«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga o‘z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi» (Yunus, 12).
«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi…»
Abu Lays Samarqandiy tafsirida: “Agar bandaga kasallik, kambag‘allik va balo kabi yomon ko‘radigan narsalari tegsa, banda yotgan holida ham Allohga iltijo qiladi. Kasali yengilroq bo‘lsa o‘tirgan holida duo qiladi, agar kasalligidan asorati qolgan bo‘lsa, yurib turganda ham duo qiladi”, degan.
Mahmud Zamaxshariy oyat tafsirida: «Bu oyatda duo qiluvchining uch holatini aytib o‘tishdan nima foyda deyilsa, men aytamanki, buning ma’nosi “Zarar ko‘rgan inson toki o‘sha zarari yo‘qolmaguncha Yaratganga duoyu iltijo qilishdan to‘xtamaydi. U bizga har qanaqa holatida ham, tura olmay yotib qolganda, tik tura olmay o‘tirib qolganda yoki tik tura oladi-yu, ammo yurishga toqati yo‘q bo‘lsa va ba’zisi esa to‘shakka “mixlanib” qolib yotganda ham duo qilaveradi. Bu bilan banda o‘ziga yengillik va sog‘liq so‘raydi va musibatni o‘zidan daf qilishga harakat qiladi».
«Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchilarga o‘z qilmishlari ziynatli qilib qo‘yildi».
Faxriddin Roziy tafsirida bunday deyiladi: “Bu oyatda balo, musibat tushganda inson sabrsiz bo‘lishi, rohat-farog‘atda bo‘lganda oz shukr qilishi bayon qilingan. Agar inson boshiga biror tashvish tushsa, uni o‘zidan uzoqlashtirishini, musibatni ne’matga almashtirishini Alloh taolodan so‘rab jiddu jahd bilan turib, o‘tirib, yotib zorlanib duo qiladi. Agar Alloh undan musibatni daf etib omonlik va ofiyat bersa, shukrdan yuz o‘giradi. Boshiga tushgan u musibatni eslamaydi va ne’matlar qadrini bilmaydi. Xuddi boshiga tushgan musibatni ketkazish uchun duo qilmagan insondek bo‘lib oladi. Aqlli inson balo-musibatga sabr qilishi, huzur-halovat va ne’matlarga erishganda shukr qilishi vojib bo‘ladi. Kishi qiyinchilik vaqtida duosi qabul bo‘lishi uchun rohat-farog‘atda bo‘lgan vaqtida ko‘p zorlanishi va duo qilishi kerak.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Xursandchilik kunlarida Allohni tanisang, qiyin kunlarda Alloh seni taniydi”» (Hokim, Naysaburiy).
Abu Dardo (roziyallohu anhu): “Alloh taologa xursandchilik kunlaringda duo qilgin, qiyin kunlaringda qilgan
duoingni qabul qiladi”, dedilar.
Suhayb (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Mo‘min kishining holiga ajablanasan. Alloh unga nimani qazo qilsa, yaxshilik bo‘ladi. Agar unga g‘am yetsa, sabr qiladi, bu unga yaxshilik bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, bu ham unga yaxshilik bo‘ladi. Bu holat mo‘mindan boshqaga bo‘lmaydi”» (Imom Muslim).
Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy,
Mahmud Zamaxshariy, Ibn Kasir,
Olusiy va Qurtubiy tafsirlari asosida
Badriddin SADRIDDIN o‘g‘li
tayyorladi.
O‘tgan solihlardan biri Alloh taoloning ushbu: “...Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang...” (Niso surasi, 43-oyat) oyatini eshitib, bunday dedi: “Qanchadan-qancha namozxonlar borki, ular xamr ichmaganlar, lekin dunyoning mashg‘ulotlari ularni mast qilib qo‘yganidan namozida nima deyayotganini bilmaydi”.
Izoh: Demak, inson nafaqat aroq yoki boshqa mast qiluvchi ichimliklardan, balki dunyoning ko‘plab chalg‘ituvchi, o‘ziga tortuvchi ishlari, tashvishlari va ularni hal qilishga bo‘lgan harakatlar natijasida ham “mast” bo‘lishi mumkin ekan.
Ya’ni, inson shunchalik ko‘p dunyoviy ishlarga sho‘ng‘ib ketadiki, ular uning fikri-yodini egallab oladi va oqibatda u Allohga ibodat qilayotganida ham dunyoni o‘ylayveradi, namozida nima deyayotganini tushunmay qoladi.
Shuningdek, dunyoga bo‘lgan haddan tashqari muhabbat va u bilan band bo‘lish insonning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, natijada ibodatlarning qadri va mohiyati ham yo‘qolib qoladi.
Xuddi mast inson kabi, bunday kishi ham o‘zining holatini to‘liq anglab yetmaydi va ibodatning haqiqiy huzuridan mahrum bo‘ladi.
Eslatma: Qur’oni karimdagi: “Mast holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang..” oyati ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir.
Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda.
Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi.