh odam farzandini O‘ziga itoat qilishga byurgan. Buning evaziga oxiratda abadiy jannatga kiritishini va ko‘z ko‘rmagan hamda quloq eshitmagan ne’matlar bilan mukofotlashini va’da qilgan. Kim Allohga va Uning va’dalariga ishonmasa, nafsu-havosi va shaytonning aytganlariga quloq solib, iymonsizlikda umrini o‘tkazsa, uni abadiy jahannamda jazolashini aytgan.
Baqara surasida: «Va albatta sizlarni xavfu xatar, ochlik, molu jon va meva - chevalarni kamaytirish kabi narsalar bilan imtihon qilamiz. Biror musibat kelganda: «Albatta biz Ollohning ( bandalarimiz) va albatta biz u zotga qaytguvchilarmiz», deydigan sobirlarga xushxabar bering (ey Muhammad)»,[4]deb marhamat qilgan.
Mulk surasining 2-oyatida: «(Ey insonlar, U) sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq-yaxshiroq amal qilguvchi ekanligingizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir», degan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Jahannam shahavotlar (nafsga yoqadigan lazzatlar) bilan o‘ralgan, jannat esa makorih (ya’ni, ko‘rinishda mashaqqatlar) bilan o‘ralgandir», deganlar.[5] Allohning roziligi va oxiratda jannatga olib boradigan ishlar haq va rost ekanini dalillar aniq ko‘rsatishiga qaramay nafsga qiyin va mashaqqatli ko‘rinishi bor narsa ekani, Allohning g‘azabiga va oqibatda jahannamga olib boradigan ishlar nima ekani ma’lum bo‘lishiga qaramay nafsga chiroyli ko‘rinishi hadisda bayon qilinmoqda.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, bizga berilgan imkoniyatlar, hurmat-izzat ko‘rsatilishi, barcha narsalarni xizmatkor qilib bo‘yinsundirilgani va eng go‘zal xilqatda yaratilishimiz shunchaki tabiat qonuni emas, balki olamlar Robbisi bo‘lgan Allohning irodasidir. Alloh biror ishni behikmat qilmaydi. Dunyoni imtihon diyori qilib, bizlarni O‘ziga ibodat va itoat qilishimiz uchun yaratganini unutmasligimiz ayni saodatimizdir, azizlar!
Hoshimov Nuriddin,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
[1] Isro surasi, 70-oyati ma’nolari tarjimasi
[2] Josiya surasi, 13-oyati ma’nolari tarjimasi
[3] Tiyn surasi, 4-oyati ma’nolari tarjimasi
[4] Baqara surasi, 155-156-oyat ma’nolari tarjimasi
[5] Imom Buxoriy rivoyati
حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل: اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.
Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.
U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.
Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.
Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi