بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "تَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ
IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK
(“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”)
Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimizda o‘zaro mehribonlik, saxiylik, qiynalgan kimsaga yordam berish va hojatbarorlik kabi xislatlarga keng targ‘ib qilinadi. Darhaqiqat, inson nafaqat o‘zi haqida o‘ylashi, balki o‘zgalar dardi bilan ham hamnafas bo‘lib yashashi kerak. Chunki, Alloh taolo chin mo‘min-musulmonlarni Qur’oni karimda shunday ta’riflagan:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Yana bir oyati karimada shunday keladi:
وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ
ya’ni: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar...” (Tavba surasi, 71-oyat).
Bu borada Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam ham o‘z ummatlarini sifatlab shunday deganlar:
الْمُؤْمِنُ لِلْمُؤْمِنِ كَالْبُنْيَانِ يَشُدُّ بَعْضُهُ بَعْضًا
رواه الإمام البخاري
ya’ni: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini mustahkam tarzda ushlab turgan bino singaridir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo‘ni-qo‘shni, do‘stu yorlar va turli insonlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Ularning orasida boshiga musibat tushgan, qarzga botgan, og‘ir dardga uchragan va boshqa qiyinchiliklarga duch kelgani bo‘ladi. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ko‘mak berish mo‘minlik vazifasi hisoblanadi.
Bu haqda Shayx Sa’diy Sheroziy rahmatullohi alayh ham “Guliston” kitobida quyidagi ibratli baytni keltirgan:
بَنِیْ آدَمْ أَعْضَائِ یَکْدِیْگَرَنْدْ کِه دَرْ آفَرِیْنَشْ زِیَکْ گَوْهَرَنْدْ
چُو عُضْوِی بَه دَرْدْ آوَرَدْ رُوزْ گَارْ دِگَرْ عُضْوْهَا رَا نَمَانَدْ قَرَارْ
تُو کَزْ مِحْنَتِ دِیْگَرَانْ بِی غَمِی نَشَایَدْ کِه نَامَتْ نِهَنْدْ آدَمِ
ya’ni: Bani odam a’zolari go‘yo bir tandir
Chunki azal yaratilish bir gavhardandir
Qachoniki bir a’zoga og‘riq yetadi
Boshqa hamma a’zolardan tinchlik ketadi
Gar o‘zgalar tashvishi-yu g‘amin yemassan
Odamiylik ismiga xech loyiq emassan.
Imkoniyatimiz bor ekan, iloji boricha o‘zgalarga manfaatimiz tegadigan, va muhtojning hojatini chiqaradigan ishlarni qilib olishimiz kerak bo‘ladi.
Alloh taolo “Munofiqun” surasida shunday degan:
وَأَنْفِقُوا مِنْ مَا رَزَقْنَاكُمْ مِنْ قَبْلِ أَنْ يَأْتِيَ أَحَدَكُمُ الْمَوْتُ فَيَقُولَ رَبِّ لَوْلَا أَخَّرْتَنِي إِلَى أَجَلٍ قَرِيبٍ
فَأَصَّدَّقَ وَأَكُنْ مِنَ الصَّالِحِينَ
ya’ni: “Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelganda: “Ey, Rabbim! Meni ozgina (tirik) qoldirsang-chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” – deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz”! (Munofiqun surasi, 10-oyat).
Kuch-quvvatning borida, molu-dunyoning yetarligida hech narsa xayolga kelmay, sadaqa qilishni esga ham olmay, yurib-yurib, o‘lim elchisi eshik qoqib kelganda Allohga yolborib “Meni ozgina (tirik) qoldirsang-chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!”, degandan foyda yo‘q. Balki yoshlikda, kuch-quvvatning borida ibodatlarni o‘rnida ado etib, xayr-ehsonni qilib, o‘zgalarning hojatini chiqarib solih kimsalardan bo‘lib olish kerak. Ana o‘shanda o‘lim elchisi kelsa, hech narsadan qo‘rqmay, hech narsaga afsus qilmay kutib olinadi. Demak, vaqtida Alloh taolo bergan rizqdan joyini topib infoq qilib qolish kerak. Keyin esa kech bo‘ladi.
Payg‘ambirimiz sallalohu alayhi vasallam boquvchisi yo‘q va miskinlarga yordam bergan kimsa haqida shunday deganlar:
السَّاعِي عَلَى الأَرْمَلَةِ وَالْمَسَاكِينِ كَالْمُجَاهِدِ فِي سَبِيلِ اللَّهِ ، وَكَالَّذِي يَصُومُ النَّهَارَ وَيَقُومُ اللَّيْلَ
ya’ni: “Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kishi xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘ladi)” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Qavmu qarindosh va mahalla ko‘y ichida boquvchisi yo‘q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish ham mo‘minning og‘irini yengil qilishga kiradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ
رواه الإمام الطبراني
ya’ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi)” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Nafaqat moddiy yordam balki, ma’naviy yordamga muhtojlarni ham e’tiborimizdan chetda qoldirmasligimiz kerak. Qavmu qarindosh va mahalla-ko‘y ichida adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan kimsalarga yordam qo‘limizni cho‘zib, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lishimiz lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday dedilar:
مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا
رواه الإمام مسلم
ya’ni: “Kim odamlarni hidoyat yo‘liga chaqirsa, unga o‘ziga ergashganlarning ajrlaricha savob bo‘ladi. Kim odamlarni zalolat yo‘liga chaqirsa, Unga o‘ziga ergashganlarning gunohlaricha gunoh bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati). Yana bir hadislarida shunday dedilar:
وَاللهِ لَأَنْ يَهْدِيَ اللهُ بِكَ رَجُلاً وَاحِداً خَيْرٌ لَكَ مِنْ أَنْ يَكُونَ لَكَ حُمُرُ النعم
رواه الإمام البخاري
ya’ni: “Allohga qasamki, sen tufayli bir kishining hidoyat topishi sen uchun qizil tuyalaring bo‘lishidan yaxshidir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, har birimiz moddiy va ma’naviy ko‘makda bardavom bo‘lsak yuqorida bayon qilingan ulkan savoblarga yerishamiz.
Eng savobli ishlardan yana biri yetimni kafolatiga olishdir. Bunga beriladigan ajru mukofotlar haqida Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar kelgan. Jumladan u zot mashhur hadislarida shunday deganlar:
أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا وَأَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَالْوُسَطَى وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا
رواه الإمام البخاري
ya’ni: “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Muhtaram azizlar! Mav’izamiz davomida Farzandlarning moddiy-ma’naviy ta’minoti otaning zimmasiga vojibligi haqida suhbatlashamiz.
Keyingi paytlarda yetimning boshini silab, savob topish o‘rniga tirik yetimlarni ko‘paytirib o‘z farzandlarini ta’minlamayotgan otalar uchramoqda. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va sag‘ir-sag‘ira farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi!?
Jamiyatda gohida oilalarning buzilishi ham uchrab turadi. Shunda bolalar yo otasiz, yo onasiz o‘sishga majbur bo‘ladi. Xo‘sh, mana shunday holatda bolalarni kim ta’minlashi kerak? Bolani o‘zi bilan olib ketgan onami, yoki boladan ajralgan otami?
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi:
... وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ...
ya’ni: “...Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi, 233-oyat). Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan bo‘lib, oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo‘lsa ham (ya’ni taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni yedirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o‘rinda bolani ta’minlash kerakligi xotinni ta’minlashdan ham ko‘ra ustunroq turadi. Qur’oni karimning boshqa bir oyatida:
...فَإِنْ أَرْضَعْنَ لَكُمْ فَآَتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ...
ya’ni: “...Bas, agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar, u holda ularning haqlarini beringiz!...”, deyilgan (Taloq surasi, 6-oyat). Bu oyatda ham otalarga taloq qilgan xotinlari bolalarini emizgani uchun haq to‘lash buyurilmoqda. “Muxtasarul viqoya” kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo‘lmaydi (ya’ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi.
Afsuski, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar o‘z farzandlari oldidagi otalik burchlarini anglab yetmasdan nafaqat dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilmay gunohkor bo‘lmoqda, balki davlatimizning qonuni oldida ham javobgarlikka tortilmoqda. Natijada zimmalaridagi moddiy ta’minoti pullarini (alimentlarni) majburiy ravishda undirishgacha borilmoqda. Bu esa, farzandlar oldidagi ota-onaning burchlari borasidagi milliy va diniy qadriyatlarimizga e’tiborning sustlashgani farzandlarimizni komil inson sifatida tarbiya qilishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ota mehri va e’tiborisiz nosog‘lom muhitda ulg‘ayayotgan, moliyaviy cheklanganligi tufayli qo‘shimcha ta’lim-tarbiya olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalarimizning soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, hozirgi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash shar’an uning burchidir. Alloh taolo barchamizni o‘z zimmasidagi burchlarni to‘liq bajaruvchi bandalaridan qilsin.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida tayammumga oid ba’zi hukmlarni bayon qilamiz. Tayammum arabcha so‘z bo‘lib, “qasd qilish” degan ma’noni bildiradi. Shariatimizda esa poklanish maqsadida yer jinsidan bo‘lgan pok narsa bilan tahorat qilishni qasd qilib, yuzga va qo‘lga surtishdir. Yer jinsidan bo‘lgan pok narsa deganda - tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahorat va g‘uslning o‘rniga o‘tadi.
Tayammum quyidagicha qilinadi:
Suvdan ojiz bo‘lish turlicha bo‘lishi mumkin:
Suv topishidan umidi bo‘lgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kechiktirib turishi mustahab hisoblanadi.
Tayammumni namoz vaqti kirishidan oldin qilsa ham bo‘ladi. Suv topilguncha, bitta tayammum bilan xohlagancha namoz o‘qish mumkin.
Ikki hayit yoki janoza namozlariga tahorat qilib kelguncha namozga ulgurmaydigan bo‘lsa, janoza egasidan boshqalar tayammum qilib, namoz o‘qishlari mumkin bo‘ladi (“Al-Muxtor”, “Al-ixtiyor”).
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga va yetimlarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “BID’AT VA XUROFOTLARGA BЕRILMAYLIK” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar