Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2026   |   13 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:52
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2026, 13 Muharram, 1448

Anorning shifobaxsh xususiyati

19.02.2019   23887   4 min.
Anorning shifobaxsh xususiyati

Anor qadim zamonlardan shifobaxshligi bilan e’zozlanib, mevalarning sultoni hisoblangan.      Anorning yuzlab turlari mavjud bo‘lib, mevasi tarkibida organik kislotalar, vitaminlar, shuningdek mikroblarni yo‘q qiluvchi moddalar mavjud. Anorning asosan poyasi, shoxi, guli, ildiz po‘stlog‘i va mevasi davo sifatida qo‘llaniladi.

 O‘rta asrda Yevropalik tabiblar anor sharbatidan asablarni tinchlantirishda foydalanganlar.

Xitoy tabobatida anor gullaridan tayyorlangan damlama ichburug‘, tishlarning qimirlab qolishi va tushib ketishiniyu oldini olishda foydalanilgan. Anor gullarining quritilgan kukuni turli jarohatlarga ishlatilgan.

Hind tabibi Buxan anor daraxtining ildizidan lentasimon gijjalarni  yo‘qotishda foydalangan.

XALQ TABOBATIDA:

Qondagi gemoglobin miqdorini oshirish uchun – yarim piyola anor, xom lavlagi, qizil sabzi sharbatiga bir osh qoshiq asal solib aralashtirib nahorga ichiladi.

  • Xafaqon kasalligida – achchiq va nordon anorning suvini teng miqdorda olib, 15 kun 3 mahal 50 grammdan ichiladi.
  • Quvvat bo‘lishi uchun – achchiq anor suvini 10 kun 3 mahal och holda 50 grammdan ichiladi.
  • Ko‘zdagi harorat va kunduzi ko‘rmay qolishlikka – shirin va achchiq anorni suvini asal bilan qo‘shib, bir necha kun oftobga qo‘yiladi.
  • Quvvatlantiruvchi sifatida – anor sharbati radiaktiv moddalar va kompyuter bilan ishlaydiganlarga, operatsiyadan keyin quvvat bo‘lishi uchun tavsiya etiladi.
  • Anginada, stomatitda, gingivit va boshqa og‘iz bo‘shlig‘i xastaliklarida – anor po‘stidan tayyorlangan damlama yoki mevasi sharbati bilan og‘iz chayilsa samarali davolaydi.
  • Homilador ayollarda – anor mevasidan yeyishlari tug‘ilajak bolada yurak xastaliklari, bosh miya nuqsonlarining oldini oladi.
  • Asabiylashishda, xavotir, uyqusizlikda – anor mevasi orasidagi pardani quritib giyohli choyga qo‘shib ichilsa, yordam beradi.

Anorning xosiyatlari

Shirin anor erur ho‘l-sovuq har vaqt

Bu so‘zga tabiblar so‘zidir hujjat

Achchig‘idan safro bo‘lur toru-mor

Undan yomon xiltlar tug‘ilmas zinhor,

Asal bilan qo‘shib agar shirinin

Yaraga surkalsa – yo‘qotar barin,

Charchoq, quloq og‘riq, og‘iz yarasi,

Me’da illati ham ketar barchasi

Achchig‘i siydikni haydaydi ko‘proq,

Mayhushi nazdimda yana yaxshiroq,

Achchig‘i zarardir yesa tomoqqa,

Yo‘tal bo‘lsa – shoshmas el ham yemoqqa,

Achchiq, shirin yana ul mayxush anor,

Hafaqon haydovchi xosiyatga yor.

 

Anor gulining xosiyatlari

Gapirsam anor gulidan – sovuq-

Birinchi o‘rinda, ikkinchi quruq,

Tish milkin doimo qilur mustahkam,

Qon tuflash dardini daf etar har dam

Ichak yarasiga undan naf yetar

Yara-chaqalarni yana daf etar.

 

Shirin anor

Shirin anor suvini shisha ichiga solib,

Qaynab chiqquncha oftob tig‘iga tutgin uni

So‘ng cho‘p bilan ko‘zingga o‘sha suvdan surkasang,

Ko‘z qichishni yo‘qotib, ko‘paytirar nurini.

“Tabobat durdonalaridan”

 

*****

Og‘iz ichra pishgan bir dona anor,

Mingtalab xom suvdan yaxshidir ming bor.

Xusrav Dehlaviy

*****

To‘kdi zahmidin bag‘ir qonini hijron nolishi,

O‘ylakim siqmoq ila el suv oqizgay nordin

Navoiy

*****

 

 

Munira ABUBAKIROVA

Tabobat
Boshqa maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

26.06.2026   12026   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Odamlarga ruhiyating kalitini berma

May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...

U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.

Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...

Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.

Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.

Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.

Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.

Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.

Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.

Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:

— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.

— Ba’zan, dedim.

U esa:

— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.

— Nega? — dedim.

— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.

O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.

Men unga:

— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.

Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:

— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.

Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.

Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.

Hammasini aytib berdim.

Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:

— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?

Men:

— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.

Otam biroz sukut saqlab:

— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.

So‘ng qo‘shimcha qildi:

— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.

Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.

Biz qahvamizni ichishda davom etdik.

Men unga:

— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.

U kishi jilmayib:

— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.

Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:

Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang.

Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:

Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.

U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.

Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.


Davron NURMUHAMMAD