Anor qadim zamonlardan shifobaxshligi bilan e’zozlanib, mevalarning sultoni hisoblangan. Anorning yuzlab turlari mavjud bo‘lib, mevasi tarkibida organik kislotalar, vitaminlar, shuningdek mikroblarni yo‘q qiluvchi moddalar mavjud. Anorning asosan poyasi, shoxi, guli, ildiz po‘stlog‘i va mevasi davo sifatida qo‘llaniladi.
O‘rta asrda Yevropalik tabiblar anor sharbatidan asablarni tinchlantirishda foydalanganlar.
Xitoy tabobatida anor gullaridan tayyorlangan damlama ichburug‘, tishlarning qimirlab qolishi va tushib ketishiniyu oldini olishda foydalanilgan. Anor gullarining quritilgan kukuni turli jarohatlarga ishlatilgan.
Hind tabibi Buxan anor daraxtining ildizidan lentasimon gijjalarni yo‘qotishda foydalangan.
XALQ TABOBATIDA:
Qondagi gemoglobin miqdorini oshirish uchun – yarim piyola anor, xom lavlagi, qizil sabzi sharbatiga bir osh qoshiq asal solib aralashtirib nahorga ichiladi.
Anorning xosiyatlari
Shirin anor erur ho‘l-sovuq har vaqt
Bu so‘zga tabiblar so‘zidir hujjat
Achchig‘idan safro bo‘lur toru-mor
Undan yomon xiltlar tug‘ilmas zinhor,
Asal bilan qo‘shib agar shirinin
Yaraga surkalsa – yo‘qotar barin,
Charchoq, quloq og‘riq, og‘iz yarasi,
Me’da illati ham ketar barchasi
Achchig‘i siydikni haydaydi ko‘proq,
Mayhushi nazdimda yana yaxshiroq,
Achchig‘i zarardir yesa tomoqqa,
Yo‘tal bo‘lsa – shoshmas el ham yemoqqa,
Achchiq, shirin yana ul mayxush anor,
Hafaqon haydovchi xosiyatga yor.
Anor gulining xosiyatlari
Gapirsam anor gulidan – sovuq-
Birinchi o‘rinda, ikkinchi quruq,
Tish milkin doimo qilur mustahkam,
Qon tuflash dardini daf etar har dam
Ichak yarasiga undan naf yetar
Yara-chaqalarni yana daf etar.
Shirin anor
Shirin anor suvini shisha ichiga solib,
Qaynab chiqquncha oftob tig‘iga tutgin uni
So‘ng cho‘p bilan ko‘zingga o‘sha suvdan surkasang,
Ko‘z qichishni yo‘qotib, ko‘paytirar nurini.
“Tabobat durdonalaridan”
*****
Og‘iz ichra pishgan bir dona anor,
Mingtalab xom suvdan yaxshidir ming bor.
Xusrav Dehlaviy
*****
To‘kdi zahmidin bag‘ir qonini hijron nolishi,
O‘ylakim siqmoq ila el suv oqizgay nordin
Navoiy
*****
Munira ABUBAKIROVA
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.