«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga o‘z qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi» (Yunus, 12).
«Insonga zarar yetganda, yotgan holda, yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi…»
Abu Lays Samarqandiy tafsirida: “Agar bandaga kasallik, kambag‘allik va balo kabi yomon ko‘radigan narsalari tegsa, banda yotgan holida ham Allohga iltijo qiladi. Kasali yengilroq bo‘lsa o‘tirgan holida duo qiladi, agar kasalligidan asorati qolgan bo‘lsa, yurib turganda ham duo qiladi”, degan.
Mahmud Zamaxshariy oyat tafsirida: «Bu oyatda duo qiluvchining uch holatini aytib o‘tishdan nima foyda deyilsa, men aytamanki, buning ma’nosi “Zarar ko‘rgan inson toki o‘sha zarari yo‘qolmaguncha Yaratganga duoyu iltijo qilishdan to‘xtamaydi. U bizga har qanaqa holatida ham, tura olmay yotib qolganda, tik tura olmay o‘tirib qolganda yoki tik tura oladi-yu, ammo yurishga toqati yo‘q bo‘lsa va ba’zisi esa to‘shakka “mixlanib” qolib yotganda ham duo qilaveradi. Bu bilan banda o‘ziga yengillik va sog‘liq so‘raydi va musibatni o‘zidan daf qilishga harakat qiladi».
«Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchilarga o‘z qilmishlari ziynatli qilib qo‘yildi».
Faxriddin Roziy tafsirida bunday deyiladi: “Bu oyatda balo, musibat tushganda inson sabrsiz bo‘lishi, rohat-farog‘atda bo‘lganda oz shukr qilishi bayon qilingan. Agar inson boshiga biror tashvish tushsa, uni o‘zidan uzoqlashtirishini, musibatni ne’matga almashtirishini Alloh taolodan so‘rab jiddu jahd bilan turib, o‘tirib, yotib zorlanib duo qiladi. Agar Alloh undan musibatni daf etib omonlik va ofiyat bersa, shukrdan yuz o‘giradi. Boshiga tushgan u musibatni eslamaydi va ne’matlar qadrini bilmaydi. Xuddi boshiga tushgan musibatni ketkazish uchun duo qilmagan insondek bo‘lib oladi. Aqlli inson balo-musibatga sabr qilishi, huzur-halovat va ne’matlarga erishganda shukr qilishi vojib bo‘ladi. Kishi qiyinchilik vaqtida duosi qabul bo‘lishi uchun rohat-farog‘atda bo‘lgan vaqtida ko‘p zorlanishi va duo qilishi kerak.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Xursandchilik kunlarida Allohni tanisang, qiyin kunlarda Alloh seni taniydi”» (Hokim, Naysaburiy).
Abu Dardo (roziyallohu anhu): “Alloh taologa xursandchilik kunlaringda duo qilgin, qiyin kunlaringda qilgan
duoingni qabul qiladi”, dedilar.
Suhayb (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Mo‘min kishining holiga ajablanasan. Alloh unga nimani qazo qilsa, yaxshilik bo‘ladi. Agar unga g‘am yetsa, sabr qiladi, bu unga yaxshilik bo‘ladi. Agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, bu ham unga yaxshilik bo‘ladi. Bu holat mo‘mindan boshqaga bo‘lmaydi”» (Imom Muslim).
Abu Mansur Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy,
Mahmud Zamaxshariy, Ibn Kasir,
Olusiy va Qurtubiy tafsirlari asosida
Badriddin SADRIDDIN o‘g‘li
tayyorladi.
Yer yuziga eng yaqin bo‘lgan yulduz — Quyosh barcha mavjudotlar, jumladan, insonlar uchun hayotiy muhim sayyoradir. Quyosh barcha organik molekulalar hosil bo‘lishida ishtirok etib, insonlar ham quyosh nurisiz yashay olmaydi.
Quyosh nuri triptofan aminokislotasining serotonin gormoniga aylanishida yordam beradi. U bizga quvonch va o‘zimizga ishonch tuyg‘usini beradi, kayfiyatimizni ko‘taradi. Serotonin kuchli antidepressant bo‘lib, miya, mushaklar va ichki organlar faoliyatini yaxshilaydi.
Quyosh nuri orqali turli kasalliklarga davo topish mumkin, jumladan, immuniteti pasaygan, uyqusizlik, gormonal kasalliklar va mavsumiy affektiv kasalliklarga chalingan odamlar uchun quyoshda toblanish foydali bo‘ladi.
Bundan tashqari, quyosh ultrabinafsha nurlarining yana bir muhim xususiyati mavjud: u teri hujayralarida D vitamini ishlab chiqarishda faol ishtirok etadi.
D vitamini organizmga kalsiyning so‘rilishi uchun zarur element hisoblanadi. U osteoporoz rivojlanishining oldini oladi, suyak to‘qimalarining tiklanishiga yordam beradi va bolalarda suyaklar deformatsiyasi va o‘sish bilan muammolarning oldini oladi.
Quyosh nuri depressiyadan qutqaradi, undan hosil bo‘ladigan D vitamini nafas olish va gormonal kasalliklarning oldini oladi va keksayganda demensiya va ateroskleroz rivojlanishidan himoya qiladi.
Ammo uzoq muddatga quyosh nurlari ostida qolish tanaga zarar yetkazadi.
Quyosh nurlari birinchi navbatda teri va ko‘zlarga ta’sir qiladi. Xususan, yoz faslidagi o‘ta issiq havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshadi va fotodermatit kasalligi yuzaga keladi.
Ortiqcha quyosh nuri immunitetni zaiflashtiradi va teri hujayralarida mutatsiyaga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida teri saratoni — melanoma, retinoblastomaga olib keladi.
Quyosh ostida uzoq qolish homilador ayollar uchun xavflidir. Chunki ortiqcha nurlanish homila rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan B9 vitamini, ya’ni foliy kislotasi miqdorini kamaytiradi.
Oftob nurlarining salbiy ta’sirlaridan yana biri, tomirlarni kengaytirishi va oyoqlarda varikoz, yuzda esa ingichka tomirlarning yorilishidan kelib chiquvchi qizil dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishidir.
Quyosh nurlari keyinchalik terining barvaqt qarishini keltirib chikaradi. Chunki bu nurlar teridagi to‘qimalarni bo‘shashtiradi va u tezda qurishib-burisha boshlaydi.
Har yili quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siridan teri saratoni kasaliga uchrab minglab insonlar hayotdan ko‘z yummoqda.
Yosh bolalar uchun quyoshda yurish yanada xavflidir. Bolalik va yoshlik chog‘ida ko‘p quyoshda qorayganlarda yoshi o‘tgandan keyin teri saratoni kasaliga uchrash ehtimoli ortadi.
Ayniqsa, qorayishni “sog‘lik alomati” deb biluvchilar, bolalik chog‘idayoq keyingi yillarda teri saratoni bo‘lishiga kifoya qiladigan miqdorda quyoshning salbiy ta’sirini olishga ulgurgan bo‘ladilar. Yoz mavsumi tugashi bilan tana rangi ochilishiga qaramay, ultrabinafsha nurlari ta’siri ketmaydi.
Quyoshning zararlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini 14 asr avval bunday ogohlantirganlar: “Oftobda o‘tirmang. Oftobda o‘tirish kishi tanasini buzib, kuritadi. Ya’ni, namligini tortib oladi, terisini buzadi. Terisi qurib, kiyimi ham eskiradi. U inson badanidagi yashiringan kasalliklarni yuzaga chiqaradi”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Albatta, haroratning shiddati jahannamning qaynab chiqqan issig‘idandir”, deganlar.
Shuning uchun, jazirama issiq kunlarda oftob ostida ko‘p qolishdan saqlaning hamda ko‘proq “Allohumma, ajirniy minan-naar” (Allohim, meni do‘zaxdan saqlagin) deb duo qilishni unutmang!
Davron NURMUHAMMAD